Farg‘onada qotillik sodir etib, 21 yil qochib yurgan erkak umrbod ozodlikdan mahrum etildi

O‘zbekiston 10:47 / 17.04.2024 23091

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudida 2001 yil sodir etilgan bosqinchilik va qotillik jinoyatiga doir ish ko‘rildi. Kun.uz sud hukmi bilan tanishib chiqdi.

Hukmda keltirilishicha, jinoyatni sodir etgan fuqaro D.E. 21 yil davomida tergov organlaridan qochib, yashirinib yurgan. U 2022 yilning 18 oktyabr kuni Rossiyala ushlanib, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan.

D.E. sherigi bilan Beshariqdagi o‘ziga to‘q oilalardan birining uyiga bosqinchilik uyushtirish hamda ularni o‘ldirish haqida jinoiy reja tuzgan. 2001 yilning 24 avgust kunidan 25 avgust kuniga o‘tar kechasi rejani amalga oshirish maqsadida pichoq va bolta bilan qurollanib, xonadonga borishgan hamda devorni oshib o‘tib hovliga kirishgan.

Qotillar dastlab verandada uxlab yotgan uy egasi va yosh bolani, so‘ngra shovqinni eshitib yugurib kelgan qariyani, shuningdek, oilaning I-guruh nogironi bo‘lgan yana bir a’zosini boltaning orqa tarafi va pichoq bilan urib, o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan o‘ldirishgan. So‘ngra uydan turli tilla taqinchoqlar, AQSh dollari va ma’lum miqdordagi pullarni olib, voqea joyidan yashirinishgan.

2001 yil 17 sentabrda D.E.ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanib, qidiruv e’lon qilingan. U oradan 21 yil o‘tib, 2022 yilning oktyabr oyida ushlangan.

Sud hukmi bilan D.E.ga umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoning 3 yilini turmaga qamash tariqasida o‘tattirish belgilangan.

Hukmdan norozi bo‘lgan D.E. apellyatsiya shikoyati kiritib, jinoyat sodir etilganiga 22 yil to‘lgani uchun javobgarlikka tortish muddati o‘tganini, adolatli qaror qabul qilishni so‘ragan. Biroq Farg‘ona viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasi 2024 yil 2 aprel kuni ishni qayta ko‘rib chiqib, birinchi instansiya sudi hukmini o‘zgarishsiz qoldirgan.

Ko‘proq yangiliklar: