Yevrokengash Rossiya va Belarusdan qishloq xo‘jaligi tovarlariga bojlarni tasdiqladi

Jahon 09:46 / 19.04.2024 2371

Yevropa kengashi 18 aprel, payshanba kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan maxsus sammitida YeI kengashi va Yevropa komissiyasini Yevropa Ittifoqiga Rossiya va Belarus qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importining ayrim turlariga qo‘shimcha bojlar joriy etish bo‘yicha ishlarni davom ettirishga chaqirdi. Bu haqda Yevropa kengashi va YeI kengashi saytida e’lon qilingan sammitning yakuniy hujjatida aytiladi. Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi va unga a’zo davlatlar rahbarlari «bu ushbu tovarlarning rivojlanayotgan mamlakatlarga tranzitiga ta’sir qilmasligini» ta’minlash kerakligini ta’kidladi.

22 mart kuni Yevrokomissiya Rossiya va Belarusdan g‘alla, yog‘ mahsulotlari, bug‘doy, makkajo‘xori va kungaboqarni Yevropa Ittifoqiga import qilish bo‘yicha bojlarni oshirish taklifini kiritdi. «Bu Rossiya donining Yevropa Ittifoqi bozorini ushbu mahsulotlar uchun beqarorlashtirishiga yo‘l qo‘ymaydi, Rossiyaning ushbu mahsulotlarni YeIga eksport qilishdan tushgan daromaddan foydalanishiga imkon bermaydi va o‘g‘irlangan Ukraina donining Rossiyadan noqonuniy eksporti Yevropa Ittifoqi bozoriga kirmasligini ta’minlaydi», dedi Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen 21 mart kuni Yevropa kengashi yig‘ilishidan keyin.

Yevroittifoq fermerlari bozordagi beqarorlik xavfidan xavotirda 

Bryussel ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi fermerlar hamjamiyati Rossiya don mahsulotlarining potensial sezilarli darajada ko‘payishi natijasida Yevropa Ittifoqi bozorining beqarorlashuvi xavfi haqida tashvish bildirdi. «Rossiyaning dunyodagi yetakchi don eksportchisi sifatidagi roli va oziq-ovqat eksportidan geosiyosiy vosita sifatida foydalanishga tayyorligini ko‘rsatdi», deyiladi Yevropa komissiyasi veb-saytida. 

2023 yilda Rossiya Yevropa Ittifoqiga qariyb 1,3 milliard yevrolik mahsulot eksport qildi. Yevropa Ittifoqi tariflari Rossiya iqtisodi hamda harbiy mashinasini yana bir foyda manbasidan mahrum qiladi, deya ma’lumot berdi Bryussel.

Tarifni oshirish Rossiya Federatsiyasi bilan yaqin aloqalarini hisobga olgan holda Belarusga ham tegishli. «Bundan tashqari, yangi chorani Belarusga qo‘llash orqali Yevropa Ittifoqi Rossiyaga Belarusdan yangi tariflarni chetlab o‘tish va o‘z tovarlarini YeI bozoriga jo‘natish uchun foydalanishga ruxsat bermaydi», - deya ma’lum qildi Yevrokomissiya.

Ushbu taklif endi Yevropa Ittifoqi kengashi tomonidan ko‘rib chiqiladi va u qabul qilingandan so‘ng darhol kuchga kiradi.

Ko‘proq yangiliklar: