Dunyoning eng qimmat brendlari, Cadillac Optiq va Ob-havoni oldindan aytib beradigan neyron tarmoq – hafta texnodayjesti

Fan-texnika 14:26 / 26.11.2023 54584

Dunyodagi eng yirik quyosh elektr stansiyasi

BAAda dunyodagi eng yirik quyosh elektr stansiyasi – Al-Dafra ishga tushirildi. 2 gigavatt (GW) quvvatga ega stansiya Abu-Dabidan 35 km uzoqlikda joylashgan va deyarli 4 mln dona ikki yuzli quyosh panellari bilan jihozlangan.

Al-Dafra 200 mingga yaqin uyni quvvat bilan ta’minlaydi va har yili atmosferaga chiqadigan karbonat angidrid chiqindilarini 2,4 mln tonnadan ortiqqa qisqartiradi.

Maskur loyiha Abu Dhabi Future Energy Company (Masdar, ulushi – 40 foiz), Abu Dhabi National Energy Company (TAQA, ulushi – 20 foiz), Fransiyaning EDF Renewables (ulushi – 20 foiz) kompaniyasi va Xitoyning JinkoPower (ulushi – 20 foiz) kompaniyalari tomonidan amalga oshirilgan.

Ob-havoni oldindan aytib beradigan neyron tarmoq

Google ob-havoni bashorat qiladigan yangi neyron tarmoq yaratdi. Buyuk Britaniyadagi Google’ga tegishli Deepmind kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan GraphCast tarmog‘i ob-havoni sinoptiklarga qaraganda tezroq va aniqroq prognoz qilib bergan. Xususan, sun’iy intellekt bir daqiqadan kamroq vaqt ichida 10 kunlik ob-havo haqidagi ma’lumotlarni taqdim qilgan.

Ta’kidlanishicha, GraphCast neyron tarmog‘i Yevropa o‘rta masofali ob-havo prognozlari markazidan (ECMWF) olingan 39 yillik ma’lumotlar bo‘yicha o‘qitilgan.

Cadillac Optiq

Cadillac Optiq krossoveri namoyish etildi. Avtomobilning uzunligi 4,82 metr bo‘lib, Xitoyda ishlab chiqariladigan versiyasi bitta elektromotorli bo‘ladi. U komplektatsiyasiga qarab 204 va 245 ot kuchini bera oladi. Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, umumiy quvvati 287 ot kuchiga ega bo‘lgan ikkita elektromotorli versiyani tayyorlash ustida ham ish olib borilyapti.

Cadillac Optiq’ni ishlab chiqarish 2024 yilda boshlanishi kutilmoqda.

Dunyoning eng qimmat brendlari

Interbrand dunyodagi eng qimmat brendlarning an’anaviy reytingini e’lon qildi. Apple ketma-ket o‘n birinchi marta ushbu ro‘yxatda birinchi o‘rinni egalladi. Kompaniya qiymati 502,7 mlrd dollarga baholangan. 

Ikkinchi o‘ringa Microsoft joylashgan. Ushbu brend qiymati 316,7 mlrd dollarga baholangan. Joriy yilda kompaniya bahosi 14 foizga oshgan. 

Uchinchi o‘rinda Amazon brendi qayd etilgan. U 276,9 mlrd dollarga baholangan. Brend joriy yilda 1 foizga qimmatlagan.

Shuningdek, reytingning yetakchi o‘ntaligidan Google (260,2 mlrd dollar), Samsung (91,4 mlrd dollar), Toyota (64,5 mlrd dollar), Mercedes-Benz (61,4 mlrd dollar), Sosa-Sola (58 mlrd dollar), Nike (53,7 mlrd dollar) va BMW(51,1 dollar) joy olgan.

«Aqlli» bekatlar

Toshkent shahrida sinov tariqasida «aqlli» bekatlar tashkil etiladi. Ularda jamoat transporti yo‘lovchilari va boshqalar o‘z mobil qurilmalarini quvvatlantirishi, Wi-Fi tarmog‘idan foydalanishi hamda elektron tabloda kutilayotgan avtobus kelishiga qancha vaqt qolganligini ko‘rishlari mumkin bo‘ladi. 

Bekat videokuzatuv tizimi bilan ham jihozlanib, yanada kengroq bo‘ladi.

Tesla’ning soati

Tesla yangi mahsuloti - Tesla S3xy Time Glow Clock deb nomlangan soatni sotishni boshladi. Qurilma oltita rangli IPS displey bilan jihozlangan. Ulardan beshtasini har xil rejimlarga o‘zgartirish va sozlash mumkin.

Stendda USB-C porti mavjud bo‘lib, u qurilmani quvvatlantirish uchun ishlatiladi. Wi-Fi sinxronizatsiyasi qo‘llab-quvvatlanadi. Soatning o‘lchamlari 204×68×70 mm. Narxi esa 116 dollar.

Ko‘proq yangiliklar: