Nyu-York: Falastin uchun aksiyalarda 300 kishi qo‘lga olindi

Jahon 08:58 / 02.05.2024 1903

Nyu-Yorkdagi universitetlar shaharchasida Falastin uchun tashkil etilgan namoyishlar chog‘ida politsiya 300 ga yaqin kishini hibsga oldi. Bu haqda Nyu-York shahri meri, demokrat Erik Adams chorshanba kuni xabar berdi. Politsiya amaliyotlari orasida namoyishchilar tomonidan egallab olingan Kolumbiya universiteti binosini evakuatsiya qilish va Shahar kollejida operatsiya o‘tkazildi, dedi mer shahar politsiyasi boshlig‘i Edvard Kaban bilan qo‘shma matbuot anjumanida. Qo‘lga olishlar aslida kim talaba ekanligini va kim kampusda bo‘lmasligi kerakligini aniqlash uchun qilingan, deydi rasmiylar. Mer Adams noroziliklarning avj olishida tashqi agitatorlarni aybladi.

Dpa agentligi ta’kidlaganidek, Nyu-York politsiyasi vaziyatga oydinlik kiritilgunga qadar Kolumbiya universiteti binosini to‘liq bo‘shatdi. Qayd etilishicha, namoyishchilar Isroilning G‘azo sektoridagi urushdagi harakatlarini agressiv tarzda tanqid qilgan va falastinliklar bilan birdamlikka chaqirgan. Shuningdek, ular universitetdan Isroil bilan moliyaviy aloqalarni uzishni talab qilishgan. Oq-qora Falastin sharflarini kiygan namoyishchilar derazalarni sindirib, tarixiy Hamilton-hollga kirgan va kirishni stullar hamda stollar bilan to‘sib qo‘ygan, shundan keyin universitet rahbariyati politsiyani chaqirtirdi. 

«Kecha kechqurun Kolumbiya universiteti va Nyu-York Shahar kolleji talabiga binoan politsiya kampuslarga kirib, namoyishchilarni olib chiqib ketdi», dedi Kaban. Uning ta’kidlashicha, qo‘lga olinganlarga noqonuniy kirishdan tortib to o‘g‘irlikkacha bo‘lgan ayblovlar qo‘yilishi mumkin. Keyinroq politsiyaning aniqlik kiritishicha, Shahar kollejida 173 kishi, Kolumbiya universitetida esa 119 kishi hibsga olingan. 

Kaliforniya universitetida namoyishlar

Los-Anjyelesdagi Kaliforniya universiteti (UCLA) hududida Falastin uchun tashkil etilgan aksiya tartibsizliklarga aylanib ketdi. CNN ma’lumotlariga ko‘ra, 1 may, chorshanbaga o‘tar kechasi falastinliklarga xayrixoh namoyishchilar va HAMAS guruhiga qarshi kurashayotgan Isroil tarafdorlari o‘rtasida shiddatli to‘qnashuvlar boshlangan. 

Los-Anjyeles meri vakili X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qilganidek, politsiya rektorning kampusda yordam so‘raganiga darhol reaksiya bildirdi. Politsiya yarim tundan keyin yetib keldi, saf tortdi va hozir bo‘lganlardan universitet hududini tark etishni so‘radi, deb yozadi Los Angeles Times.

Voqealardan bir kun oldin UCLA rektori Jin Blok avvalroq barpo etilgan norozilik lageri xavfi haqida ogohlantirdi. Unda universitet jamoasi a’zolari ham, unga aloqador bo‘lmagan odamlar ham ko‘ringan, dedi u. Rektorning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab namoyishchilar va ularga qarshi bo‘lganlar tinch yurgan, ammo «boshqalarning taktikasi hayratlanarli va uyatli» bo‘lgan. Zo‘ravonlik hodisalari «kampusda ko‘pchilikni, xususan, yahudiy talabalarni qo‘rquv va dahshatga soldi», deb qo‘shimcha qildi Blok.

AQSh universitetlarida Falastin uchun aksiyalarning tizimli tabiati 

Isroilning G‘azo sektorida harbiy amaliyoti boshlanganidan beri AQShdagi ko‘plab universitetlar kampuslarida Isroilga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda. Isroillik talabalar, shuningdek, yahudiylar antisemitizm va namoyishchilarning tahdidlari darajasi oshganidan shikoyat qilyapti. Shu tariqa, Yyel universitetida asli yahudiy bo‘lgan talaba hujumga uchradi, deya xabar bermoqda OAV. Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universiteti ravvini yahudiy talabalarni uyda qolishga chaqirdi. 

So‘nggi haftalarda Falastin tarafdorlari norozilik namoyishlari AQShning ko‘plab nufuzli universitetlariga tarqaldi. Aprel oyida politsiya yuzdan ortiq Falastin tarafdorini Kolumbiya universiteti va Bostondagi Emerson kolleji hududida qo‘lga olgan edi.

Bundan tashqari, 27 aprelga o‘tar kechasi Arizona shtati universiteti hududida yana 69 kishi ushlangan. Bir guruh namoyishchilar 26 aprel kuni kampusda «ruxsatsiz lager» qurdi va tarqalish to‘g‘risidagi takroriy buyruqlarga e’tibor bermadi, deya tushuntirdi shtat rasmiylari. Ularga ko‘ra, namoyishchilarning aksariyati talabalar, o‘qituvchilar yoki ta’lim muassasasi xodimlari emas.

Ko‘proq yangiliklar: