O‘zbekiston dunyo iqtisodiy erkinlik indeksida 6 pog‘ona yuqoriladi

Iqtisodiyot 16:04 / 29.03.2024 9002

Heritage Foundation tadqiqot markazi “Iqtisodiy erkinlik indeksi – 2024” hisobotini e’lon qildi.

Unda O‘zbekiston 184 ta mamlakat orasida 55,9 ball bilan 103-o‘rinni egallagan. So‘nggi hisobotga ko‘ra, mamlakat reytingi 0,6 ballga yomonlashgan bo‘lsa-da, 6 pog‘onaga yuqorilagan va iqtisodiyoti erkin bo‘lmagan mamlakatlar guruhidan joy olgan.

Iqtisodiy erkinlik indeksida respublika 12 ta indikatorning 6 tasida ijobiy o‘zgarishlarni qayd etgan, 3 ta indikatorda esa salbiy o‘zgarishlar kuzatilgan. Shuningdek, yana 3 ta indikator bo‘yicha narijalar o‘zgarishsiz qolgan.

Fiskal salomatlik (-13,2 ball) va davlat xarajatlari(-4,5 ball) masalasida ahvol sezilarli darajada yomonlashgan. Bunga oxirgi 4 yildan beri budjet defitsiti ko‘rsatkichlariga amal qilinmayotganligi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

1996-2023 yillarda O‘zbekistonga berilgan umumiy ballning o‘zgarish dinamikasi

“O‘zbekistonda umumiy qonun ustuvorligi zaif. Mamlakatdagi mulkchilik huquqi, sudning samaradorligi va hukumat yaxlitligi reytingi jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan past”, deyiladi hisobotda.

MDH mamlakatlari orasida eng yaxshi ko‘rsatkichlarni Armaniston (47-o‘rin) va Qozog‘iston (62-o‘rin) qayd etgan. Keyingi pog‘onalardan Ozarboyjon (70-o‘rin), Moldova (99-o‘rin), Qirg‘iziston (112-o‘rin), Rossiya (131-o‘rin), Tojikiston (137-o‘rin), Belarus (153-o‘rin) va Turkmaniston (162-o‘rin) o‘rin olgan.

Umumiy reytingning eng yuqori 3 ta pog‘onasini Singapur (83,5 ball), Shveytsariya (83 ball) va Irlandiya (82,6 ball) egallagan bo‘lsa, eng quyi o‘rinlarda Venesuela (28,1 ball), Kuba (25,7 ball) va Shimoliy Koreya (2,9 ball) qayd etilgan. 8 ta davlat: Afg‘oniston, Iroq, Liviya, Lixtenshteyn, Samoli, Suriya, Ukraina va Yamanga turli sabablarga ko‘ra reyting berilmagan.

Umumiy iqtisodiy erkinlik bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich o‘tgan yilgi 59,3 ballda 58,6 ballga tushgan. Bu so‘nggi yigirma yillikdagi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.

Ko‘proq yangiliklar: