Germaniyada teraktlar va hujumlar xavfi ortib borayotgani ma’lum qilindi

Jahon 12:34 / 23.04.2024 2315

Davom etayotgan xalqaro inqirozlar fonida Germaniyada terroristik hujumlar xavfi va antisemitizm kuchaymoqda. Konstitutsiyani himoya qilish federal idorasi (BfV) 22 aprel, dushanba kuni Yaqin Sharqdagi mojaro kuchayishi va Rossiya Federatsiyasining go‘yoki diversiyani rejalashtirayotgan harakatlari tufayli mamlakatdagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat keskinlashgani haqida ogohlantirdi. 

«Ichkarida va xorijda buzg‘unchi kuchlar demokratiyamiz va davlatimizni beqarorlashtirish uchun faol harakat qilmoqda, bunda ular barcha vositalarni qo‘llayapti: josuslik va kiberhujumlar, ta’sirni kuchaytirish va dezinformatsiya, sabotaj, shuningdek, davlat terrorizmi», - deya ma’lum qildi Germaniya razvedka xizmati rahbari Tomas Xaldenvang idorasi tomonidan xalqaro inqirozlarning xavfsizlikka ta’siri bo‘yicha tashkil etilgan simpoziumda. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro inqirozlar Germaniyaga bevosita ta’sir qiladi. BfV hozirda turli sohalarda shunday ko‘p sonli hodisalar bilan shug‘ullanmoqdaki, bu «ko‘p yillar davomida boshqarma tarixida kuzatilmagan», dedi kontrrazvedka xizmati rahbari. 

Davlatlar tomonidan diversiya tahdidi sezilarli darajada oshdi 

Razvedka xizmati xorijiy davlatlar tomonidan diversiyalar xavfini «sezilarli darajada oshgan» deb baholaydi. Xoldenvangning fikricha, Rossiya Ukrainaga qarshi urush borishiga munosabat sifatida Germaniyada qo‘poruvchilik harakatlari sodir etishi mumkin. 

U Yevroparlamentga saylovlar va Germaniyaning ayrim federal yerlarida mintaqaviy saylovlar arafasida Rossiya ovoz berish natijalariga ta’sir o‘tkazishga harakat qilishini istisno etmadi. Shu bilan birga, u jamiyatni parchalashga va o‘ng qanotdagi kuchlarni kuchaytirishga intilyapti. BfV rahbari o‘tgan haftada Germaniyaning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashiga qarshi diversiya uchun potensial nishonlarni qidirishda gumon qilinayotgan asli kelib chiqish rossiyalik bo‘lgan ikki nemisning qo‘lga olinganiga ishora qildi. 

Bavariyada qo‘poruvchilikka tayyorgarlik ko‘rishda gumonlanganlar ushlandi 

17 aprel kuni Bayroyt politsiyasi Rossiya maxsus xizmatlari ko‘rsatmasi asosida Germaniyada qo‘poruvchilikka tayyorgarlik ko‘rishda gumon qilingan ikki kishini qo‘lga oldi. Ushlanganlar AQShning Germaniyadagi harbiy obektlarini kuzatgan va harbiy maqsadlarda foydalaniladigan transport yo‘llariga hujum sodir etishga tayyorgarlik ko‘rgan, deya ta’kidlaydi Der Spiegel jurnali va ARD media-kompaniyasi. Germaniya bosh prokurorining so‘zlariga ko‘ra, ish bo‘yicha ayblanuvchilar, xususan, «Germaniyaning Ukrainaga ko‘rsatayotgan harbiy yordamiga putur yetkazmoqchi bo‘lgan». 

Ertasi kuni Rossiyaning Germaniyadagi elchisi Sergey Nechayev Germaniya tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi. Diplomatga bunday xatti-harakatlardan tiyilish kerakligi aniq aytildi, dedi idora vakili. O‘z navbatida, Rossiya tomoni ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni buzishga qaratilgan «provokatsiya» to‘g‘risida ma’lum qildi va «Rossiyaga qarshi har qanday nodo‘stona harakatlar oqibatsiz qolmasligini» bildirdi. 

Ko‘proq yangiliklar: