Fuqarolarni xorijiy davlatlarda ishlashga maqsadli tayyorlash markazi tashkil etiladi 

O‘zbekiston 11:44 / 19.04.2024 1929

“Yoshlarni kasbga (mutaxassislikka) va chet tillariga o‘qitish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarori qabul qilindi.

Fuqarolarni (yoshlarni) chet tillariga o‘qitish va xorijiy davlatlarda ishlashga maqsadli tayyorlash markazi tashkil etiladi.

Professional ta’lim muassasalarida ta’lim oluvchilarni kasb (mutaxassislik) va chet tillariga o‘qitish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etiladi Xorijda ishlash istagi bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarini ish beruvchilar tomonidan tanlab olish jarayonlarini tashkil etish markazning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.

O‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan bitiruvchilarga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi hujjat beriladi.

O‘quv kurslarida kadrlarni tayyorlash bir yilgacha bo‘lgan ta’lim dasturlariga muvofiq to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

O‘quv kurslari doirasida ta’lim oluvchilar ingliz, nemis, yapon, koreys, arab va boshqa talab yuqori bo‘lgan chet tillariga o‘qitiladi.

Professional ta’lim muassasalariga jalb etilgan ta’lim oluvchilar chet tilini mustaqil ravishda o‘rganib, xalqaro yoki unga tenglashtirilgan sertifikatni taqdim etgan taqdirda, ta’lim oluvchi tomonidan chet tilini o‘qish uchun sarflangan xarajatlarning 50 foizi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan oshmagan qismi davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

Bunda, xorijiy davlatga ishga jalb qilinadigan fuqarolar uchun chet tili bo‘yicha kamida B2 darajadagi, Ausbildung (dual ta’lim shakli) asosida xorijga ketadigan fuqarolar uchun nemis tili bo‘yicha kamida B1 darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatni olish talab etiladi.

O‘quv kurslariga jalb qilingan pedagog kadrlarga faoliyat samaradorligidan kelib chiqib, har oy oylik maoshining 100 foizigacha miqdorda ustama to‘lanadi.

Ko‘proq yangiliklar: