Toshkentdagi noyob Usmon mushafi restavratsiya qilinadi

Jamiyat 21:20 / 02.05.2024 4757

Usmon mushafi (Toshkent Qur’oni) – Qur’oni karimning bugungi kungacha saqlanib qolgan eng qadimiy qo‘lyozmasi hisoblanadi. VII asrda hijoz xatida yozilgan bo‘lib, hozirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi muzey kutubxonasida saqlanadi. 1997 yilda YuNESKO uni “Jahon xotirasi” ro‘yxatiga kiritgan.

Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi xabariga ko‘ra, O‘zbekiston prezidentining topshirig‘iga binoan, bu muqaddas kitobni konservatsiya va restavratsiya qilish rejalashtirilgan.

Loyihada xorijlik mutaxassislar, jumladan Kembrij universitetidan Kristin Ros, fransiyalik restavratorlar Aksel Delo va Korali Barbe, shuningdek, Istanbul qo‘lyozmalar ustaxonasi va arxiv bo‘limi mudiri Nil Baydar ishtirok etmoqda.

Ular har bir sahifani sinchiklab ko‘zdan kechirib, bosqichma-bosqich ta’mirlash rejasini ishlab chiqadi hamda kelgusida muhofaza qilish bo‘yicha tavsiyalar beradi.

“Ushbu ezgu ishga o‘z hissasini qo‘shadigan barchaga minnatdorlik izhor etaman. Birgalikda biz muqaddas qo‘lyozmani kelajak avlod uchun saqlab qola olamiz”, dedi prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva.

Ushbu ezgu amal O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasining qo‘llab-quvvatlovi va nazorati ostida amalga oshirilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: