Sartarosh 10 sutkaga qamaldi

Jamiyat 19:47 / 19.04.2024 18578

Toshkent tumanida mijozning sochini uning xohishiga zid tarzda kalga olib tashlagan sartarosh hamda holatni tasvirga olgan tengdoshining harakatlariga huquqiy baho berildi. Bu haqda Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i matbuot kotibi Bobur To‘laganov xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, sartaroshning harakatlari ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, e’tirozlarga sabab bo‘lgach u va holatni tasvirga olgan tengdoshi IIBga chaqirilib, profilaktik suhbat o‘tkazilgan.

“Holat shu vaqtning o‘zida IIBB tomonidan o‘rganildi. Aniqlanishicha, mazkur voqea 2022 yilning oktyabr oyida sodir bo‘lib, bugungi kunga qadar ichki ishlar organlariga murojaat yoki shikoyat arizasi kelib tushmagan.

Hozirda sartaroshlik bilan shug‘ullanuvchi 34 yoshli shaxs va voqeani videotasvirga olgan uning tengdoshi tuman IIBga olib kelinib, profilaktik suhbat o‘tkazildi hamda tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi”, deya ta’kidlagan Bobur To‘laganov.

Qo‘shimcha qilinishicha, bugun jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent tumani sudida sud majlisi o‘tkazilgan. Sud qarori bilan sartaroshga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasiga (mayda bezorilik) asosan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. Jarayonni videotasvirga olgan fuqaroga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 46-2-moddasi (shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish)ga ko‘ra jarima jazosi qo‘llangan.

Toshkent tumanida sartaroshlik faoliyati bilan shug‘ullanadigan fuqaro Ma’murjon Turg‘unov mijozning sochini uning xohishiga zid tarzda kalga olib tashlagan. Holatni esa tengdoshi videotasvirga olgan. Video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketgach, sartarosh qilgan ishidan pushaymon ekanini aytib, uzr so‘rab chiqdi.  

Ko‘proq yangiliklar: