O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar e’tirof etilishi mumkin - Kadastr agentligi

O‘zbekiston 18:43 / 30.04.2024 6082

Kadastr agentligi axborot xizmati rahbari Ne’mat Atamuratov brifingda sohaga oid ba’zi savollarga javob berdi. Jumladan, u o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida qonun tayyorlanayotganini ma’lum qildi. 

Atamuratov so‘zlariga ko‘ra, qabul qilinishi kutilayotgan qonunda joyni noqonuniy egallab olib, u yerda qurilish qilayotganlarning ishini oqlash, e’tirof etish nazarda tutilmagan. 

«O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida qonun nazarda tutilyapti. E’tiborli bo‘ling, qabul qilinishi kutilayotgan qonunda joyni noqonuniy egallab olib, u yerda hozir qurilish qilayotganlarning bu ishini oqlash, e’tirof etish nazarda tutilmagan. Aksincha hozir yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab, noqonuniy qurilish qilayotganlar qonunbuzarlik turiga ko‘ra, ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortiladi. Qonunda o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish bo‘yicha ma’lum davrlar belgilangan bo‘lib, ushbu davrlar kosmik suratlar yordamida aniqlanadi», dedi Atamuratov, qonun qachon qabul qilinishi va davrlar qanday bo‘lishiga aniqlik kiritmasdan. 

Atamuratov so‘zlariga ko‘ra, uy-joyni kadastr ro‘yxatidan o‘tkazishni kechiktirgan fuqarolar jarimaga tortiladi. 

«Ko‘chmas mulkka, bino va inshootga bo‘lgan huquqlar vujudga kelganidan keyin bir oy ichida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun murojaat qilinishi lozim. O‘z vaqtida murojaat etmaslik fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari, mansabdor shaxslarga esa 15 baravari miqdorida ma’muriy jarimaga sabab bo‘ladi. Ushbu jarimalarni qo‘llash bo‘yicha Kadastr agentligi vakolatli organ hisoblanadi», dedi u.

Atamuratovning ta’kidlashicha, kadastr idoralarida maqsadsiz foydalanilgan yerlarni olib qo‘yish bo‘yicha sudga murojaat qilish vakolati bor. 

«Yerdan maqsadli foydalanilishi ustidan davlat nazorati Kadastr agentligi tomonidan amalga oshiriladi. Bunda yer uchastkalaridan maqsadsiz foydalanish holatlari aniqlanganda, Yer kodeksining 36-moddasiga muvofiq, ushbu yer uchastkalariga bo‘lgan huquqni bekor qilish bo‘yicha Kadastr agentligi organlari tomonidan sudga murojaat qilinadi. Maqsadsiz foydalanilayotgan yerlarni olib qo‘yish faqatgina sud tartibida hal etiladi», dedi u. 

Atamuratovning ma’lumot berishicha, Jinoyat kodeksining 229-1-moddasiga ko‘ra, sug‘oriladigan yer uchastkalarini, ularda qurilish ishlarini amalga oshirgan holda o‘zboshimchalik bilan egallab olish — bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 2 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilangan. 

Qayd qilinishicha, qurilishi to‘liq yakunlanmagan uyga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish mumkin emas. Binolar va inshootlar davlat kadastriga ma’lumotlar belgilangan tartibda ajratilgan yer uchastkasida ularning qurilishi tugallangandan keyin yoxud qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan tartib va shartlarda ular bo‘yicha bitimlar tuzilgandan keyin hisobga kiritiladi. 

Yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallash bilan bog‘liq huquqbuzarlikni birinchi marta sodir etgan shaxs, agar u o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasining qaytarilishini ta’minlasa va o‘zboshimchalik bilan egallab olishning oqibatlarini bartaraf etsa, javobgarlikdan ozod etiladi. Ammo yer uchastkasini o‘zboshimcha egallab, unda qurilish qilish bilan bog‘liq holat bundan mustasno.

Ko‘proq yangiliklar: