Toshkent shahar hokimi: “Bog‘ning menejeri davlat bo‘lishi noto‘g‘ri”

O‘zbekiston 12:53 / 27.04.2024 9586

Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqov ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘layotgan masala – Abdulla Qodiriy va “Do‘stlik” bog‘lari xususiy tadbirkorga 49 yilga ijaraga berilgani yuzasidan izoh berdi. U Gazeta.uz muxbirining bu haqdagi savoliga javob bergan.

“Nima deb o‘ylaysiz, 1 kv metr yashillikni yaxshi ushlab turish uchun qancha xarajat qilish kerak? Men sizga aytaman, 20 dollardan 50 dollargacha sarflanadi oyiga. Davlatni qancha puli bor? Kecha gullar, daraxtlar va yashillik xarajati uchun 8 milliardlik [qarorga] qo‘l qo‘ydim. Sizlar yozdinglar va to‘g‘ri yozdinglar, buni berkitadigan joyi yo‘q”, – dedi poytaxt hokimi.

“Biz [bog‘larni] ijaraga berganimiz bilan mana G‘afur G‘ulomni qanaqa chiroyli joy qilib qo‘ygan. Hozir boringlar, [Abdulla Qodiriy va Do‘stlik] bog‘lar[ining ahvoli] yaxshimas. Bog‘ning menejeri davlat bo‘lishi noto‘g‘ri. Butun dunyoda shunaqa. U yerga qo‘shimcha daraxt ektiramiz, katta attraksionlar qo‘yilmaydi, talablar hammasi qo‘yilgan. Nega unga berdinglar desanglar uni qilib qo‘ygan ishini ko‘rdim. Man nima qilaman tajriba qilib”, – dedi Umrzoqov.

Jurnalistning aslida qonunchilik bo‘yicha tender bo‘lishi kerakligini aytganida hokim “Men tender qildim”, deya javob berdi.

“Men shuni lozim topdim, men tanladim. Bir narsani tushunishimiz kerak, kv metri 20−50 dollar deyapman. Davlat qanday qilib [bu xarajatni] ko‘taradi? Bu xalqni puli... Avvalo, har bir parkda qilinayotgan ish bamaslahat qilinadi”, – dedi Shavkat Umurzoqov.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent hokimi Shavkat Umurzoqov 26 martdagi qarori bilan Do‘stlik (sobiq Bobur) parkini 49 yilga G‘afur G‘ulom parkini rekonstruksiya qilgan BPM Smart Decision Management kompaniyasiga ijaraga bergan.

19 aprel kuni Abdulla Qodiriy bog‘ida jurnalistlar bilan uchrashgan kompaniya rasmiylariga ko‘ra, investor har bitta bog‘ uchun kamida 10 million dollardan investitsiya kiritish majburiyatini olgan.

Bog‘ni ijaraga berish haqidagi qaror jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmagan edi. Bu ma’lum bo‘lgach, qator faollar bog‘larni pul ishlaydigan maskanga aylantirish noto‘g‘ri ekani, ularni ijtimoiy ahamiyatga ega obektlar sifatida davlat moliyalashtirishi kerakligini ta’kidlab chiqdi.

“Adolat” va Ekologiya partiyalari poytaxt hokimligini bunday qarorlarni qabul qilishdan oldin jamoatchilik bilan ochiq muhokama qilishga chaqirdi.

Ko‘proq yangiliklar: