Toshkentda tantanali harbiy marsh o‘tkaziladi

O‘zbekiston 18:54 / 19.04.2024 9498

20 aprel kuni Toshkent shahrining asosiy ko‘chalarida Mudofaa vazirligi qo‘shinlari harbiy bo‘linmalarining tantanali piyoda yurishi tashkil etiladi. Bu haqda Mudofaa vazirligi xabar berdi. 

Qayd qilinishicha, tadbir «aholida Vatan himoyachilariga nisbatan faxr va iftixor tuyg‘ularini oshirish, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash» maqsadida o‘tkaziladi. 

Qurolli Kuchlar akademiyasi (Mustaqillik ko‘chasi) – Amir Temur xiyoboni – Respublika travmatologiya va ortopediya ilmiy tadqiqot instituti (Temiryo‘lchilar ko‘chasi) – Toshkent markaziy EKO bog‘i («EKO» park, Maxtumquli ko‘chasi) – Toshkent Markaziy bog‘i (Hamidulla Oripov ko‘chasi) – Qurolli Kuchlar akademiyasi yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanish davomida harbiy xizmatchilarning bo‘linma tarkibida, orkestr sadolari ostida, saf qo‘shiqlarini ijro qilgan holda tantanali piyoda yurishi rejalashtirilgan. 

Amir Temur xiyoboni hamda Respublika travmatologiya va ortopediya ilmiy tadqiqot instituti hududi maydonida harbiy xizmatchilarning qo‘l jangi va Faxriy qorovul jamoasining ko‘rgazmali chiqishlari, bo‘linmaning jangovar chaqirig‘i, harbiy orkestrning defile namoyishlari ijro etiladi. 

Harbiy bo‘linmalarning tantanali ravishdagi piyoda yurishi soat 12:00 da Qurolli Kuchlar akademiyasi asosiy darvozasidan boshlanadi.

Ko‘proq yangiliklar: