AQSh Senati 1,2 trillion dollarlik budjet loyihasini kechikib ma’qulladi

Jahon 19:15 / 23.03.2024 6689

AQSh Senati federal hukumat faoliyatining qisman to‘xtab qolishiga yo‘l qo‘ymaydigan 1,2 trillion dollarlik budjet loyihasini kechikib qabul qildi.

22 mart kuni AQSh Vakillar palatasi federal agentliklarning asosiy qismini moliyalashtirish uchun taxminan 1,2 trillion dollarni 2024-moliya yili oxirigacha ajratishni nazarda tutadigan qonun loyihasini ma’qulladi.

Demokratlar palatasi a’zolarining aksariyati qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladi, ammo respublikachilarning yarmidan ko‘pi unga qarshi chiqdi.

Shundan so‘ng, qonun loyihasi Amerika Kongressining yuqori palatasi Senatga taqdim etildi. «Shatdaun» yuz bermasligi uchun Senat yarim tungacha hujjatga ovoz berishi kerak edi. Biroq 22 mart kuni qonun loyihasi bo‘yicha ovoz berish o‘tkazilmadi.

Olti departament, jumladan Pentagon va Davlat departamentini moliyalashtirish 22 martgacha kelishib olinishi kerak edi.

AQSh Senatida ovoz berish 23 mart erta tongda bo‘lib o‘tdi. Budjet to‘g‘risidagi qonun loyihasini 74 kishi yoqladi va 24 kishi qarshi ovoz berdi. Natijada loyiha qabul qilindi.

Keyingi bosqichda hujjat AQSh prezidenti Jo Bayden tomonidan imzolanishi kerak, bu nihoyat hukumat tomonidan moliyalashtirish taqchilligining oldini oladi.

AQSh hukumati faoliyatining to‘xtatilishi - Kongress hukumat faoliyatini moliyalashtirish bo‘yicha kelisha olmaganida yuzaga keladigan vaqtinchalik holat.

To‘xtatib turish vaqtida muhim bo‘lmagan idoralar yopiladi va ularning yuz minglab xodimlari haq to‘lanmaydigan ta’tilga yuboriladi.

Amerika qonunchiligiga ko‘ra, Kongress har yili 1 oktyabrda boshlanib, 30 sentabrda tugaydigan butun moliya yili uchun budjetni o‘z vaqtida tasdiqlamasa, xarajatlar vaqtinchalik budjetdan qoplanadi.

Federal hukumat ushbu davrlarda o‘z mablag‘larini sarflash vakolatini yo‘qotadi va asosiy xizmatlardan tashqari barcha faoliyatni to‘xtatishga majbur bo‘ladi.

Kongress yangi budjetni qabul qilmaguncha, «muhim» deb tasniflangan xodimlar ko‘pincha maoshsiz qoladi.

Ko‘proq yangiliklar: