Toshkent Kimyo xalqaro universiteti ISO 9001:2015 sifat menejmenti tizimining muvofiqlik sertifikatini yangiladi

O‘zbekiston 17:20 / 24.04.2024 1444

Joriy yil 16 aprel kuni Toshkent Kimyo xalqaro universitetida ISO 9001:2015 sifat menejmenti tizimining muvofiqlik sertifikatini tantanali topshirish bo‘yicha tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda universitet professor-o‘qituvchilari hamda ISO 9001 sifat menejmenti tizimi standarti bo‘yicha sertifikatlashtirish organi xodimlari ishtirok etdi.

ISO 9001 sertifikati nima?

ISO 9001 sifat menejmenti tizimi dunyo miqyosida qabul qilingan xalqaro standart bo‘lib, u nafaqat mijozlarning talab-ehtiyojlarini qondirishga, balki tashkilot oldida turgan strategik biznes-vazifalarni hal qilishga ham yo‘naltirilgan. Sertifikatlashtirish jarayonida xizmat ko‘rsatish sohasidagi risklar va imkoniyatlarni baholash, boshqaruv jarayonidagi xato-kamchiliklarni bartaraf etish va oldini olish imkoni yaratiladi.

 

Ushbu sertifikatga ega bo‘lish oldidan Toshkent Kimyo xalqaro universitetida akkreditatsiya bo‘yicha Birlashgan qirollikdagi yagona milliy organ hisoblangan Buyuk Britaniyaning UKAS – Birlashgan qirollik akkreditatsiya xizmati tomonidan akkreditatsiyalangan, dunyoning 30 dan ortiq mamlakatlarida o‘z idoralariga ega bo‘lgan URS Certification – Sertifikatlashtirish mustaqil organining O‘zbekistondagi rasmiy hamkori “Russkiy Registr – Srednaya Azia” OAJ sertifikatlashtirish organi mutaxassislari tomonidan tashqi audit o‘tkazildi. UKAS va URS sertifikatlari muvofiqlikni baholash, xususan, sertifikatlash, sinov, inspeksiya, kalibrovka va verifikatsiya kabi xizmatlarni taqdim etuvchi tashkilotlarning milliy va xalqaro standartlarga muvofiqligini baholash uchun tan olingan sertifikatlardir. Audit natijalariga ko‘ra, “Toshkent Kimyo xalqaro universiteti” OAJ ISO 9001:2015 sifat menejmenti tizimi xalqaro standarti talablariga javob berishi tasdiqlandi.

Xalqaro darajada tan olinish va bitiruvchilar uchun yorqin kelajak

Davolash ishi va stomatologiya yo‘nalishlari rahbari Jobir Ahmedov sertifikatga ega bo‘lishning afzalliklari haqida ma’lumot berdi:

“Bu sertifikatni olish uchun xalqaro darajadagi talablari bor. Bular dunyoning yetakchi universitetlari oldiga qo‘yilgan talablar hisoblanadi. Bunda universitet faoliyatining har bir bosqichi alohida ekspertlar guruhi tomonidan o‘rganib chiqiladi.

ISO 9001 sertifikati – ta’lim sifatiga berilgan baho deb aytishimiz mumkin. Bugun davlat va xususiy oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida ijobiy raqobat paydo bo‘ldi. Bunda ta’lim sifati juda katta ahamiyatga ega. Shunday sertifikatning borligi esa universitetning katta imiji hisoblanadi. Chunki sertifikatga ega bo‘lgan universitetda o‘qish istagini bildirgan talabalar soni ko‘payadi. Nafaqat o‘zimizda, balki xorijda ham buni istaydigan abituriyentlar soni ortadi.

Shuningdek, bu bizning bitiruvchilar uchun ham kelajakda ish bilan ta’minlanishida ahamiyatli. Ish beruvchi uchun universitetning xalqaro standartlarga javob berishi ijobiy imij taqdim etadi. Xalqaro reytinglar parametrlarida ta’lim sifatini belgilovchi sertifikatlar qatorida ushbu sertifikat ham bor”, dedi u.

Toshkent Kimyo xalqaro universiteti dastlab Toshkent shahridagi Yodju texnika instituti nomi bilan respublikada birinchi nodavlat oliy ta’lim muassasasi sifatida o‘z faoliyatini boshlagan va 2020 yilda respublikadagi nodavlat oliy ta’lim muassasalari orasida birinchilardan bo‘lib ISO 9001:2015 xalqaro standarti sertifikatini qo‘lga kiritgan. Bugungi kunda ushbu muassasa universitet maqomiga ega bo‘lib, 37 ta bakalavriat yo‘nalishlari va 22 ta magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha ta’lim berib kelmoqda. Bugungi tadbirda tashqi auditorlar tomonidan xalqaro va milliy sertifikatlarning taqdim etilishi ushbu muassasada boshqaruv tizimi va ta’lim sifati xalqaro standart talablariga javob berishidan dalolat beradi.

Imij, reyting, raqobat...

ISO 9001:2015 sertifikatining mavjudligi universitet uchun quyidagi afzalliklarni beradi:

- Universitet imiji va reytingi oshadi, raqobat bozoridagi o‘rni yaxshilanadi va yangi bozorlarga chiqishi ta’minlanadi;

- mijozlar va hamkorlarning universitetga bo‘lgan ishonchi oshadi, tashqi muhit o‘zgarishlariga tezkor javob berish imkoni yaratiladi;

- intellektual, texnik va iqtisodiy hamkorlik aloqalari mustahkamlanadi, o‘zaro tan olish imkoniyatlari kengayadi;

- boshqaruv tizimi samaradorligini oshirish, faoliyatga oid kamchiliklarni aniqlash va holatni yaxshilash imkonini beradi;

- Universitetda ta’lim sifatini oshirish va o‘quv jarayonlarini xalqaro ta’lim standartlari asosida tashkil etish imkonini beradi;

- ichki ish samaradorligini oshiradi, personalning ta’lim sifatini oshirishga bo‘lgan mas’uliyatini kuchaytiradi;

- biznes-jarayonlarni to‘g‘ri rejalashtirish va amalga oshirish talablarini ta’minlash imkoniyatini yaratadi.

Eng asosiysi, ISO 9001:2015 sertifikati universitetning faoliyati sifat menejmenti tizimining xalqaro standartlarga muvofiqligini bildiradi hamda barcha darajalardagi boshqaruv apparatiga sifatni oshirish yuzasidan katta mas’uliyatni yuklaydi. Toshkent Kimyo xalqaro universiteti o‘z mijozlari va hamkorlarining ishonchini oqlashga, xizmat ko‘rsatish sohasida raqobatbardosh bo‘lishga, ta’lim sifatini yanada oshirishga astoydil bel bog‘lagan.

Eslatib o‘tamiz, ayni paytda KUIT’da yangi o‘quv yili uchun qabul jarayonlari boshlangan va abituriyentlar 28 ta yo‘nalishda kunduzgi, kechki hamda sirtqi ta’lim shakllari uchun hujjat topshirishmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: