Sirdaryoda 34,3 mlrd so‘mlik elektr energiyani talon-toroj qilgan mayning ferma aniqlandi

O‘zbekiston 10:32 / 18.04.2024 3255

Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, viloyat ichki ishlar boshqarmasi, “O‘zenergoinspeksiya” hamda “Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda noqonuniy mayning ferma faoliyatiga chek qo‘yildi.

Sirdaryo tumanidagi chorvachilikka ixtisoslashgan mas’uliyati cheklangan jamiyat binosida xorijdan keltirilgan jami 107 dona “INNOSILICON T3”, “Whatsminer M21S” va “ANTMINER S9 BITMAIN” qurilmalaridan foydalanib, kriptovaluta ishlab chiqarish bilan shug‘ullanilgan. Aniqlanishicha, ushbu maqsadda 2022 yilning aprel oyidan 2024 yilning mart oyiga qadar MChJga qarashli elektr hisoblagichning ikkilamchi zanjirini vaqti-vaqti bilan uzib, haqiqatda oqib o‘tayotgan quvvatni yashirish orqali hisoblagich ko‘rsatkichini sun’iy kamaytirish yo‘li bilan elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilishi natijasida davlat manfaatlariga 34 mlrd 367 mln so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.

Qayd etilishicha, MChJ rahbarlari tomonidan talon-toroj qilingan 39,3 mln kWh  elektr energiyasi viloyatning Boyovut, Sardoba, Oqoltin va Guliston tumanlari aholisining bir oylik ehtiyojini qoplashga yetadi.

Hozirda MChJning mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Oldinroq Zangiotada mayning ferma tashkil etgan shaxs davlatga deyarli 800 mln so‘m zarar yetkazgani xabar qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: