Kiyev xorijda erkaklar uchun konsullik xizmatlarini bekor qiladi

Jahon 10:27 / 23.04.2024 1173

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi mamlakatning barcha konsulliklariga xorijda bo‘lgan 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan erkak fuqarolarga konsullik xizmatlari ko‘rsatishni vaqtincha to‘xtatib turishni topshirdi. Bu haqda Ukrainaning «Zerkalo nedeli» nashri 22 aprel, dushanba kuni Ukraina tashqi ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari Andrey Sibiganing tahririyatga tushgan xatiga tayanib xabar berdi. 23 apreldan boshlab barcha konsullik xizmatlari, Ukrainaga qaytish uchun hujjatlarni rasmiylashtirishdan tashqari, ishlamaydi, deyiladi xatda. Hozircha Ukraina rasmiylari bu ma’lumotni rasmiy tasdiqlagani yo‘q. 

Konsullik xizmatlaridan foydalanishni cheklash «Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi davom etayotgan qurolli hujumi» munosabati bilan va Ukraina fuqarolarining «harbiy ro‘yxatga olish masalasini hal qilish mas’uliyatidan» qochishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun kiritilmoqda, deyiladi xatda. Tashqi ishlar vazirligining buyrug‘i may oyidan kuchga kiradigan safarbarlikni kuchaytirish to‘g‘risidagi qonun qo‘llanishi bo‘yicha «qo‘shimcha tushuntirishlar olinmaguncha» amal qiladi. 

Ukrainada safarbarlikni kuchaytirish to‘g‘risidagi qonun 

11 aprel kuni Ukraina Oliy radasi safarbarlikni kuchaytirish to‘g‘risidagi munozarali qonun loyihasini ikkinchi va yakuniy o‘qishda qabul qildi. Hujjatni yoqlab 450 nafar deputatdan 283 nafari ovoz berdi. Besh kundan keyin qonunni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy imzoladi. 

Harbiy xizmatga majbur bo‘lgan Ukrainaning barcha fuqarolari qonun matni e’lon qilinganidan keyin 60 kun ichida harbiy ro‘yxatga olish ma’lumotlarini yangilashlari kerak. Bu hududiy shakllantirish markazida (HShM) yoki shaxsiy elektron kabinet orqali amalga oshirilishi mumkin. 

Ko‘proq yangiliklar: