Yevropa Ittifoqi Apple, Google va Meta’ga nisbatan surishtiruv boshladi

Jahon 09:38 / 26.03.2024 3270

Yevropa Ittifoqi Apple, Google va Meta kompaniyalariga nisbatan surishtiruv boshladi. Ular Raqamli bozorlar to‘g‘risidagi qonunni (DMA) buzganlikda gumon qilinmoqda. Qonun yirik texnologiya kompaniyalarini o‘z platformalarini raqobatchilarga ochishga majbur qiladi. Amerikaning uchta konserni belgilangan talablarni bajarmadi, deya ma’lumot berdi Yevropa komissiyasi (YeK) 25 mart, dushanba kuni. 

Regulyator, xususan, Apple va Google’ning o‘z ilovalari do‘konlarida foydalanadigan biznes amaliyotlarini tekshirish niyatida. DMA’ga ko‘ra, internet-konsernlar uchinchi tomon dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchilariga Apple va Google do‘konlaridan tashqaridagi takliflar haqida mijozlarni bepul xabardor qilish imkoniyatini taqdim etishi shart. 

Apple vakilining aytishicha, konsern nuqtayi nazaridan, Apple ilovalar do‘koni uchun foydalanuvchi shartnomasining so‘nggi yangilanishi DMA talablariga javob beradi. 

Yevropa regulyatoridan da’volar 

Google misolida, Yevropa regulyatori, shuningdek, konsernning internet-qidiruv natijalarida o‘z takliflarini afzal ko‘rishi bilan qiziqyapti. Meta bo‘yicha esa, da’volar Facebook va Instagram’dan reklamasiz foydalanish uchun to‘lovni nazarda tutuvchi yangi obuna modeli bilan bog‘liq.

DMA bandlariga ko‘ra, raqobatchilarning o‘z platformalariga kirishiga qo‘yiladigan talablarga rioya qilmagan texnologiya kompaniyalari 12 oy davomida global aylanmasi o‘n foizigacha jarimaga tortilishi mumkin. Yevrokomissiya surishtiruvni bir yil ichida yakunlashni rejalashtirmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: