«Liverpul» va «Chelsi» mavsumdagi birinchi sovrin uchun kurashadi, «Barsa» va «Bavariya»da navbatdagi sinov. Hafta o‘yinlari anonsi

Sport 15:39 / 24.02.2024 22316

BARSeLONA – XeTAFe (24 fevral, 22:30)

«Xetafe» turnir jadvali bo‘yicha qaraganda Ispaniyaning eng o‘rtamiyonasi bo‘lishi mumkin, madridliklar 10-o‘rinda, «Barselona» bilan oradagi farq – 20 ochko, o‘yin Barselonada bo‘ladi. Ammo ishonavering, bugungi muammoli «Barselona» uchun «Xetafe» ham usluban, ham vaziyat taqozosi bilan eng noqulay raqib. Jamoalarning oxirgi 4 o‘yinida atigi 1 ta gol Pedri tomonidan urilgani, qolgan uch o‘yinda umuman hisob ochilmagani ham «Barselona»ni jiddiy qarshilik kutayotganini tasavvur qilish uchun yetarli. «Barsa» mavsumda umuman oson g‘alaba qo‘lga kirita olmayotganini ham yodda tutish lozim. Mezbonlar muxlislari uchun umid beruvchi yana bir statistika – «Barselona» 18 o‘yindan beri o‘z maydonida «Xetafe»ga mag‘lubiyatga uchramagan – 14 g‘alaba va 4 durang.

Uslub tilga olingani ham bekorga emas, «Xetafe» ligada eng qo‘pol jamoa sanaladi – shu paytgacha Bardalas shogirdlari 9 marotaba qizil kartochkaga loyiq ko‘rilgan. Tarkibning aksariyati hali yigirma yoshgayam to‘lmaganini e’tiborga olsak, Xavi bugungi tarkibni tanlashda buni e’tiborga olishini ham kutish mumkin. Zero so‘nggi 9 uchrashuvdan beri asosiy tarkibda tushayotgan Yamal nihoyat bu safar dam olishi haqida xabarlar chiqdi. Bundan tashqari, «Barselona» tarkibida birdaniga 4 futbolchida 4 tadan sariq kartochka mavjud. Ya’ni ushbu uchrashuvda raqib provakatsiyasiga berilib, qo‘pol harakat qilsa, Arauxo, Kanselu, Romeu va Levandovskilar keyingi o‘yinga diskvalifikatsiyaga uchrashi mumkin. Keyingi o‘yin esa Bilbaoda, asosiy raqiblardan biri «Atletik»ga qarshi.

«Xetafe» tarkibida jarohatlar yo‘q, aksincha, «Barselona»ga qarshi har qanday Madrid jamoasi singari, bor kuchini namoyish qiladigan futbolchilar bor. Masalan, asosiy hujumchi Borxa Mayoral «Real» tarbiyalanuvchisi sanaladi. Xayme Mata esa o‘z vaqtida «Jirona» safida ham to‘p surgan, «Barselona» ko‘rigidan qaytib kelgan futbolchilardan biri. Ayniqsa, Meyson Grinvudning o‘yini ham har ikki tomon uchun qiziq bo‘lsa kerak, zero Grinvudni yozda «MYu» sotishi mumkinligi, asosiy xaridorlardan biri sifatida esa «Barsa» tilga olinayotgani ham sir emas.

BAVARIYa – LeYPsIG (24 fevral, 22:30)

Qatorasiga uch o‘yinda mag‘lubiyatga uchrab, bir haftada ham Chempionlar Ligasi, ham Bundesligadagi pozitsiyasini og‘irlashtirib qo‘ygan «Bavariya»ni navbatdagi o‘yinini kuzatish ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lishi tabiiy. Kechagi g‘alabadan so‘ng «Bayyer» oradagi farqni 11 taga yetkazib oldi, ya’ni hatto 8 ochkolik farqni saqlab qolish uchun ham mezbonlarga g‘alaba shart. «Bayyer»ning hozirgi shashtidan kelib chiqsak, myunxenliklarda imkoniyat bo‘lishi juda qiyin bo‘lsa ham, so‘nggi paytgacha ta’qib qilish zarur ekanini o‘tgan mavsum ham isbotlab bergan. Esingizda bo‘lsa, Dortmund jamoasining oxirgi turdagi kutilmagan mag‘lubiyati chempionlikni «Bavariya»ga tortiq qilib yuborgandi.

Tuxelning yozda ketishi haqida xabarlar ham balkim jamoadan bosimni biroz kamaytirar, ammo mavsumni hech qanday sovrinsiz yakunlash «Bavariya» uchun falokat – oxirgi marta shunday mavsum 2012 yilda bo‘lgan, ammo o‘shanda ham «Bavariya» Chempionlar Ligasi finaligacha yetib borgandi. Qizig‘i, agar sovrin hisobiga qo‘shsak, o‘sha mavsumni «Bavariya» Germaniya Superkubogidagi g‘alaba bilan boshlagan, ammo bu safar aynan «Leypsig» tufayli Tuxel shogirdlari yozda Superkubokdan ham quruq qolishdi. Chempionatdagi o‘zaro uchrashuvda esa «Leypsig» birinchi taymdayoq 2 gol urgan, faqat ikkinchi taymda mehmonlar burilish yasab, hisobni tenglashtira olgandi – 2:2.Umuman olganda, oxirgi 4 o‘yinda «Bavariya» «Leypsig» ustidan g‘alaba qozona olmayapti.

«Leypsig» uchun ham g‘alaba suv va havodek zarur. Roze shogirdlarida 22 o‘yindan so‘ng, 40 ochko bor va bu 4-o‘rinni band etib turgan «Borussiya»dan bittaga kam xolos. Hozirgi reytingdan kelib chiqsak, «Leypsig» yaxshigina joylashib olgan beshinchi o‘rin ham YeChL yo‘llanmasini beradi, ammo bu reyting mavsum oxirigacha o‘zgarishi mumkin. O‘zgarmasligi uchun esa, yana shu «Bavariya» va «Leypsig» Chempionlar Ligasida uzoqroqqa borishlari lozim bo‘ladi.

Darvoqe, Chempionlar Ligasidagi o‘z o‘yinini «Leypsig» ham raqibi singari 0:1 hisobidagi mag‘lubiyat bilan yakunlagan bo‘lsa-da, farqli ravishda, aytish mumkinki, ko‘pchilikda iliq taassurot qoldirdi. «Real»dek kuchli va tajribali raqibga qarshi «Leypsig» ustunlik qila oldi va hatto bemalol g‘alaba qozonishi mumkin edi.

Tarkiblarga to‘xtalsak, mezbonlarda yo‘qotishlar ko‘proq. Ham Chempionlar Ligasi, ham «Boxum»ga qarshi o‘yinda qizil kartochka olgan Upamekano sobiq jamoasiga qarshi o‘yinda maydonga tusha olmaydi. Mazrui endigina jarohatdan tuzalgandi, ammo o‘tgan uchrashuvda yana safdan chiqdi, yanvarda uning o‘rniga olib kelingan Sasha Boe ham jarohatlanib, bir oy sheriklariga yordam bera olmaydi. Mehmonlar safida esa Lukas Klasterman o‘tgan turda jarohat tufayli almashtirilgandi, xabarlarga ko‘ra, u ham bir oy maydonga tusha olmaydi.

ARSeNAL – NYuKASL (25 fevralga o‘tar kechasi, 01:00)

APL doirasida 2024 yilda bo‘lib o‘tgan beshala uchrashuvni ham o‘z foydasiga hal qilgan va besh o‘yinda jami 21 ta gol urgan «Arsenal» negadir boshqa musobaqalarda o‘sha darajani ko‘rsata olmayapti. Yanvarda «Liverpul»dan o‘z maydonida yutqazib, Angliya kubogidan chiqib ketgan bo‘lsa, hafta o‘rtasida YeChL uchrashuvini Portugaliyada boy berib qo‘ydi. Chempionlar Ligasi favoritlaridan biri sifatida e’tirof etilayotgan «Arsenal» «Portu» darvozasiga birorta ham aniq zarba bera olmadi.

Navbatdagi raqib – «Nyukasl» ham saviya jihatidan «Portu»dan kam emas, hatto ancha kuchliroq bo‘lishi mumkin. O‘tgan mavsumda ham Hau jamoasiga qarshi uy uchrashuvida Arteta shogirdlari 0:0 hisobiga rozi bo‘lgandilar. Birinchi davradagi o‘zaro o‘yin esa ancha janjalli yakunlangan, «Nyukasl» tomonidan urilgan yagona g‘alaba goli VAR tufayli ko‘p noroziliklar keltirib chiqargandi. Umuman olganda, «Arsenal» – «Nyukasl» to‘qnashuvi APL uchun tarixiy jihatdan ham katta ahamiyatga ega: eslasangiz, 2011 yilda «Arsenal» safarda 4:0 hisobida oldinga chiqib olgan o‘yin, yakunda 4:4 hisobida nihoyasiga yetgandi.

«Nyukasl» mavsum boshidagi taxminlarni oqlagan holda, o‘ta beqaror natijalar ko‘rsatmoqda. Jamoa alohida o‘yinlarda ancha kuchli, mavsumdagi «PSJ», «Arsenal», «Liverpul», «MYu»ga qarshi uchrashuvlar bu faraz uchun yaqqol isbot – lekin bu darajani doim namoyish etish uchun Hauga resurs yetmayapti. O‘tgan yili «Nyukasl» faqat bir musobaqada qatnashgan, APLda eng barqaror jamoalardan biri edi. Bu safar o‘yinlar ko‘paydi, shu bilan birga jarohatlar ham. Natijada, o‘tgan yili eng kam gol o‘tkazgan «Nyukasl» hozir bu ko‘rsatkichlar bo‘yicha 12-o‘rinda, turnir jadvalida esa, Top-4 dan 12 ochko ortda qolgan holda, 8-o‘rinda bormoqda. Bu o‘yindagi mag‘lubiyat jamoani 11-o‘ringa ham tushirib yuborishi mumkin.

Tarkiblar borasida «Arsenal»da yangi yo‘qotishlarda Jyezus va Zinchenko bor, shuningdek, Tomas Parti ham yana bir necha kun sheriklariga yordam bera olmaydi. «Nyukasl» esa asosiy ijrochilardan Joalinton va Isaaklarsiz maydonga tushadi. Tabiiyki, «Nyukasl» oxirgi o‘yinini bir hafta avval o‘tkazgani, «Arsenal» esa, yuqorida aytilgandek, Portugaliyada og‘ir uchrashuv o‘tkazgani jismoniy tarafdan mehmonlar imkoniyatini oshirishi mumkin.

CheLSI – LIVeRPUL (25 fevral, 20:00)

Angliyada tur o‘yinlaridan tashqari, Liga kubogi finali ham shu hafta o‘tkaziladi. So‘nggi yillarda finallar uchun klassikaga aylanib ulgurgan juftlik bu safar ham orani ochiq qiladilar. Esingizda bo‘lsa, ikki yil oldin har ikki kubok finalida «Liverpul» va «Chelsi» to‘qnash kelgan va har ikki o‘yinda ham hisob ochilmay, penaltilar seriyasida Klopp shogirdlarining qo‘li baland kelgandi.

Umuman, to shu oyning boshida «Liverpul» «Enfild»da raqibini 4:1 yutguncha, qatorasiga 7 o‘zaro o‘yinda jamoalar faqat durang natida qayd etgandilar. Eslangan mazkur uchrashuv «Liverpul»ning yaqqol ustunligida o‘tib, har jihatdan «Chelsi»dan ustunligini namoyish eta olganini ta’kidlash kerak. Ammo aytish mumkinki, «Liverpul» tarkibidagi muammolar balkim o‘sha darajani namoyish qilishga halaqit berishi mumkin.

Avvalo, Saloh bilan Nunes – aslida jiddiy jarohat haqida xabarlar bo‘lmasa-da, Klopp hafta o‘rtasidagi «Luton»ga qarshi o‘yinda ularni qaydnomaga kiritmadi. Albatta, har ikki futbolchi hozir jamoa bilan birga, ammo qay darajada tayyor ekani biroz shubha ostida turibdi. Ayniqsa, terma jamoadan jarohat bilan kelgan Saloh borasida biroz extiyotkorlik talab qilinadi. Nunes esa, katta ehtimol maydonga tushishi kerak, zero klub rasmiy akkaunti ham aynan Darvinning rasmi bilan o‘yinni e’lon qildi. Saboslai, Trent, Matip va Jota uzoq muddatga safdan chiqishgan, Alison Beker ham eng yaqin terma jamoalar bilan bog‘liq tanaffusdan so‘ng qaytadi. Buning ustiga Ketrin Jonsning ham jarohati ortiqcha bo‘ldi. Xullas, agar hamma sog‘ bo‘lsa, maydonda bo‘lishi aniq bo‘lgan kamida 4-5 futbolchi Kloppga yordam bera olmaydi. Albatta, bu borada «Chelsi»ga xavas qilish mumkin emas, Pochettino aynan shu rejimda mavsum boshidan beri o‘ynashga majbur bo‘lmoqda. Biz bilgan eski jarohatlardan tashqari, Tiago Silvaning ham ushbu uchrashuvga tayyor ekani shubha ostida.

Ammo shuni aytish mumkinki, o‘tgan o‘yindan farqli ravishda bu safar «Chelsi»ning imkoniyatlari yuqori bo‘lishi kerak. Birinchidan, o‘yin «Enfild» emas, «Uembli»da bo‘lib o‘tadi. Ikkinchidan, yuqori tilga olingan jarohatlar bilan ham «Liverpul» «Luton»ga qarshi eng yaxshi taymlardan birini o‘tkazgan bo‘lsa-da, 1-taymda «Luton» juda munosib qarshilik ko‘rsata oldi va hatto hisobda oldinda borayotgandi. Tabiiyki, «Chelsi» ancha kuchliroq ijrochilarga ega.

Finaldagi yana bir yaqqol intrigalardan biri Klopning «Liverpul»dagi so‘nggi mavsum ekanidir. To‘g‘ri, jamoa Liga kubogidan tashqari, yana uchta sovrin uchun kurashni davom ettirmoqda, o‘sha turnirlarda jamoa hali yo‘lning boshida ekanini inobatga olish kerak. Ya’ni, Klopp uchun bu o‘yin jamoasidagi oxirgi final va hatto balki oxirgi sovrin bo‘lishi ehtimoli ham bor. Jamoa bilan deyarli barcha sovrinlarda yutgan Klopp uchun, agar o‘yin oxirida sovrinni qo‘lga kiritishsa, o‘zgacha hissiyot bo‘lishi tabiiy. Albatta, finaldagi yutuk «Liverpul»ga keyingi o‘yinlar va musobaqalar uchun ajoyib motivatsiya bo‘ladi.

BOShQA O‘YINLAR

24 fevral. ASTON VILLA – Nottingem Forest (20:00), MYu – Fulhem (20:00), Bornmut – MANCheSTeR SITI (22:30), Almeriya – ATLeTIKO (25 fevralga o‘tar kechasi, 01:00)

25 fevral.YuVeNTUS – Frozinone (16:30), PSJ – Renn (21:05), BORUSSIYa D – Hoffenhaym (21:30), MILAN – ATALANTA (25 fevralga o‘tar kechasi, 00:45), ReAL – Sevilya (25 fevralga o‘tar kechasi, 01:00).

Ko‘proq yangiliklar: