Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar berganlarni himoyaga olish haqidagi qonun loyihasi e’lon qilindi 

O‘zbekiston 11:49 / 18.04.2024 5254

“Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e’lon qilindi.

Qonunning maqsadi korrupsiyaga nisbatan murosasiz muhitni shakllantirish, halollik standartini joriy qilish va manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida jamiyat manfaatlarini ko‘zlab xabar bergan shaxslarni himoya qilish bo‘yicha ta’sirchan choralarni ko‘rish va ularni himoya qilish bilan bog‘liq boshqa munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Ushbu qonun tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarga maxfiylik asosida ko‘maklashuvchi shaxslarni himoya qilish bilan bog‘liq munosabatlarga tatbiq etilmaydi.

Xabar beruvchini himoya qilishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

  • qonuniylik;
  • xabarlarni jamiyat manfaati sifatida ko‘rib chiqish;
  • himoya qilishning adolatliligi;
  • xolislik;
  • xabar beruvchi haqidagi ma’lumotlarning sir saqlanishi;
  • xabar beruvchining sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish, shaxsiy hayot, turar-joy va mol-mulkining daxlsizligini ta’minlash.

Xabar beruvchiga quyidagilar kafolatlanadi:

  • xabar beruvchining hayoti, sog‘lig‘i, shaxsiy va ishchanlik obro‘si hamda mol-mulkining himoya qilinishi;
  • xabar beruvchining shaxsiga oid ma’lumotlar yoki boshqa sir tutilishi zarur bo‘lgan ma’lumotlarning uchinchi shaxslarga oshkor qilinmasligi;
  • zarur huquqiy yordam bilan ta’minlanishi;
  • xabar beruvchidan qasd olishga qaratilgan harakatlar, shu jumladan uni noqonuniy ta’qib qilish va jazolashga yo‘l qo‘ymaslik;
  • xabar berganligi tufayli ishdan bo‘shatish, lavozimini pasaytirish, kamsitish, bosim o‘tkazish va boshqa shakllarda ta’qib qilinishiga yo‘l qo‘yilmasligining ta’minlashishi, mehnat qonunchiligida belgilangan holatlar bundan mustasno.

Xabar beruvchi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda va miqdorda rag‘batlantiriladi. Xabar beruvchi rag‘batlantirishdan voz kechishga haqli. Mazkur moddaning birinchi va ikkinchi qismida nazarda tutilgan kafolatlar xabar beruvchining yaqin qarindoshlariga nisbatan ham tatbiq etilishi mumkin.

Xabar beruvchini himoya qilishni ta’minlovchi davlat organlari quyidagilardan iborat:

  • himoya qilishni ta’minlash to‘g‘risida qaror qabul qiluvchi organlar;
  • xavfsizlik choralarini ta’minlovchi organlar.

Himoya qilishni ta’minlash to‘g‘risidagi qaror Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar, tergovga qadar tekshiruv organlari, surishtiruv organlari, dastlabki tergov organlari, prokuratura organlari va sud tomonidan qabul qilinadi.

Xabar beruvchilarning xavfsizligi O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyasi va ularning hududiy organlari tomonidan ta’minlanadi.

Ushbu qonun bo‘yicha quyidagi toifadagi shaxslar xabar beruvchi sifatida ko‘rib chiqiladi:

  • o‘z mehnat faoliyatini amalga oshirib kelayotgan tashkilotda korrupsiya holatlariga tayyorgarlik ko‘rilayotganligi yoki sodir etilganligi haqida xabar bergan xodimlar;
  • korrupsiya holatlariga tayyorgarlik ko‘rilayotganligi yoki sodir etilganligi haqida ishonchli ma’lumot bergan sobiq xodim yoki ishga kirishi istagini bildirgan nomzod;
  • suiiste’molchilik yoki hokimiyat harakatsizligi haqida ishonchli ma’lumot bergan davlat buyurtmasi bo‘yicha pudratchi tashkilot vakili yoki fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida ishga jalb qilingan jismoniy shaxs;
  • davlat tashkilotida korrupsiya holatlariga tayyorgarlik ko‘rilayotganligi yoki sodir etilganligi haqidagi xabar bergan xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilari yoki ijrochilari yoxud boshqa turdagi shartnomaviy munosabatlarda kontragent sifatida ishtirok etuvchi yuridik shaxs yoki yakka tadbirkorlik sub’yektida mehnat faoliyati olib borayotgan jismoniy shaxs;
  • ta’lim muassasalarida korrupsiya holatlariga tayyorgarlik ko‘rilayotganligi yoki sodir etilganligi haqidagi xabar bergan talaba, tinglovchi yoki stajirovka o‘tayotgan shaxs hamda uning vasiysi va yoki homiysi;
  • tashkilotda korrupsiya holatlariga tayyorgarlik ko‘rilayotganligi yoki sodir etilganligi haqidagi xabar bergan va faoliyati ushbu tashkilotga bog‘liq kasanachilar, korporativ boshqaruv organlari a’zolari, aksiyadorlar va boshqacha turdagi muassislar;
  • jurnalistik tekshiruvni o‘tkazish jarayonida aniqlangan korrupsiya holatlari haqida xabar bergan ommaviy axborot vositalari vakillari.

Xabar beruvchi:

  • xabar berishda g‘arazgo‘ylik va shaxsiy adovatga yo‘l qo‘ymaslik;
  • vakolatli davlat organlari tomonidan qabul qilingan qarorlarni, shuningdek ularning qonuniy talablarini bajarishi;
  • o‘ziga nisbatan qilingan har bir tahdid yoxud g‘ayriqonuniy harakat yoki harakatsizlik to‘g‘risida vakolatli davlat organlarini darhol xabardor qilishi;
  • o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan himoya choralari haqidagi ma’lumotlarni oshkor etmasligi;
  • xabar berishda beg‘araz bo‘lishi, boshqa shaxslarning nufuzi va ijtimoiy mavqeyiga qasddan yoki shaxsiy adovat asosida putur yetkazmasligi shart.

Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida tashkilotning rahbari yoki korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘linmalari va yuqori turuvchi tashkilotga xabar berish ichki xabar berish hisoblanadi.

Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida davlat tashkilotlariga yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berish tashqi xabar berish hisoblanadi.

Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida ommaviy axborot vositalari orqali yoki bunday ma’lumotlarni jamoatchilikka ochiq taqdim etilishi mumkin bo‘lgan har qanday vositalar orqali e’lon qilish oshkora xabar berish hisoblanadi. Agentlik, davlat tashkilotlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar jamoatchilikka ochiq taqdim etilgan xabarlarni monitoring qilib boradi.

Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida ma’lumotlarni agentlikning elektron tizimiga joylashtirish markazlashtirilgan elektron tizimi orqali xabar berish hisoblanadi. Agentlik jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan yuborilgan, shuningdek, davlat tashkilotlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlar tomonidan qabul qilingan xabarlarning markazlashtirilgan elektron tizimi orqali yagona ma’lumotlar bazasini yuritadi.

Xabarlar quyidagi toifalardan iborat:

  • mulkni maqsadsiz yoki noqonuniy sarflash yoxud talon-toroj qilish;
  • xizmat mavqeyidan foydalangan holda firibgarlik;
  • hujjatlarni soxtalashtirish yoki qalbakilashtirish;
  • mansab vakolatini suiiste’mol qilish, mansab vakolati doirasidan chetga chiqish, harakatsizlik, sovuqqonlik;
  • poraxo‘rlik yoki qonunga xilof ravishda boshqa turdagi moddiy yoxud nomoddiy naf olish;
  • raqobat, davlat xaridlari yoki davlat – xususiy sherikchilik sohalaridagi qonunchilik hujjatlari talablarining buzilishi;
  • manfaatlar to‘qnashuvi va odob-axloq qoidalarining buzilishi.

Xabar beruvchini himoya qilish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:

  • xabar beruvchi yoki uning qonuniy vakili yoxud yaqin qarindoshining murojaati;
  • jismoniy yoki yuridik shaxslarning xabarlari, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalgan xabarlar;
  • xabar beruvchiga nisbatan ta’qib va zo‘ravonlik sodir etish yoxud ularni sodir etishga urinish holatlarining vakolatli davlat organlari va tashkilotlari xodimlari tomonidan bevosita aniqlanishi;
  • qonunga zid bo‘lmagan boshqa manbalardan olingan ma’lumotlar.

Xabar beruvchini himoya qilish choralari quyidagilardan iborat:

  • xabar beruvchi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga oshkor qilmaslik;
  • xabar berilgani tufayli xabar beruvchiga nisbatan har qanday shaklda tazyiq o‘tkazishni taqiqlash;
  • xabar beruvchiga himoya orderi berish;
  • xabar beruvchiga maxsus individual himoya vositalarini va texnik vositalarni berish;
  • xabar beruvchini, uning uy-joyi va boshqa mol-mulkini qo‘riqlash;
  • xabar beruvchini vaqtinchalik xavfsiz joyga joylashtirish;
  • xabar beruvchini boshqa yashash joyiga ko‘chirish, ish (xizmat) yoki o‘qish joyini o‘zgartirish;
  • xabar beruvchining hujjatlarini vaqtincha almashtirish;
  • xabar beruvchiga ommaviy axborot vositalari orqali bayonot berish imkoniyatini yaratish.
Ko‘proq yangiliklar: