Yamagata universiteti mutaxassislari o‘zbekistonlik tadbirkorlarni o‘qitadi

O‘zbekiston 15:59 / 23.04.2024 2136

12-18 aprel kunlari Yaponiyaning Yamagata universiteti delegatsiyasi hamda Kichik biznesni rivojlantirish jamg‘armasi xodimlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Buxoro viloyatlarida bo‘lib, mahalliy tadbirkorlar ishtirokida o‘quv seminari o‘tkazishdi.

Shuningdek, “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturi ishtirokchisi bo‘lgan, o‘quv kurslarini tugatib maxsus sertifikat asosida imtiyozli bank xizmatlaridan foydalanayotgan tadbirkorlar faoliyati bilan bevosita korxonalarning o‘zida tanishuv tashkil etildi.

Tadbirkorlik faoliyatini ko‘zdan kechirgan yapon olimlari biznesni to‘g‘ri tashkil etish va rivojlantirish yuzasidan tavsiyalar berdi.

Shundan keyin Toshkentda, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bu tashrif yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Yamagata universitetining tadbirkorlikka o‘qitish ilmiy-innovatsion markazi direktori, NeC va Lenovo kompaniyalarining sobiq vitse-prezidenti professor Tadashi Onodera loyiha haqida so‘zlab, viloyatlarga tashrifdan olgan taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston prezidentining 2023 yil 14 sentabrdagi “Kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institutsional qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida, “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturini amalga oshirish va uni doimiy ravishda takomillashtirib borish belgilangan.

Dasturga asosan, biznes ko‘nikmalarini shakllantirish yo‘nalishidagi qisqa va o‘rta muddatli amaliy o‘quv kurslari bank qoshidagi Kichik biznesni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan hududlarda tashkil etilgan 14 ta Kichik biznesga ko‘maklashish markazlarida olib boriladi.

Prezident tashabbusi bilan tadbirkorlarni o‘qitish jarayoniga Yaponiya tajribasini tatbiq etish va bu borada Yaponiya ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga e’tibor qaratilmoqda.

Joriy yilning 7 mart kuni Tokio shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston–Yaponiya biznes forumi davomida imzolangan shartnoma ham aynan shu maqsadga qaratilgan. Kelishuvga muvofiq, 10 ming nafar o‘zbek tadbirkori Yaponiya tajribasi asosida o‘qitiladi, biznes ko‘nikmalarini rivojlantirish, biznes-rejani ishlab chiqish, loyihalarni moliyalashtirish manbalarini topish kabi yo‘nalishlarda o‘qitiladi.

Shuningdek, yaponiyalik mutaxassislar ko‘magida mahalliy kadrlar orasidan mentorlar tayyorlanadi. Zero kelgusida Kichik biznesni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tadbirkorlarni o‘qitish ishlari mahalliy mentorlar yordamida tashkil etilishi rejalanmoqda.

1949 yilda tashkil etilgan Yamagata universiteti jahondagi eng yaxshi 600 ta universitet qatoriga kiradi, 18 mamlakatdagi 48 ta universitet va institutlar bilan hamkorlik qiladi, professor olimlari AQShning Kremniy vodiysidagi nufuzli kompaniyalar, Lenovo, Mitsui kabi korporatsiyalarning boshqaruv a’zolari hisoblanadi.

Shokir Sharipov,
Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: