Germaniyalik yevrodeputatning xodimi Xitoy foydasiga josuslikda gumon qilinmoqda

Jahon 13:59 / 23.04.2024 1574

Drezdenda «Germaniya uchun muqobil» (GuM) o‘ng qanot populistik partiyasi a’zolaridan birining xodimi Xitoy foydasiga josuslik qilganlikda gumonlanib qo‘lga olindi. Bu haqda Germaniya OAV 23 aprel, seshanba kuni manbalarga tayanib xabar berdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, gumonlanuvchi - 43 yoshli Tsyan G. - GuMdan yevrodeputat Maksimilian Kra jamoasida ishlaydi. Kraning rasmiy veb-saytida «akkreditatsiyadan o‘tgan yordamchi» sifatida ko‘rsatilgan Tsyan G. kecha tunda jinoiy ishlar bo‘yicha bo‘lim xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. U noqonuniy razvedka faoliyatida, jumladan xitoylik muxolifatchilar ustidan josuslik qilishda va Germaniya parlamenti ishi haqida Pekinga ma’lumot uzatishda gumon qilinmoqda. 

O‘z navbatida, Germaniya bosh prokurori Tsyan G. «Xitoy razvedka xizmati xodimi» ekanligini va shu yilning yanvar oyida «Yevropa parlamentida bo‘lib o‘tgan muzokaralar va qarorlar haqidagi ma’lumotlarni o‘z mijoziga razvedka agentliklaridan uzatganini» ma’lum qildi. 

GuM vakili Tsyan G.ning qo‘lga olingani haqidagi xabarlarni «juda xavotirli» deb atadi. 

Ehtimoliy ikki tomonlama agent 

Nemis ommaviy axborot vositalarining xabarlariga ko‘ra, Tsyan G. taxminan o‘n yil oldin nemis rasmiylariga frilanser informator sifatida o‘z xizmatlarini taklif qilgan, biroq ular hamkorlik qilishdan bosh tortgan, chunki uni ishonchsiz, shuningdek, Xitoy uchun ishlaydigan ikki tomonlama agent deb hisoblashgan. 

Kecha Dyusseldorf va Bad-Xomburgda josuslikda gumon qilingan xitoylik ikki shaxs hibsga olinganidan so‘ng, bu so‘nggi 24 soat ichida Germaniyada Xitoy ta’siriga qarshi ikkinchi operatsiya bo‘ldi. Tsyan G. va boshqa ikki ehtimoliy josuslarning ishlari bir-biriga aloqador emas.

Ko‘proq yangiliklar: