Maduro Karakasda o‘ziga suiqasd qilishga urinish qayd etilgani haqida xabar berdi

Jahon 14:58 / 26.03.2024 4507

Bunda u Vente Venezuela muxolifat partiyasi a’zolarini aybladi. Unga ko‘ra, qurollangan ikki kishi qo‘lga olingan. «Ular o‘zini Vente Venezuela o‘ta o‘ng fashistik partiyasi a’zolari ekanini allaqachon e’lon qilgan. Ular tan oldi», - deydi Maduro. 

Poytaxt hukumati rahbari Naum Fernandesning aytishicha, Karakasdagi yurish chog‘ida uch kishi qo‘lga olingan. «Ularda prezidentga otish mumkin bo‘lgan qurilma bor edi», dedi u. 

Rasmiylarga ko‘ra, 2023 yildan beri prezidentlik saylovlari oldidan mamlakat rahbariyatiga qarshi «kamida yettita fitna»ning oldi olingan. Mart oyida bosh prokuror Tarek Uilyam Saab Maturin shahrida ikki fuqaro tahdidlarni e’lon qilgani va Maduroga suiqasd uyushtirish bo‘yicha til biriktirgani uchun ushlanganini aytdi. Qo‘lga olinganlar Milliy gvardiyaning dezertir serjanti Renso Flores va «R ishi» siyosiy tashkilotidan Uilfer Xose Pinya bo‘lib, ularga terrorchilikda ayblov qo‘yilgan. Ayblanuvchilarning telefonlarida qurol-yarog‘ni qo‘lga kiritish va isyon uyushtirish uchun 50 nafar askarni yollash haqidagi suhbatlar bo‘lgan. 

Vente Venezuela Maduroga suiqasd uyushtirish ayblovlarini rad etdi. U yerda prezident aytayotgan qo‘lga olingan shaxslarning partiyaga aloqasi yo‘qligi ma’lum qilindi. 

Maduro bir kun avval prezidentlikka nomzod sifatida ro‘yxatga olingan edi. Saylovlar 28 iyul kuni bo‘lib o‘tishi kerak.

Yanvar oyida Oliy sud muxolifat yetakchisi va Vente Venezuela rahbari Mariya Korina Machadoga 2038 yilgacha davlat lavozimida ishlashni taqiqlagan edi. Shu tariqa, u prezidentlik saylovlarida ishtirok eta olmaydi. U Milliy assambleyaning sobiq raisi, «uzurpator Xuan Guaydoning korrupsion fitnasida» ishtirok etganlikda ayblangan. Yana bir muxolifat nomzodi, Miranda shtatining sobiq gubernatori Enrike Kaprilesga ham 2032 yilgacha saylov orqali egallanadigan lavozimga da’vogarlik qilish taqiqlangan. 

Mart oyida Machadoning saylovoldi shtabi rahbarlaridan biri Emil Brandt Ulloa «terrorchilik fitnasi»da ayblanib hibsga olingan edi. So‘nggi haftalarda Maduroning «buyrug‘i bilan» muxolifat yetakchisi Machadoning yana bir qancha sheriklari «yo‘qolib qoldi», deb yozgan Infobae. 

Ko‘proq yangiliklar: