Abbosbek Fayzullayev Rossiyada mavsumning eng yaxshi futbolchisi bo‘lishi mumkin 

Sport 22:05 / 02.05.2024 5087

Rossiya Premiyer Ligasi 2023/2024 mavsumining eng yaxshi futbolchisi bo‘lishga nomzodlarni e’lon qildi. 32 futbolchidan iborat ro‘yxatda O‘zbekiston milliy jamoasi va Moskvaning TsSKA klubi yarimhimoyachisi Abbosbek Fayzullayev ham bor. 

2-13 may kunlari muxlislar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkaziladi. Shundan so‘ng, nomzodlar ro‘yxatida 10 futbolchi qoladi. G‘olib maxsus komissiya tomonidan saralab olinadi. Uning tarkibiga klublar murabbiylari va sardorlari, «Match TV» ekspertlari, mashhur futbolchilar, liga rahbariyati va homiylar vakillari kirgan. Sovrin 26 may kuni topshiriladi. 

O‘tgan mavsumda «Zenit» hujumchisi Malkom Rossiya Premiyer Ligasining eng yaxshi futbolchisi, TsSKA ustozi Vladimir Fedotov eng yaxshi murabbiy bo‘lgan edi. 

20 yoshli Abbosbek Fayzullayev «Paxtakor» klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U 2023 yil avgust oyida TsSKA klubiga o‘tdi. Yarimhimoyachi uchun TsSKA «Paxtakor»ga 500 ming yevro to‘lagani xabar qilindi. Fayzullayevning amaldagi kelishuvi 2025 yilga qadar rasmiylashtirilgan. 

Fayzullayev 2023 yil mart oyida yoshlar o‘rtasidagi Osiyo kubogi U20 turniri qahramonlaridan biriga aylanib, O‘zbekiston U20 jamoasi bilan qit’a chempionligini qo‘lga kiritib, turnirning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Argentinada o‘tgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida 4 o‘yinda maydonga tushib, bitta gol va assist muallifiga aylangandi. 

Shuningdek, Abbosbek Fayzullayev Qatarda o‘tkazilayotgan Osiyo kubogi U23 turnirida O‘zbekiston terma jamoasining Parij-2024 olimpiadasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritishiga munosib hissa qo‘shdi. 

Ko‘proq yangiliklar: