Farg‘onada maktabga mast holatda kelib janjal ko‘targan ayol narkologiya dispanseriga joylashtirildi

Jamiyat 15:39 / 04.04.2024 12930

4 aprel kuni Farg‘ona shahridagi maktablardan birida yuqori sinf o‘quvchilaridan birining onasi o‘qituvchilarga qo‘pol muomala qilib janjal chiqargan.

Kun.uzʼga yuborilgan videoda aks etishicha, ayol homilador holatdagi o‘qituvchiga tahdid qilib baqirgan.

“Nega mening o‘g‘limga sinfida salbiy munosabatda bo‘lishyapti?” degan ayol. O‘qituvchining bundan xabari yo‘qligi haqidagi javobiga ayol “Sen hammasidan xabardorsan, o‘zing hammani shunday qayragansan. Bu seni ishing, Mening o‘g‘lim seni deb, sen sinfni shunday qilib shakllantirib qo‘yganing uchun ham maktabga kelgisi kelmayapti”, deb baqiradi.

Shuningdek, ayol o‘qituvchi “qornidagi homilasiga rahmat aytishi kerak”ligini ham eslatib o‘tgan.

Janjal oxirida esa o‘quvchining onasi o‘qituvchini haqoratlab, unga tashlanib ketadi.

Shundan so‘ng huquqni muhofaza qilish xodimlari chaqirilib, ular tomonidan o‘qituvchining xavfsizligi ta’minlangan. Ekspertiza natijasida o‘quvchining onasi mast bo‘lgani aniqlanib, narkologiya dispanserining hushyorlashtirish bo‘limiga joylashtirilgan.

Ma’lum qilinishicha, bu ayolning maktabga kelib birinchi marta janjal ko‘tarishi emas. Bu kabi holat bir necha marta takrorlangan. Bugungi voqeadan so‘ng ayol maktab direktoriga o‘zi janjallashgan o‘qituvchini o‘ldirishi bilan tahdid qilgan SMS-xabar ham jo‘natib ulgurgan.

Hozirda holat ichki ishlar organi tomonidan o‘rganilyapti.

Ko‘proq yangiliklar: