Shaxmat bo‘yicha jahon chempioni Garri Kasparov Rossiyada sirtdan hibsga olindi 

Jahon 22:15 / 24.04.2024 7612

Rossiyaning Siktivkar shahri sudi shaxmatchi Garri Kasparovni «terrorchilik hamjamiyatini» tashkil etish, «terrorchilik faoliyatini» moliyalashtirish va terrorizmga ommaviy chaqiriqlarda ayblab, sirtdan hibsga oldi. 

U bilan birga Rossiya Davlat Dumasi sobiq deputati Gennadiy Gudkov, faol Yevgeniya Chirikova va «Solidarnost» harakatining sobiq ijrochi direktori Ivan Tyutrin ham xuddi shu ayblovlar bilan sirtdan hibsga olingan. Ayblovning syujyeti va tafsilotlari ma’lum emas. 

Garri Kasparov 60 yoshda. 1985 yilda Anatoliy Karpovni mag‘lub etib, jahonning o‘n uchinchi chempioni bo‘lgan. Butunjahon shaxmat olimpiadalarining 8 karra g‘olibi. 

2016 yilda Litvada yashovchi Kasparov «Forum svobodnoy Rossii» harakati asoschilaridan biri bo‘ldi. Ukrainaga qarshi urush boshlanganidan beri tashkilot urushga qarshi konferensiyalar o‘tkazib, unga Rossiya muxolifatining turli vakillarini taklif qilmoqda. 

2022 yil may oyida Rossiya Adliya vazirligi Kasparovni «chet el agenti» deb e’lon qildi. 2023 yil 1 fevralda Bosh prokuratura «Forum svobodnoy Rossii» harakatini «nomaqbul» tashkilot deb e’lon qildi. 

2024 yil mart oyida «Rosfinmonitoring» tashkiloti Kasparovni «terrorchilar va ekstremistlar» ro‘yxatiga kiritgan edi. 

Garri Kasparov Rossiya va Xorvatiya fuqaroligiga ega. 

Ko‘proq yangiliklar: