Xitoy AQShning Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarini «noqonuniy» deb atadi

Jahon 08:29 / 02.05.2024 5757

«Xitoy tomoni AQShning noqonuniy bir tomonlama sanksiyalariga qat’iy qarshi chiqadi», dedi 1 may, chorshanba kuni Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi matbuot kotibi Lyu Penyuy Xitoy kompaniyalarining Kremlga qarshi joriy qilingan yangi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilishini izohlar ekan. Bu korxonalar, AQSh Moliya vazirligi bayonotiga ko‘ra, «Rossiyaga qurol ishlab chiqarish yoki harbiy dasturlarni amalga oshirish uchun asosiy komponentlarni olishda yordam beradi».

Lyu Penyuyning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy hukumati qonunlar va me’yorlarga muvofiq ikki maqsadli tovarlar eksportini nazorat qiladi, Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik esa Jahon savdo tashkiloti (JST) qoidalari va bozor tamoyillariga mos keladi. 

Vashington tomonidan Ukrainadagi urush uchun Rossiya Federatsiyasiga qarshi joriy qilingan yangi sanksiyalar paketiga Xitoyda va Xitoyning Hongkong ma’muriy mintaqasida ro‘yxatdan o‘tgan 20 ta kompaniya, shuningdek, boshqa besh davlat - BAA, Turkiya, Ozarboyjon, Belgiya va Slovakiya kompaniyalari kiradi. Bundan tashqari, 200 dan ortiq Rossiya kompaniyalari sanksiyalar ro‘yxatida. AQSh Davlat departamenti ham ishlab chiqishda ishtirok etgan jazo choralariga vizani taqiqlash, moliyaviy aktivlarni muzlatish va sanksiyalangan kompaniyalar bilan biznes yuritishni to‘xtatish kiradi. 

Xitoy Ukrainadagi urushda Rossiya uchun muhim komponentlar yetkazib beruvchi hisoblanadi

Xitoy kompaniyalariga qarshi sanksiyalarni asoslab, AQSh g‘aznachiligi ular Rossiya Federatsiyasiga uchuvchisiz uchoqlar ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan - propellerlar, dvigatellar va datchiklar, shuningdek porox va raketa yonilg‘isi uchun zarur bo‘lgan portlovchi moddalarni yaratishda tovarlar eksport qilganiga aniqlik kiritdi. AQSh moliya vaziri Janet Yyellenning aytishicha, yangi cheklovlar Rossiyaning harbiy harakatlarini yanada zaiflashtiradi. 

Avvalroq Vashington Pekinni G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tishda Rossiya mudofaa sanoatini qo‘llab-quvvatlashga yo‘l qo‘yilmasligi haqida bir necha bor ogohlantirgan. Xususan, AQSh davlat kotibi Entoni Blinken 26 aprel kuni Pekinga tashrifi chog‘ida Xitoy tashqi ishlar vaziri Van Iga XXR Rossiyani Ukrainaga qarshi agressiv urushda qo‘llab-quvvatlayotganidan «jiddiy xavotir» bildirdi. 

Xitoy bu masalada betaraf ekanini ta’kidlab keladi va Moskva bilan savdo hamkorligini qonuniy deb ataydi. Pekin g‘arbni «har qanday uchinchi tomon» bu hamkorlikni buzolmasligi haqida ogohlantirmoqda. 

Ko‘proq yangiliklar: