Iyun oyida O‘zbekiston va Turkiya yangi marralarni belgilab oladi - Turkiya vitse-prezidenti

O‘zbekiston 16:59 / 02.05.2024 2079

— 2018 yilda O‘zbekiston va Turkiya prezidentlari ikki mamlakat orasidagi savdo hajmini 5 milliardga yetkazishga kelishib olishgan edi. Ammo, 6 yil o‘tdiki, bu rejalar hali amalga oshmadi, bu borada qanday sabablar va muammolar mavjud?

— Bir tomondan qarasak, xabaringiz bor, 3 milliard oshdi. Bu juda yaxshi natija. Bugungi dunyo juda og‘ir vaziyatni boshdan o‘tkazmoqda. Butun dunyo iqtisodiyoti inqirozni boshdan kechirdi. Xususan, pandemiya butun dunyoga o‘z ta’sirini o‘tkazdi, aholining o‘sishi, mamlakatning savdosiga ta’sir qildi. Shu bilan birga, butun dunyoda bu kabi muammolar mavjud, lekin barchasiga qaramasdan, O‘zbekiston va Turkiya ijobiy yo‘ldan ketmoqda.

O‘tgan yili dunyo aholisi 3 foizga oshgan bo‘lsa, O‘zbekiston aholisi 6 foizga, Turkiya aholisi esa 4,5 foizga oshdi. O‘zbekiston aholisi ham, Turkiya aholisi ham dunyo aholisining o‘sishiga qaraganda yanada tezroq o‘smoqda. Tijoratimiz ham, turizmimiz ham oshib bormoqda. Rejalashtirgan maqsadlarimizga yaqinlashdik, Xudo xohlasa, bu maqsadlarimizga erishib, bundan kattaroq rejalarimizga qarab ildam qadam tashlaymiz.

Xabaringiz bor, iyun oyida yuqori darajali strategik hamkorlik kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. U yerda yangi marralarni belgilashimizga ishonchim komil.

— Bugun prezident bilan ko‘rishdingiz. Nimalar haqida gaplashdingiz?

— Men janob Mirziyoyevni anchadan beri kuzatib kelmoqdaman. Juda kuchli, haqiqatan mamlakati uchun juda katta ishlar qila olgan lider. Erkin bozorga chiqish, tashqi dunyo uchun ochilish, islohotlar, tashkiliy tuzilmalarning rivojlanishi kabi katta ishlarni amalga oshirmoqdalar. Men ham vaqti-vaqti bilan kelib-ketayotganimda o‘zgarishlarni ko‘ryapman. Endi ba’zida ichkarida yashayotganlar ko‘rolmayotgan bo‘lishi mumkin. Tashqaridan kelib ketsangiz, bunday o‘zgarishlarni, rivojlanishlarni yanada yaxshiroq ko‘ra olasiz. Butun O‘zbekiston xuddi bir inshoot kabi – o‘zgarishlar ichida.

Biz nafaqat O‘zbekistondagi rivojlanishlar-u, ikki tomonlama hamkorligimizni, qolaversa, boshqa platformalar – Turkiy davlatlar tashkiloti kabi platformalardagi munosabatlarimizni ham muhokama qildik. Davlat rahbari janob Mirziyoyevning turli masalalardagi fikrlarini eshitish imkoniyatiga ega bo‘ldik. U ba’zi muhim masalalarga e’tibor qaratdi. Bu masalalar bo‘yicha ham [bosh vazir o‘rinbosari] janob Jamshid Qo‘chqorov bilan birga yaqindan shug‘ullanamiz.

— G‘azo masalasiga ham to‘xtalib o‘tsangiz. Falastin kelajagi borasida nima deya olasiz?

— U yerda, shubhasiz, insoniyat dramasi sodir bo‘lmoqda. Hammamizning yuragimizni ezayotgan sahnalarga guvoh bo‘lmoqdamiz. Eng qisqa fursatda o‘sha yerdagi qiynoqlar to‘xtashini umid qilib qolamiz. Birinchi o‘rinda o‘t ochish to‘xtatilishi kerak. Shundan keyin, insoniylikdan chetda bo‘lgan to‘qnashuvlar tugashi kerak deb ishonamiz. Boshqa tomondan, u yerda yashayotgan begunoh aholiga ham tez orada gumanitar yordam yetkazilishi kerak.

O‘t ochish to‘xtab, gumanitar yordam yetkazilgandan keyin ham barqaror bir yechim, barqaror bir tinchlik uchun nima qilish kerak bo‘lsa, amalga oshirilishi kerak. Turkiya gumanitar yordam bo‘yicha birinchilar qatorida, ba’zan birinchi, ba’zan ikkinchi o‘rinda bo‘lmoqdamiz. Har qanday kuchimizni sarflayapmiz, o‘t ochishni to‘xtatish uchun ham har qanday diplomatik harakatlarni amalga oshirmoqdamiz. Tinchlik o‘rnatish jarayoni, barqaror bir yechim jarayoni, siyosiy bir yechim jarayonlari oldinga yursa, bunday paytda kafil bo‘luvchi mamlakat bo‘lish bilan birga, har qanday chora-tadbirlar amalga oshirishga tayyormiz.

Hozir, xabaringiz bor, Xalqaro sudda ham bu mavzu muhokama qilinmoqda, huquqiy jihatdan ko‘rib chiqilmoqda, Isroil davlati boshqaruvi sud ishida ko‘rib chiqilyapti. Turkiya sifatida biz ham u yerdagi da’voga qo‘shilamiz, biz ham bu ishning bir bo‘lagi bo‘lamiz va kuzatib turamiz.

Ko‘proq yangiliklar: