O‘zbekistondagi o‘rtacha maoshlar ma’lum qilindi

Iqtisodiyot 18:18 / 27.04.2024 25698

2024 yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi o‘rtacha oylik nominal ish haqi 4 mln 920 ming so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati 19,2 foizni tashkil qilgan. Bu haqda Statistika agentligi ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, hisobotni tuzishda mudofaa, ichki ishlar, bojxona, DXX, prokuratura va sud tizimlaridagi maoshlar, shuningdek, kichik tadbirkorlik sub’yektlarida va qishloq xo‘jaligi sohasida ishlovchilarning maoshlari kiritilmagan.

Hududlar kesimida o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori miqdori Toshkent shahri (8 mln 117 ming), Navoiy (6 mln 500 ming) va Toshkent viloyatida (4 mln 764 ming) qayd etilgan.

Eng kam maoshlar esa Surxondaryo (3 mln 543 ming), Qashqadaryo (3 mln 594 ming) va Namangan (3 mln 642 ming) viloyatlarida qayd etilgan.

Hisobot davrida faqatgina ikkita ma’muriy hududda – Toshkent shahri va Navoiy viloyatida nominal ish haqining darajasi respublikadagi o‘rtacha darajadan yuqori bo‘lib, qolgan barcha hududlarda bu ko‘rsatkich respublika darajasidan turli miqdorda past shakllangan.

2024 yilning yanvar-mart oylarida hududlar bo‘yicha o‘rtacha oylik nominal ish haqining eng yuqori o‘sish sur’atlari Andijon viloyatida (25,2 foiz) Toshkent shahrida (22,3 foiz), Farg‘ona (21,5 foiz), Navoiy (18,8 foiz) hamda Jizzax viloyatlarida (18,2 foiz) kuzatilgan.

Maoshlar oshgani ortidan, hududlar kesimidagi farqlanish kuchayib bormoqda. Masalan, 2020 yilda eng boy va eng kambag‘al hududlardagi (Toshkent/Surxondaryo) o‘rtacha ish haqidagi farq 74 foiz, 2021 yilda 85 foiz, 2022 yilda 2 barobar, 2023 yilda 2,1 barobar bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 2,3 barobarga yetgan.

2023 yilda o‘rtacha oylik ish haqini hisoblashda 3 mln 91,9 ming xodimning ma’lumotlaridan foydalanilgan. Shundan 38,5 foizi ta’lim, 18,1 foizi sanoat, 16,9 foizi sog‘liqni saqlash sohasi vakillari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

2024 yilning birinchi choragi yakunlari bo‘yicha sohalar kesimida eng yuqori o‘rtacha oylik ish haqi miqdori:

  • bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik faoliyatida– 13,2 million so‘m;
  • axborot va aloqa sohasida –11,7 mln so‘m;
  • tashish va saqlash sohasida – 7,3 mln so‘m;
  • sanoat sohasida – 6,1 mln so‘m;
  • savdo sohasida – 5,6 mln so‘m;
  • qurilish sohasida – 5,3 mln so‘m;
  • yashash va ovqatlanish xizmatlari sohasida – 4,2 mln so‘m;
  • san’at, ko‘ngil ochish va dam olish sohasida – 3,9 mln so‘m;
  • ta’lim sohasida – 3,4 mln so‘m;
  • sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida – 3,2 mln so‘m.

Individual sohalar o‘zaro taqqoslansa, ish haqining tarmoqlar kesimidagi tengsizligi ortib borayotganini ko‘rish mumkin. Xususan, 2020-2024 yillarning mos davri oralig‘ida bank va sug‘urta faoliyatida band bo‘lgan xodimlarning oylik maoshi 2,44 barobarga ( 5,4 mln so‘mdan 13,2 mln so‘mga) oshgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich sog‘liqni saqlash sohasida 79 foizni(1,8 mln so‘mdan 3,2 mln so‘mga), ta’lim sohasida 67 foizni(1,8 mln so‘mdan 3,4 mln so‘mga) tashkil etgan.

Ko‘proq yangiliklar: