Ekologiya vazirligi dam olish maskanlariga borayotgan fuqarolarni atrof-muhitni ifloslantirmaslikka chaqirdi

O‘zbekiston 10:39 / 24.04.2024 2743

Ayni damda kunlar isib, fuqarolarning shahar chekkalarida, ochiq hududlarda dam olish holatlari ko‘paymoqda. Bu esa, o‘z navbatida, ayrim ko‘ngilsiz holatlarga sabab bo‘lmoqda, ya’ni dam olish maskanlarida chiqindilarni tashlab ketish, Qizil kitobga kiritilgan o‘simliklarni uzish, olov yoqish, atrof-muhitni ifloslantirish holatlari ko‘paymoqda.

Shu munosabat bilan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi dam olishga chiqqan fuqarolarni quyidagilarga amal qilishga chaqirdi:

— hosil bo‘lgan maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish;
— kul va yonuvchi moddalarni o‘chirish;
— yashil zonalarda o‘simliklarni payhon qilmaslik;
— Qizil kitobga kiritilgan o‘simliklar, jumladan, lolalarni noqonuniy termaslik;
— yovvoyi hayvonlarga duch kelganda ortiqcha harakat qilmaslik, ularga ozor bermaslik.

Yuqoridagi kabi holatlar kuzatilsa, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan jazo choralari qo‘llanadi.

Dam olish maskanlarida turli ekologik huquqbuzarlik holatlariga duch kelinsa, bu haqda Ekologiya vazirligi (71 207-11-07), Ichki ishlar organlari yoki Milliy gvardiyaga murojaat qilish lozim. 

Ko‘proq yangiliklar: