Ukraina Qrimga ATACMS raketalari bilan hujum qildi

Jahon 08:25 / 01.05.2024 9486

Ukraina qo‘shinlari Qrimni AQShdan harbiy yordam sifatida olingan uzoq masofali ATACMS raketalari bilan o‘qqa tutdi. Bu haqda 30 aprel kuni «My vmeste s Rossiyey» harakati raisi Vladimir Rogov ma’lum qildi. Keyinchalik Rossiya Mudofaa vazirligi brifingda Rossiya havo mudofaa tizimlari bir kun ichida oltita ATACMS raketasini urib tushirganini ma’lum qildi. 

Qrimning Rossiya tomonidan tayinlangan rahbari Sergey Aksenov, shuningdek, Simferopol yaqinidagi Donskoye qishlog‘ida «ATACMS raketalari urib tushirilgandan so‘ng, portlamagan o‘q-dorilar tarqalib ketganini» ma’lum qildi. 

ASTRA: uchta harbiy qism va harbiy aerodromga zarba berildi 

ASTRA Telegram-kanali Qrim Favqulodda vaziyatlar vazirligidagi manbaga tayanib, Jankoy harbiy aerodromiga raketa zarbalari berilgani, hujum natijasida besh nafar rossiyalik harbiy jarohatlangani haqida yozmoqda. Bundan tashqari, ATACMS uchta harbiy havo mudofaa bo‘linmasiga - Donskoye qishlog‘ida, shuningdek, Saki va Qora dengiz mintaqalarida hujum qildi. Kamida to‘rt nafar harbiy xizmatchi yaralangani ma’lum. 

Jankoy aerodromiga va Rossiya Federatsiyasining uchta harbiy bo‘linmalariga hujumlar haqida boshqa hech qanday ma’lumot yo‘q. 

AQSh maxfiy ravishda Kiyevga ATACMS raketalarini yetkazib bergan 

24 aprel kuni AQSh Ukraina hududida foydalanish uchun qisqa va uzoq masofali ATACMS raketalarini yetkazib bergani ma’lum bo‘ldi. Avvaliga bir qator Amerika ommaviy axborot vositalari tomonidan tarqatilgan so‘nggi haftalardagi maxfiy yetkazib berish haqidagi ma’lumotni Davlat departamenti vakili Vedant Patel tasdiqladi. «Qo‘shma Shtatlar prezidentning bevosita ko‘rsatmasi bilan Ukrainaga ATACMS uzoq masofali raketalarni yetkazib berganini tasdiqlay olaman», dedi u jurnalistlarga raketalar mart oyidagi yordam paketining bir qismi ekanligini va aprel oyida Ukrainaga yetib kelganini ta’kidlab.

Ko‘proq yangiliklar: