Sartarosh mijozning sochini uning xohishiga zid tarzda kalga olib tashladi

O‘zbekiston 11:10 / 19.04.2024 33030

Ijtimoiy tarmoqlarda mijozni kamsitib, uning sochini kalga olib tashlagan sartarosh videosi tarqaldi. Uning ushbu harakati tarmoq kuzatuvchilarining keskin e’tiroziga sabab bo‘ldi. Holat Toshkent viloyati Toshkent tumani (Keles shaharchasi)da bo‘lgani aytilmoqda.

Sartarosh mijozni soch va soqolini kalta qilishni birdaniga aytmaganlikda ayblagan.

“Hammamiz odammiz, men senga tushuntirdim: soqolimni to‘g‘irla deding, to‘g‘irladimmi? Kokilimni kesing deding, kesdimmi? Sochimni siyraklating deyapsan, siyraklatyapman. Hammasini bittada aytib qo‘ymaysanmi? Men pastdan chimayman, tepadan tushib kelaman”, degan sartarosh. Mijoz yigit bunga javoban uzr so‘ragan.

Sartarosh mijozning qayerda ishlashini ham so‘ragan. Yigit bu so‘rovga javoban bobosining qo‘lida ishlashini aytgan. Shundan so‘ng sartarosh uning sochini kalga olib tashlagan. Mijoz esa uning bu harakatidan norozi bo‘lgan.

“Nima qilasan? Nima bo‘ladi endi? Kimni chaqirasan, buvingni chaqirasanmi? Mana, videoga olyapti, hamma narsam bor, kimga aytasan? “Uchastkavoy”ga aytasanmi? Sudga aytasanmi? “Melisa” keladimi oldimga? Tushuntiryapmanmi senga? Yana nima qilib beray, ukam? Adashsang ayb menda emas-ku. Nega sen adashasan-u, men javob berishim kerak? Shuni to‘g‘ri tushuntirsang, pulingni ham olmayman”, degan sartarosh mijoz bilan suhbatda.

Sartaroshning harakatlari qonunga muvofiqmi?

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasiga haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari (6 mln 800 ming)dan 40 baravari (13 mln 600 ming so‘m)gacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Sartaroshning mijozga nisbatan xatti-harakatlari kodeksning mazkur moddasi bilan malakalanishi mumkin. Ammo buning uchun jabrlanuvchi, ya’ni sochi kalga olib tashlangan mijozning ichki ishlar organiga arizasi kerak bo‘ladi.

Shuningdek, Jinoyat kodeksining 140-moddasi 2-qismiga ko‘ra, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirish orqali haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini beodoblik bilan qasddan tahqirlash bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravaridan (68 mln so‘m) 400 baravarigacha (136 mln so‘m) miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yildan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari jazosiga sabab bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: