AQShda MXA sobiq xodimi Rossiya foydasiga josuslik qilgani uchun 21 yilga qamaldi

Jahon 13:57 / 30.04.2024 3177

Qo‘shma Shtatlarda Milliy xavfsizlik agentligi (MXA)ning sobiq xodimi Jare Sebastyan Dalke Rossiya razvedkasi xodimiga milliy xavfsizlik haqida maxfiy ma’lumotlarni (National Defence Information, NDI) uzatishga uringani uchun deyarli 22 yil (262 oy) qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda 29 aprel, dushanba kuni AQSh Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Sud hujjatlariga ko‘ra, Dalke 2023 yilda maxfiy, oshkor etilmagan ma’lumotlarni xorijiy agentga uzatishga urinish bo‘yicha oltita ayblovni tan oldi. 

Press-relizda aytilishicha, 2022 yil 6 iyundan 1 iyulgacha erkak MXAda axborot tizimlari xavfsizligi arxitektori sifatida ishlagan. Biroq, Dalke 2022 yil avgustidan sentabrgacha shifrlangan elektron pochta hisobidan uchta maxfiy hujjatdan ko‘chirmalarni Rossiya agenti deb hisoblagan shaxsga yuborish uchun foydalanganini tan oldi. Biroq, u odam Federal tergov byurosi (FTB)ning maxfiy xodimi bo‘lib chiqdi. 

Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘chirma olingan uchta hujjatning barchasida milliy xavfsizlik bo‘yicha maxfiy ma’lumotlar mavjud bo‘lib, ular o‘ta maxfiy/maxfiy ma’lumotlar (SCI) sifatida tasniflangan va Dalke tomonidan MXAda ishlagan vaqtida olingan.

Taxminan 2022 yil 26 avgustda Dalke o‘zida mavjud bo‘lgan barcha ma’lumotlar uchun 85 000 dollar so‘ragan. FTBning maxfiy agenti bilan gaplashar ekan, u Vashingtondagi ofisiga qaytib kelganida yangi ma’lumotlar bilan bo‘lishishga va’da bergan. 

Denverdagi poyezd stansiyasida maxfiy ma’lumotlarni topshirish 

Dalke o‘zida bo‘lgan qo‘shimcha maxfiy ma’lumotlarni Denver markazidagi Union Station stansiyasida ehtimoliy rus agentiga topshirish haqida kelishib olgan. AQSh Adliya vazirligi bayonotida aytilishicha, noutbuk va FTBning maxfiy xodimidan olgan ko‘rsatmalaridan foydalanib, erkak unga beshta faylni bergan, ulardan to‘rttasida milliy xavfsizlik bo‘yicha o‘ta maxfiy ma’lumotlar mavjud bo‘lgan.

Oxirgi fayl rus tilida va kirill alifbosida yozilgan «Do‘stlarim!» degan so‘zlar bilan boshlangan xat edi. Maktubda shunday deyilgan: «Nihoyat, sizga ushbu ma’lumotni taqdim etishdan juda mamnunman... Do‘stligimiz o‘zaro manfaatli bo‘lishini intiqlik bilan kutaman. Agar kerakli hujjatlarni topish kerak bo‘lsa, menga xabar bering, men buni bosh ofisimga qaytganimda amalga oshirishga harakat qilaman». 

FTB Dalkeni 2023 yil 28 sentabrda, bu fayllarni topshirganidan bir necha daqiqa o‘tib hibsga oldi. «Ushbu hukm mamlakatimizga xiyonat qilishga uringanlar o‘z jinoyati uchun javob berishini ko‘rsatadi», — dedi bosh prokuror Merrik Garlend. 

Ko‘proq yangiliklar: