“Sahrodagi avangard”: Florensiya va Venetsiyada O‘zbekiston ko‘rgazmalari ochildi

Jamiyat 15:14 / 24.04.2024 9185

16 aprel kuni Florensiya shahrida joylashgan Palazzo Pitti saroyidagi Uffitsi galereyasida “O‘zbekiston: Sahrodagi avangard” yirik ko‘rgazmasining "Nur va rang" nomli birinchi qismi ochildi.

Ko‘rgazmada Markaziy Osiyoning XX asrga oid badiiy asarlari namoyish etildi. Ushbu ekspozitsiya tomoshabinlar e’tiborini XX asrning birinchi yarmiga oid rus sharqshunos-ijodkorlari va milliy san’at maktabi vakillari asarlarida aks etgan Markaziy Osiyoning badiiy qiyofasiga qaratadi.

Ko‘rgazmaga tashrif buyuruvchilar badiiy andozalarning vizual almashuvidan bahra olibgina qolmay, modern bilan Markaziy Osiyo xalqlari ijodi o‘rtasidagi qiziqarli muloqotga ham guvoh bo‘lishlari edi.

Ushbu ko‘rgazma eshiklari tashrif buyuruvchilar uchun 2024 yil 30 iyunga qadar ochiq bo‘ladi.

17 aprel kuni Venetsiyadagi nufuzli Ka Foskari universitetida “O‘zbekiston: Sahrodagi avangard” ko‘rgazmasining “Shakl va ramz” nomli ikkinchi qismi ochildi.

Ushbu ko‘rgazmaga tashrif buyuruvchilar avangard ustalarining asarlari, arxiv suratlari va multimedia obektlari orqali madaniy boylik hamda avant-garde oriyentalis rivojlanish bosqichlari bilan tanishish, shuningdek, madaniy merosni saqlab qolishda Igor Savitskiyning roliga baho berish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

“Shakl va ramz” ko‘rgazmasi Markaziy Osiyo san’atida avangardning o‘rni haqida tasavvur uyg‘otadi. Ushbu ekspozitsiya 2024 yil 29 sentabrga qadar namoyish etiladi.

2024 yil 18 aprel kuni Venetsiya biyennalesida ikkinchi marotaba O‘zbekiston pavilioni ochildi. Unda Saida Mirziyoyeva ham qatnashdi.

“Bu yil biz an’analar bilan texnologiyalar o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida hikoya qiluvchi "Don’t Miss the Cue" ko‘rgazmasini taqdim etmoqdamiz. Ushbu loyiha o‘zbek ayolining madaniy va tarixiy ildizlarini an’anaviy hunarmandchilik mahsuli bo‘lgan to‘qimachilik, liboslar orqali anglashga yordam beradi. Meni bu noyob loyiha chindan hayratga soldi. Venetsiya biyennalesida namoyish etilayotgan ko‘rgazmamiz texnologiyalar hamda an’anaviy hunarmandchilik uyg‘unligida sharq ayoli qalbini anglashga yordam beradi. “Palazzo Franchetti” saroyida bo‘lib o‘tayotgan “Your ghoss are mine” ko‘rgazmasiga taklif uchun Sheyxa Al-Mayassa xonimga samimiy minnatdorlik bildiraman. Ko‘rgazma menda katta taassurot qoldirdi”, – dedi ko‘rgazmalar haqida Saida Mirziyova.

Ma’lum qilinishicha, Italiyaning bir nechta shahrida o‘tkazilgan turli ko‘rgazmalar italiyaliklarni hayratlantira olgan va ularda ijobiy taassurot qoldirgan.

Ko‘proq yangiliklar: