«Arsenal» qasos oldi, Yamalning gollari «Barsa»ga g‘alaba keltirmadi. Kun o‘yinlari

Sport 07:08 / 12.02.2024 32171

Angliya: «Arsenal» 10 yildan buyon kuzatilmagan ishni qildi

«Vest Hem» — «Arsenal» 0:6
Gollar:
Saliba (32), Saka (41 penalti, 63), Gabriel (44), Trossar (45+2), Rays (66).
«Vest Hem» – Areolya, Tsoufal, Zuma (Mavropanos, 46), Agerd, Emerson (Kressuell, 76), Jonson, Uord-Prouz, Souchek, Alvares (Fillips, 46), Quddus, Bouen.
«Arsenal» – Rayya, Uayt (Soaresh, 77), Gabriel, Saliba, Kiver, Edegor, Rays (El Nenni, 67), Haverts, Trossar (Nketia, 67), Martinelli (Nvaneri, 77), Saka (Nelson, 67).
Ogohlantirishlar: Alvares (9), Areolya (38), Quddus (76), Fillips (90+1).

«Arsenal»da so‘nggi vaqtlarda «Vest Hem»ga qarshi derbilarda muammolar kuzatilayotgandi va «bolg‘achilar» prinsipial raqibga aylangandi. Dekabrdagi birinchi davra o‘yinida «kanonirlar» barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha to‘liq ustunlikka erishgan, ammo vaziyatlardan foydalana olmasdan yutqaishgandi (0:2). Hisob 0:3 ko‘rinishini olishi ham mumkin edi, ammo Benrahma qo‘shimcha daqiqalarda 11 metrdan gol ura olmagandi. Undan oldingi ikki uchrashuvda ham g‘alaba bo‘lmagandi (Liga kubogida 1:3 va APLning o‘tgan mavsumi ikkinchi davrasida 2:2 – bu ochko yo‘qotishdan keyin jamoaning chempionlik poygasidagi imkoniyatlari pasayib ketgandi). Qasos olish vaqti kelgandi va bu qasos o‘ta shafqatsizlik bilan olindi.

«Arsenal» odatdagi kabi darhol tashabbusni o‘z qo‘liga oldi. Birinchi bo‘limning uchdan bir qismi ortda qolayotganida jamoa o‘yinning 82 foiz vaqtida to‘pga egalik qilayotgandi. Lekin ikki jamoada ham xavfli vaziyatlar yuzaga kelmadi. Vaziyat 23-daqiqadan o‘zgara boshladi, Sakaning o‘ng qanotdan uzatmasidan keyin Trossar to‘pni to‘xtatmasdan bosh bilan zarba berdi va Areolyaning reaksiyasini tekshirib ko‘rdi. Darvozabon uxlab qolmadi va to‘sin ostiga kirayotgan to‘pni yuqoriga ko‘tarib yubordi.

Bu haqiqiy qatl marosimi oldidan shunchaki chigalyozdi mashg‘uloti bo‘lib chiqdi. Asosiy jallod vazifasini esa Rays bajardi, unga sobiq jamoasi muxlislari tomonidan o‘yin davomida hushtakbozlik qilib turildi, ammo bu uning faqatgina jahlini chiqardi:

  • 32-daqiqa: Rays burchak zarbasidan to‘pni olis ustun oldiga yetkazib berdi va Saliba barchadan o‘zib ketib, ikkinchi qavatda g‘olib chiqdi - 1:0.
  • 41-daqiqa: Trossar dohiyona pas bilan Sakani oldinga boshladi, u ofsayd chizig‘ini to‘g‘ri ushladi va raqib himoyachilaridan qochib ketib, Areolya bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib bordi. Fransuz esa angliyalikni yiqitdi. Jabrlanuvchining o‘zi penaltini aniq ijro etib hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi.
  • 44-daqiqa: Rays chap qanotdan standart zarbani mahorat bilan ijro etdi va yaqin ustun oldida turgan Gabriel Magalyaesning boshini topdi. 3:0.
  • 45+2-daqiqa: Edegor Trossarni ajoyib pas bilan ta’minladi va Leandro jarima maydoni chizig‘i ustida turib uzoq to‘qqizlikni aniq nishonga oldi.

4:0 — «kanonirlar» safar o‘yinlarida 2011 yil fevralidan buyon tanaffusga qadar bunday ustunlikka erishmagandi.

15 daqiqa ichida to‘rt gol. Uchtasi — olti daqiqa ichida. Shokka tushgan mezbon jamoa muxlislari shunchaki o‘rnidan turdi va yoppasiga stadionni tark eta boshladi. Hali tanaffus bo‘lmasdanoq. Tanaffusdan keyin tribunalarda bo‘shab yotgan joylar yaqqol ko‘rinib turardi.

Birinchi bo‘lim statistikasi ham boshni aylantirar darajada: zarbalar bo‘yicha 15-1 (darvoza sohasiga borgan zarbalar bo‘yicha 7-0), burchak zarbalari bo‘yicha 6-1, xG bo‘yicha 2,78 (kutilgan gollar soni) ga qarshi 0,02. Zarbalardan 12 tasi raqib jarima maydoni ichidan turib yo‘llangan, ya’ni bu chiroyli raqamlar uzoqdan tavakkal yo‘llab ko‘rilgan zarbalar evaziga emas, kombinatsiyalar yakunida yo‘llangan zarbalar hisobiga shakllangan.

O‘yinning ikkinchi bo‘limi quruq rasmiyatchilikka aylandi. 58-daqiqada Areolya Sakaning kuchli zarbasidan keyin to‘pni darvoza to‘sini ostidan qaytardi. Lekin baribir yana ikki gol qo‘yib yubordi. «Bolg‘achilar» mudofaasi chok-chokidan so‘kilib ketgandi. Edegor Bukayoni uzatma bilan ta’minladi va u qanotga qochib, Agerni ortda qoldirdi va yaqin burchakni nishonga oldi. Keyin esa Rays 30 metr masofadan qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi. 6:0!

«Arsenal» 2023 yil 29 noyabridan buyon bunday yirik hisobda g‘alaba qozonmagandi: o‘shanda YeChLda «Lans» darvozasiga oltita javobsiz gol yo‘llandi. «Vest Hem» esa oxirgi bor bunday mag‘lubiyatni 2014 yil 8 yanvarida qabul qilib olgandi - Liga Kubkogida «Manchester Siti»dan (6:0).

Yakuniy statistika: zarbalar bo‘yicha 25-5 (darvoza sohasiga aniq borgan zarbalar bo‘yicha 12-1), burchak zarbalari bo‘yicha 6-2, xG bo‘yicha 3,66 ga qarshi 0,30.

Aftidan «Vest Hem» va shaxsan Devid Moyyes tushunib olishdi: yaxshisi «Arsenal»ning jahlini chiqarmaslik kerak. «To‘pchilar» g‘alabali seriyani (to‘rt o‘yin) chiroyli davom ettirdi va ochkolar soni bo‘yicha «Manchester Siti»ga yetib oldi. Lekin Pep jamoasida bitta zaxira o‘yini bor. «Liverpul» ham uzoqda emas — faqat ikki ochko oldinda. APLning bu mavsumidagi intriga har qachongidan kuchliroq.

«Aston Villa» — «Manchester Yunayted» 1:2
Gollar:
Luis (67) — Hoylund (17), Maktominey (86).
«Aston Villa» – Martines, Kesh, Diyego Karlos, Langle, Moreno (Din, 87), Makginn (Zaniolo, 87), Beyli (Tilemans, 73), Kamara (Diabi, 65), Duglas Luis, Remzi, Uotkins.
«Manchester Yunayted» – Onana, Dalot, Varan, Maguayr, Shou (Lindelyof, 46), Kazemiro, Fernandesh, Maynu (Amrabat, 90), Garnacho, Reshford (Maktominey, 73), Hoylund (Evans, 90).
Ogohlantirishlar: Kazemiro (37), Maynu (45), Langle (45), Kesh (60), Diabi (71).

«MYu» Chempionlar ligasi o‘rinlari uchun kurashni davom ettirmoqda. Bir tomondan hali to‘rtlikka kirishga uzoq, boshqa tomondan – APLda beshinchi o‘rin ham yo‘llanma berishi mumkin. Bu safar ten Hag jamoasi to‘g‘ridan to‘g‘ri raqib mehmoni bo‘ldi – «Aston Villa». Va «MYu» startdayoq yaxshi o‘ynay boshladi.

Onaning Afrika kubogidagi ishtiroki muvaffaqiyatsiz chiqdi (darvoza sohasiga aniq kelgan uch zarba – va uchalasi ham gol), ammo u APLda qutqarmoqda va qaytarilgan zarbalar ulushi bo‘yicha chempionatda eng yaxshilardan biridir. Qolaversa, butun jamoaning o‘yini yaxshilana boshladi. 17-daqiqadayoq Maguayr bosh bilan to‘p tashlab berdi, Hoylund esa bir teginishda zarba berib hisobni ochdi. Daniyalik hujumchi avvaliga 14 tur davomida gol ura olmagandi, endi esa qatorasiga beshinchi o‘yinda gol urmoqda. 

«MYu» o‘yin bo‘yicha ustunlik qildi deyish qiyin. Birinchi bo‘limda teng o‘yin kechdi, ammo «Villa» turnir jadvalida yuqoriroq joylashgani va o‘z maydonida o‘ynagani hisobga olinsa, bu «MYu» uchun yaxshiroq holat edi.

Tanaffusda mehmonlar majburiy almashtirishni qilishiga to‘g‘ri keldi –  Shou o‘rniga Lindelyof chiqdi. Va ikkinchi bo‘lim boshida «MYu» darvozadan chap qanot orqali chiqishda to‘pni yo‘qotdi va «Villa»ning hujumi Uotkinsning besh metrdan yo‘llagan zarbasi Onananing ko‘krak sohasidan qaytishi bilan yakunlandi. Keyin mezbonlar yana bir qancha qulay vaziyatlarni yo‘qqa chiqardi, ammo 66-daqiqaga kelib Duglas Luis bir necha metr masofadan darvozani ishg‘ol etdi. Bu safar Onana ilojsiz vaziyatda qolgandi – 1:1. Braziliyalik yarimhimoyachi golni darvozabon qarshisida raqs tushib nishonladi va provokatsiya qildi.

Ikkinchi bo‘lim davomidagi o‘yini bilan «Villa» nihoyat raqibni taslim etishi va o‘z uch ochkosini olishi kutilgandi. Ammo maydonga Maktominey chiqdi – va yana bir bor g‘alaba golini urib, «MYu»ni qutqardi. Bu safar u 86-daqiqada bosh bilan aniq zarba yo‘lladi va golni nishonlash uchun mehmon fanatlar joylashgan tribuna tomon chopdi. Bu shotlandiyalikning bu mavsumdagi yettinchi goli – ushbu tayanchyarimhimoyachisi jamoaning eng yaxshi to‘purari bo‘lib turibdi. 

Ten Hag jamoasi 2024 yilni ajoyib o‘tkazmoqda: barcha turnirlar qo‘shib hisoblanganda beshta g‘alaba va «Tottenhem» bilan durang. «MYu»ni hali beshinchi o‘rindan yana besh ochko ajratib turibdi. Lekin endi jamoa urilgan va o‘tkazib yuborilgan gollar bo‘yicha manfiy ko‘rsatkichga ega emas. «Villa» esa top-4 ga qayta olmadi va «Tottenhem»ni ta’qib qilishda davom etadi.

Ispaniya: grandlarda muammo

«Sevilya» — «Atletiko» 1:0
Gol:
Romero (15).
«Sevilya» – Nyuland, Navas (Xuanlu Sanches, 64), Ramos, Bade, Akunya, Sou (Xordan, 88), Okampos, Oliver Torres (Suso, 64), Sumare, An-Nosiri (Pedrosa, 88), Romero (Lamela, 78).
«Atletiko» – Oblak, Paulista, Ermoso, Vitsel (Reynildu, 66), Liorente, Koke (Korrea, 60), De Paul, Barrios (Molina, 46), Grizmann, Morata (Depay, 46), Lino (Rikelme, 84).
Ogohlantirishlar: Vitsel (26), Suso (70), An-Nosiri (77).

«Sevilya» uzoq cho‘zilgan inqirozi davomida o‘ziga xos grafik bilan yashashda davom etmoqda. Sevimli Yevropa ligasida g‘olib chiqilganidan keyin ham, o‘tgan mavsumdagi kabi bu mavsumda ham andalusiyaliklar ikki bor bosh murabbiyni almashtirishdi. Avvaliga Yevropa miqyosidagi triumfator Xose Luis Mendilibar endi jamoani torta olmayapti degan qarorga kelindi. Keyin esa avval Yevropada hech qachon ishlamagan urugvaylik Diyego Alonsoni tanlab xato qilishdi. Endi esa jamoani Kike Sanches Flores inqirozli davrdan olib chiqishga harakat qilmoqda.

An-Nosiri Afrika kubogiga ketganida «Sevilya»ning ikkinchi jamoasidan hujumchi Isak Romero asosiy jamoaga olib o‘tilgandi. U kubok o‘yinida dubl qayd etish bilan boshladi, keyin esa chempionat o‘yinlarida ishonchli harakat qila boshladi. Yakshanba kungi o‘yinda ham «Sevilya» asosiy jamoasidagi o‘yinlari sonini beshtaga yetkazib olgan aynan ushbu 23 yoshli forvard hisobni ochdi. Agar Romero hujumlarni yakunlashda hayajonlanmaganida het-trik qayd etishi ham mumkin edi. An-Nosirida ham vaziyatlar bo‘ldi va uning bir zarbasi ustunga tegdi.

Boshqa tomondan mehmonlarning imkoniyatlarini Morata ko‘kka sovurdi. Birinchi bo‘lim oxirida «Atletiko» forvardi maydon markazidagi to‘qnashuvdan keyin tizzasini ushlab yotib, yig‘lab yubordi. Agar u jiddiy jarohat olgan bo‘lsa, bu  klub uchun ham, Ispaniya milliy jamoasi uchun ham jiddiy zarba bo‘ladi. Yakshanba kungi o‘yinda «matraschilar»ning boshqa vakillari ham gol ura olishmadi va Diyego Simeone jamoasi kataloniyaliklarning ochko yo‘qotishidan foydalanib, uchinchi o‘ringa ko‘tarilish o‘rniga top-4 dagi pozitsiyasini ham xavfo stida qoldirishdi. Dushanba kuni madridliklarni «Atletik» quvib o‘tishi mumkin, 19 dekabrdan buyon la ligada ilk g‘alabasiga erishgan «Sevilya» esa xavfli zonadan olti ochkoga uzoqlashib oldi.

«Barselona» — «Granada» 3:3
Gollar:
Yamal (14, 81), Levandovski (63) — Sanches (43), Pellistri (60), Mikel (66).
«Barselona» – ter Stegen, Kunde, Martines, Kubarsi, Kanselu (Rafinya, 75), Kristensen (Lopes, 67), Gundo‘g‘an, de Yong, Pedri (Giu, 89), Yamal, Levandovski.
«Granada» – Batalya, Rikard Sanches, Mikel, Rubio, Mauassa, Pellistri (Yuzvyak, 84), Melendo (Kallexon, 75), Gumbau (Torrente, 90), Ruis, Ongla, Uzuni (Areso, 84).
Ogohlantirishlar: Ruis (33), Mikel (78), Lopes (78).

«Barselona» «Granada» mudofaasini ancha tez buzib o‘tdi va Joau Kanselu uzoq ustun oldida ochilgan Yamalni namunali uzatma bilan ta’minladi. Ammo birinchi bo‘lim davomida bu muvaffaqiyatni rivojlantirishning imkoni bo‘lmadi, Kristensen esa (u yana tayanch zonasiga o‘tkazilgandi) tanaffus arafasida hisobni tenglashtirgan raqibga qarshilik ko‘rsata olmadi. Uch oylik tanaffusdan keyin darvozaga qaytgan Ter Shtegenda ham bu vaziyatda hech qanday imkon yo‘q edi. Xuddi ikkinchi gol urilgan vaziyatda bo‘lgani kabi.

Bu o‘yinda «Granada» qishki transferlar vaqtida «MYu»dan ijaraga olgan Pellistri o‘zini ko‘rsatdi. Ushbu vinger avvaliga Rikard Sanchesga golli uzatma berdi. Tanaffusdan keyin esa darvozaning uzoq burchagini aniq nishonga oldi, bu urugvaylik futbolchining Yevropadagi ilk goli.

Bu syurpriz bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Ammo unutmaslik kerakki, ko‘k-anorranglilar xavfli zonada turgan «Granada»ni besh o‘yindan buyon mag‘lub eta olmayapti.

Ular bu jamoaga «Kamp Nou»da ham yutqazishgan, hozir esa jamoaga o‘sha stadion sehri yetishmayapti. Himoya chizig‘ida muammolar hal etilmas ekan, muvaffaqiyatdan umid qilib bo‘lmaydi. Gundo‘g‘anning bu mavsumda Levandovskiga bergan o‘ninchi uzatmasi ham, yuqori formadagi Yamalning ikki goli ham yordam bera olmaydi. La liga tarixida o‘nta golli harakat ishtirokchisi bo‘lgan eng yosh futbolchi o‘yinning eng yaxshi futbolchisi uchun atalgan sovrinni qabul qilib olganidan keyin shunday dedi: «Biz juda ko‘p gol o‘tkazib yuboryapmiz».

Xavi yana «Granada»ni yenga olmadi – bu Ispaniyada u tomonidan biror marta mag‘lub etilmagan ikki jamoadan biri (ikkinchisi – «Rayo Valekano»).

Italiya: Pioli uchun sovg‘a

«Milan» — «Napoli» 1:0
Gol:
Ernandes (25).
«Milan» – Menyan, Kalabriya (Florensi, 37), Ker (Simich, 66), Gabbiya, Ernandes, Loftus-Chik, Binnosir (Musa, 65), Pulishich (Ximenes, 81), Adli, Leau, Jiru (Yovich, 80).
«Napoli» – Gollini, Di Lorenso, Jyezus (Ngonj, 90), Rrahmani, Estigor (Politano, 46), Matssokki (Olivera, 76), Lobotka, Zelinski (Lindstrem, 76), Zambo-Angissa, Kvaratsxeliya, Simeone (Raspadori, 55).
Ogohlantirish: Jyezus (85).

Stefano Pioli «Milan» bosh murabbiyligida 220-o‘yinini o‘tkazib, bu borada afsonaviy Arigo Sakki bilan tenglashib odi. Oldinda faqat Karlo Anchelotti (420), Nereo Rokko (339), Fabio Kapello (300) va Nils Lindholm (277) kabilar bor. Jamoa esa bunday kunda unga sovg‘a tayyorladi. Kuchli raqibga qarshi o‘yin mezbonlar ustunligida kechdi va Rafael Leauning pasidan keyin Ernandes odatga ko‘ra hujumga qo‘shilib, g‘alaba golini urdi. Shu bilan birga ikkinchi bo‘limda qator istiqbolli qarshi hujumlarni barbod qilgan rossonerilar Piolini xavotirlanishga majbur qilishdi. Ammo yakunda g‘alabali hisob ushlab qolindi — uchinchi o‘rinda mustahkam joylashgan jamoa ikki oydan buyon yutqazmayapti, bu esa amalda Chempionlar ligasidagi ishtirokni ta’minlaydi. Beshinchi o‘rinda kelayotgan «Bolonya» bilan oradagi farq — o‘n uch ochkoga teng. «Milan»ning hozirgi ko‘rsatkichi (24 turdan keyin 52 ochko) — klub tarixidagi uchinchi eng yaxshi natija.

Germaniya: «Shtutgart» «Leypsig»dan ilgarilab ketmoqda

«Shtutgart» — «Mayns» 3:1
Gollar:
Mittelshtadt (45+1), Leveling (45+3), Undav (73) — Ajork (73).
«Shtutgart» – Bredlov, Shtensel (Vagnoman, 61), Anton, Ito, Mittelshtedt, Karazor, Shtiller (Daud, 76), Fyurix (Ruo, 62), Miyo, Leveling (Girassi, 62), Undav (Chon Vu Yon, 79).
«Mayns» – Tsentner, Hanche-Olsen (Kraus, 70), van der Berg, Gilavogi (Gruda, 84), Kasi, Papela (Li Chje Son, 46), Kor (Barreyro, 46), Amiri, Ajork, Ngankam (Rixter, 46), Burkardt.
Ogohlantirishlar: Karazor (82), Gilavogi (84).

Shanba kuni «Leypsig» Chempionlar ligasi orzusidagi raqobatchilariga yana bir sovg‘a tayyorlagandi. «Ho‘kizlar» jamoasi «Frayburg» ustidan g‘alabani boy berdi va bu esa turni g‘alaba bilan boshlab bergan Dortmundning «Borussiya» klubiga ham, turni yakunlab bergan «Shtutgart»ga ham qo‘l keldi. Avvaliga o‘z to‘purari Girassi Afrika kubogiga yo‘l olganini og‘riqli qabul qilgan «shvablar» ko‘p o‘tmay gvineyalik hujumchisisiz o‘ynashni o‘rganib oldi. Agar hafta o‘rtasida Germaniya kubogidan chiqib ketilgani hisobga olinmasa va faqat bundesliga o‘yinlari hisobga olinsa, Sebastiyan Hyoness jamoasi qatorasiga uch g‘alabaga erishgan. Navbatdagi muvaffaqiyat birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda ta’minlandi. Bir necha daqiqa Mittelshtadt havodagi to‘pni darvozaga yo‘llashi hamda Levelinga to‘pni cho‘pchitib darvozabonni dog‘da qoldirishi uchun yetarli bo‘ldi. Ikkinchi bo‘limda esa Undav «Mayns»ni butkul taslim etuvchi golni urdi, u qatorasiga beshta o‘yinda maydonni golsiz tark etmayapti.  Endi «Shtutgart» beshinchi o‘rin bilan oradagi farqni besh ochkoga yetkazib oldi.

Kun statistikasi

  • «Xetafe» faxriy futbolchisi Hayme Mata la ligada beshinchi bor dubl qayd etdi, 35 yoshli forvardning bunday o‘yinlaridan ikkitasi «Selta»ga qarshi bo‘lib o‘tdi.
  • Joriy mavsumda «Ayaks» o‘yin davomida 0:2 hisobi yuzaga kelganida 5 bor yutqazdi. Bu amsterdamliklarning eng yomon natijasi takrorlanishi bo‘ldi.
  • Joriy mavsumda «Fiorentina» safida 15 futbolchi gol urgan. Bu A seriya jamoalari orasidagi eng yaxshi ko‘rsatkich.
  • «Renn» yarimhimoyachisi Burigo liga 1 o‘yinlarida 50 gol urdi. U hozirda faoliyatini davom ettirayotgan ampluadoshlari orasida faqat Kabelladan ortda (58).
  • «MYu» APLda tanaffusga qadar ustunlik qilgan 142 o‘yinida yutqazmagan (+122=20).
Ko‘proq yangiliklar: