“Uch tirrancha bir buyuk san’atkorni loyga chaplayapti” – Ozodbek Nazarbekov Qodirov va Jo‘rayevlar mojarosi haqida

Jamiyat 16:09 / 24.04.2024 72841

Xonanda Botir Qodirov otalikni belgilash yuzasidan sudga da’vo arizasini kiritgani haqidagi xabarlarga Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov o‘z munosabatini bildirdi. Uning aytishicha, marhumning tiriklik vaqtida ham, olamdan o‘tganidan keyin ham uni muhokamaga qo‘yishga na Botir Qodirovning va na Shohjahon, Zohirshoh Jo‘rayevning haqi bor.  

“Bu gapni Jo‘rayevlarga, Zohirga ham aytdim. Xullas, nima bo‘lganda ham uch tirrancha bir buyuk odamni muhokamaga qo‘yib, o‘limidan oldin ham qiliqlari bilan qancha muhokamalarga sabab bo‘lib, endi o‘tganidan keyin shu insonga nisbatan [harakatlarning takrorlanishiga] birontangning haqqing yo‘q edi. 

Nima bo‘lgan taqdirda ham, bir buyuk odamni uch tirrancha o‘zining nafsi, maqsadi yo‘lida loy bilan qorishtirishi, har xil sabablar bo‘lishi... Bu masalada mening uchalasiga ham e’tirozim bor. Men uchun [Sherali Jo‘rayev] ustoz o‘zbek millatining ma’naviy boyligi, butun xonanda zotining ustozi, o‘zbek xalqining qahramoni sifatida bu odam bunday ishlarga loyiq emasdi”, – deydi u. 

Shuningdek, vazir Jo‘rayevlarga bunday masalalarda ehtiyot bo‘lish kerakligini tushuntirganini aytgan. 

“Bular qilib turgan ishlar... Bular hozir ehtiyot bo‘lishi kerak: qiladigan ishim, aytadigan gapim, qilgan xatti-harakatim otamga “minus” bo‘lmaydimi deb. Hammasiga aytyapman, hali senlar obro‘ topib, bir narsani qoyillatganlaring yo‘q. 

Otang uchun hurmat qilyapti [Jo‘rayevlar nazarda tutilyapti], kim hurmat qilayotgan bo‘lsa, otangning ortidan. Shundan foydalanib turib, u odamning loyga chaplanishiga sabab bo‘lishi kerak bo‘lsa, bu mavzuning qo‘zg‘alishida tabiiyki, uchala yigitning ham ulushi bor. Bu odam bunday ishlarga loyiq emasdi, shuning uchun men bunga qarshiman”, – degan u. 

Bundan tashqari, izohining so‘ngida Nazarbekov Botir Qodirovning otasi kim ekaniga oid ma’lumotlarni bilmasligini ta’kidlagan.

Ko‘proq yangiliklar: