“Vaqtida Navoiydagi maktabga ham olishmagandi” – dunyoning top universitetiga to‘liq grant yutgan yigit

Jamiyat 17:48 / 30.04.2024 18785

Kanadaning Toronto universiteti dunyo miqyosida 21-raqamlisi hisoblanadi. 2024 yil kuzidan boshlab Diyorbek Namozov shu oliygohda to‘liq grant asosida o‘qiy boshlaydi. “Amerikaning oddiy universitetiga ham, reytingi balandiga ham kirdim, ammo menga grant berishmadi. Gransiz esa o‘qiy olmasdim”, – deydi u Kun.uz'ga bergan intervyusida.

Samarqand viloyati Paxtachi tumanida tug‘ilgan Diyorbek Namozov 18 yoshda. U shu yil aprel oyida Kanadada 1-raqamli, dunyoda esa 21-o‘rinda turuvchi Toronto universitetining Kompyuter fanlari va statistika fakultetiga qabul qilindi, hozirda to‘liq grant sohibi.

Diyorbek Kun.uz'ga bergan intervyusida qanday qilib dunyoning TOP reytingidagi oliygoh talabasiga aylangani, atigi 37 nafar xalqaro studentga beriladigan grant mablag‘i hamda qiziqishlari haqida batafsil gapirib berdi.

“Ijarada turganimiz sabab bizni maktabga olishmagan”

Oyim bilan dadam ham Samarqand viloyati Paxtachi tumanida tug‘ilishgan, o‘sha yerda o‘qishgan, katta bo‘lishgan, umrining katta qismi shu viloyatda o‘tgan. Men ham shu yerda tug‘ilganman, lekin 4 yoki 5 yoshimizda sharoit yaxshi bo‘lmagani sabab dadam bizni Navoiy shahriga olib ketgan. Shu joyda maktabga chiqqanmiz, bog‘cha vaqtlarimni to‘g‘risi uncha ko‘p ham eslolmayman, rus bog‘chaga borganman, xohlamaganman. Ruslardan qo‘rqardim, lekin nimagaligini bilmasdim. Qishloqdan kelgan bo‘lganman, boshqacha dunyoga tushib qolganman, qochib ketganman.

Keyin maktabga chiqishim ham qiyin bo‘lgan, chunki ijara turganimiz sabab bizni maktabga olishmagan. Maktab boshlanishiga 2 hafta qolganida hujjatlarimni oyim bilan boshqa maktabga olib borganmiz, shunda u yerda qabul qilishgan. Maktab direktori yaxshi muomalada bo‘lib, o‘zlari kutib olgani sabab maktab juda ham yoqqan. O‘sha vaqtda maktab tizimida 2 xil sinf bo‘lardi: oddiy va ixtisoslashgan. Men oddiy sinfda o‘qiganman, hamma fanlar hammaga bir xil o‘tilgan, lekin 3 ta ixtisoslashgan sinfda matematika, ingliz tili chuqurroq o‘rgatilgan. Men ko‘proq ixtisoslashgan sinfga o‘tishga harakat qilganman, lekin meni olishmagan. Sababini bilmayman.

“Olimpiadalarga qatnashib, 4 yil hech qanday o‘rin ololmaganman”

Birinchi sinfga borishimda imtihon qilib olishgan, harflar va so‘zlarni ko‘rsatishgan. Men bilmasligimni aytganman, chunki rus bog‘chaga borganman, lotincha emas, kirillcha o‘qishni bilardim. Shuning uchun oddiy sinfga olishgan, keyin o‘qishim davom etib ketgan. Maktab vaqtda faqat olimpiadaga qatnashar edim. Matematikaga qiziqar edim, o‘sha vaqtda maktabdagi eng yaxshilaridan edim. Olimpiadalarga qatnashib, 4 yil hech qanday o‘rin ololmaganman. Harakat qilganman, bo‘lmagan. 4-sinfimda o‘rin olganman, lekin eng muvaffaqiyatsiz qatnashgan musobaqam shu bo‘ldi deb o‘ylaganman. Chunki savollar qiyin bo‘lgan, men tushunmagan narsalar ko‘p bo‘lgan. Lekin buni hech kim bilmagan, qandaydir qilib 1-o‘rinni olib qolganman.

Bilmadim, bizda matematikani o‘qitish g‘alati qandaydir. [Repetitorga boradiganlar] maktab dasturini o‘qib chiqishadi, o‘sha vaqtlari 4-sinfligimda 6-sinf matematikasini yechib chiqqanman. Shu bilan bo‘ldi, repetitorga borishni to‘xtatganman. O‘zim qiziqib, internetdan o‘rganishni boshlaganman. Qandaydir videolar ko‘rsam, qiziqib tomosha qilar edim, juda ham o‘qishga ishtiyoqi bor bola bo‘lmaganman.

Biroq iloji boricha hamma fanlardan baholarim 5 bo‘lgan, juda qaysarligim sabab o‘qituvchilar bilan kelishmovchiligim ko‘p bo‘lgan. Asosan shu sabab juda ko‘p fanlardan past baho olar edim. Ya’ni o‘qituvchi bilan qaysidir mavzu ustida tortishib qolardim, past baho qo‘yishardi, menga bu yoqmasdi. Bilim darajasi meniki bilan bir xil bola mendan yuqori baho olardi, men o‘qituvchiga yoqmay qolganim uchun past baho olsam, yanayam ko‘proq tortishardim, bu esa bahomni battar tushirib yuborardi.

“IT yozuvini ko‘rganimda it deb o‘qiganman, tushunmaganman”

Shu bilan Yoshlar ittifoqiga qo‘shilib ketganman, 2 yil Yoshlar ittifoqida yurganman. Navoiy shahar kengashining bosh sardori bo‘lganman. Ular bilan loyihalar qilganmiz, tadbirlarga borganmiz. Shular bilan jamoaviy ishlab qobiliyatim oshgan. Yoshlar ittifoqida yurgan vaqtim, o‘zim bilmagan holda universitetga tayyorlandim deb o‘ylayman. Keyinchalik bu narsani bilganman, ya’ni universitetlar nomzodlar hujjatlarini qabul qilganda, uning akademik tomonidan tashqari, jamoaviy ishlarda qanchalik faolligi, liderlik qobiliyatlariga ham e’tibor beradi. Men o‘sha vaqtlari Yoshlar ittifoqidan o‘rganganman.

Keyinchalik repetitorga borishni boshlaganman, 3 oy o‘qib bo‘lganimdan keyin karantin boshlanib qolgan. Karantin bo‘ldi, mart oyi edi, o‘qituvchilar dars o‘tmaymiz deyishdi, shu bilan ingliz tili to‘xtadi. Mana shu vaqt davomida kompyuter texnologiyalariga qiziqishim ortgan. O‘sha vaqtlarda o‘qituvchilarimiz har xil narsalarning linklarini Telegram guruhlarimizga o‘rganish uchun tashlab turishardi. Shular orasida “One million uzbek coders” veb saytini ham tashlab qolishgan. Men IT yozuvini ko‘rganimda it deb o‘qiganman, nima ekan bu deganman, tushunmaganman. Link ustiga bosib, kirganimda chet ellik odamlarning yuzini ko‘rganman. Shu saytning birinchi bosqich videolarini ko‘rib tugatganman, undan keyin imtihon topshirish kerak bo‘lgan, lekin uni qanday topshirishni bilmaganman, chunki nima o‘rganganimni bilmaganman.

Shundan keyin YouTube’ga kirib IT bo‘yicha qidiruvni bosib, IT videolarini ko‘rib, dasturlash umuman boshqa narsa ekanini tushunganman. YouTube videolarida boshqa narsani o‘rgatishgan, “One million uzbek coders”da o‘rgangan narsam esa umuman boshqa bo‘lgan. “One million uzbek coders” bir oyda o‘qitgan narsani men 1 soatli videoda ko‘rib o‘rganib olganman. Mentorlarga nisbatan simpatiya bo‘lgani, chet elliklarni ko‘rib videoni maza qilib tomosha qilganim sabab tomosha qilganman.

Keyin karantin sekin-asta yumshoqlashishni boshladi va maktabda darslarga ham start berishni boshlashgandi. Shu vaqtda bir o‘rtog‘imning ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lardi. O‘rtog‘im shu ustozni rosa maqtagan, men esa o‘zimnikini maqtaganman, faqat karantin sabab dars berolmayotganini aytganman. O‘rtog‘im ustozini yoniga olib borishni, bir oyda ingliz tilidan grammatikani o‘rganishim mumkinligini aytgan. Amalda grammatikani 6 oyda o‘rganishim kerak bo‘lgani sabab bu taklif menga yoqib tushgan. Men o‘rtog‘imga ustozining darsiga qatnashimni aytganman, undan esa meni shahar kengashida sardor bo‘lishim uchun ovoz berishini so‘raganman. Aslida ikkala vaziyatda ham men yutyapman, lekin o‘rtog‘im ustozining zo‘rligini isbotlash uchun shu shartimga ko‘ngan.

Shu bilan shahar kengashida sardor bo‘lganman, o‘qituvchining ham darsiga qatnashni boshlaganman. Ustoz haqiqatda yoqqan. Ingliz tilidan juda ham ko‘p o‘qituvchilarning darsiga borganman, lekin bu ustoz menga juda ham ma’qul bo‘lgan.

Suhbatning to‘liq shaklini yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin, unda qahramonimiz 40 dan ortiq xorij OTMga hujjat topshirgani, uning yarmidan rad javobi kelgani, AQShga ketish uchun Xitoydan viza qildirmoqchi bo‘lgani-yu, ammo oxirgi daqiqada Kanadadagi universitetdan to‘liq grant yutganini aytib bergan.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.
Tasvirchi Oxunjon Normurodov.
Montaj ustasi Abduqodir To‘lqinov.

Ko‘proq yangiliklar: