AQSh Falastinning BMTga a’zoligi haqidagi rezolyutsiyani blokladi

Jahon 08:45 / 19.04.2024 4734

Qo‘shma Shtatlar BMT Xavfsizlik kengashining Bosh assambleyaga Falastin davlatini jahon tashkilotiga to‘liq a’zo sifatida qabul qilishni tavsiya etuvchi rezolyutsiya loyihasiga veto qo‘ydi. 18 aprel, payshanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Xavfsizlik kengashining 12 a’zosi, jumladan, Rossiya va Xitoy Jazoir taklif qilgan hujjatni qabul qilish uchun ovoz berdi. Britaniya va Shveytsariya betaraf qoldi, faqat AQSh qarshi chiqdi.

«Qo‘shma Shtatlar ikki davlat qarorini qat’iy qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda. Bu ovoz berish Falastin davlatchiligiga qarshilikni aks ettirmaydi, balki bu faqat tomonlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar orqali amalga oshirilishini tan oladi», dedi AQShning BMTdagi doimiy vakili o‘rinbosari Robert Vud. 

FMM rahbari AQShning BMT XKdagi vetosini adolatsiz deb atadi

Falastin milliy ma’muriyati rahbari Mahmud Abbos AQShning BMT Xavfsizlik kengashidagi vetosini «adolatsiz, axloqsiz va asossiz» deya qoraladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu «Falastinning jahon tashkilotiga to‘liq a’zo bo‘lishini qat’iy qo‘llab-quvvatlovchi xalqaro hamjamiyat irodasiga» ziddir.

Isroil tashqi ishlar vaziri Israel Kats Qo‘shma Shtatlarning veto huquqidan foydalanishini olqishladi. «Ushbu sharmandali taklif rad etildi», - dedi tashqi ishlar vaziri.

Jazoirning BMTdagi doimiy vakili Amar Benjama ovoz berishdan oldin falastinliklarni jahon tashkilotiga qabul qilish ikki davlat yechimiga putur yetkazishdan ko‘ra mustahkamlashini ta’kidladi. «Tinchlik Falastinning qo‘shilishi bilan bo‘ladi, uni chetlashtirish bilan emas», dedi u. 

BMT a’zoligiga qabul qilish tartibi

Qabul qilish to‘g‘risidagi ariza ko‘rib chiqilishi uchun uni BMT Xavfsizlik kengashining 15 a’zosidan kamida to‘qqiztasi qo‘llab-quvvatlashi kerak, besh doimiy a’zoning hech biri - AQSh, Xitoy, Rossiya, Fransiya va Britaniya - veto huquqidan foydalanmasligi lozim. Agar ushbu shart bajarilsa, ariza BMT Bosh assambleyasining ovoziga qo‘yiladi, unda u a’zolarning kamida uchdan ikki qismi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi talab etiladi. 

Dastlab, falastinliklarning Falastinni BMTga qabul qilish haqidagi arizasi 2011 yil noyabr oyida jahon tashkiloti Xavfsizlik kengashining pozitsiyasi tufayli rad etilgan. Keyingi yili BMT AQShning qarshiliklariga qaramay, falastinliklarga kuzatuvchi maqomini berdi. BMTga a’zo 193 davlatdan 139 tasi Falastinni mustaqil davlat sifatida tan oladi.

Ko‘proq yangiliklar: