Ko‘mir narxlarini davlat tomonidan tartibga solish bekor qilinishi mumkin

Iqtisodiyot 16:26 / 17.04.2024 6042

O‘zbekistonda ko‘mir narxlarini bozor tamoyillari asosida shakllantirishga o‘tish rejalashtirilmoqda. Bu – Vazirlar Mahkamasining energoresurslarga yangi tariflar joriy etish to‘g‘risidagi qarorida belgilangan.

Qarorga ko‘ra, tegishli vazirlik va idoralarga 1 oy muddatda ko‘mirning ulgurji va chakana narxlarini bozor tamoyillari asosida shakllantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirildi.

Hozirda aholi, budjet tashkilotlari va issiqlik elektr stansiyalariga to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida yetkazib beriladigan ko‘mir ijtimoiy ahamiyatli tovar hisoblanadi va narxi davlat tomonidan tartibga solinadi.

Ko‘mirning ulgurji va chakana narxlari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi tomonidan har yili kamida bir marta (1 iyunga qadar) ko‘rib chiqilib, tasdiqlanadi. Belgilangan chakana narxdagi ko‘mir aholiga “Ko‘mir ta’minot” AJning ko‘mir omborlari orqali sotiladi.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda O‘zbekistonda 6,19 mln tonna ko‘mir qazib olingan bo‘lib, bu – 2022 yilga nisbatan 15,5 foizga yuqori. 2024 yilda ko‘mir qazib olishni yana 22 foizga oshirish reja qilingan.

Shuningdek, o‘tgan yili 204 mln dollarlik ko‘mir import qilingan, bu bir yil oldingidan 67,8 foizga ko‘p. Xususan, 2023 yilda Qozog‘istondan ko‘mir importi 82,3 foizga oshib, 3,1 mln tonnaga yetgan.

Ko‘proq yangiliklar: