Ukraina uchun F-16. «Qiruvchilar koalitsiyasi» maqsadga erisha oladimi?

Jahon 18:00 / 22.05.2023 16710

Hozircha gap Ukraina harbiylarini qiruvchisiz samolyotlarni boshqarishga o‘qitish haqida bormoqda. Ular aynan qanday uchoqlarda mashg‘ulot o‘tashi ham aniq emas. Ukraina dastlab qiruvchi samolyotlar so‘raganida qat’iy rad javobini olayotgandi. Shu sabab bu mavzuda muhokamalar boshlanganining o‘zi ko‘p narsani anglatadi. Zelenskiy G‘arbdagi ittifoqchilari bilan uchrashuvlarda ularni qiruvchi samolyotlar urushni tugatish uchun zarurligiga ko‘ndira olgan ko‘rinadi.

Britaniya hukumati ukrainalik uchuvchilarni qiruvchi samolyotlarni boshqarishga o‘qitish boshlanishini ma’lum qildi. Ularning bayonotida ham qanday turdagi samolyotlar haqida gap borayotgani aytilmagan.

«Yozda ukrainalik uchuvchilarni o‘qitishni boshlaymiz. Avvaliga boshlang‘ich tayyorgarlik o‘taladi. Ularga britaniyalik uchuvchilarga o‘qitiladigan mashg‘ulotlar o‘tiladi. Shu bilan birga, Britaniya Ukraina o‘zi xohlayotgan F-16 qiruvchilarini olishi uchun boshqa davlatlar bilan ish olib boradi», deyiladi Dauning-strit bayonotida.

Britaniya ukrainalik uchuvchilarni aynan F-16 qiruvchi samolyotlarini boshqarishga tayyorlashi haqida aytmagan. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham mamlakat ukrainalik uchuvchilarni o‘qitishga tayyorligini bildirgan.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak niderlandiyalik hamkasbi bilan muzokara o‘tkazganidan keyin tarqalgan bayonotda shunday xulosaga kelish mumkinki, Britaniya Ukriana F-16 olishi uchun keragicha harakat qiladi, lekin ukrainalik uchuvchilarni modeli aytilmagan samolyotlarda tayyorlaydi.

«Bosh vazir Sunak hamda bosh vazir Ryutte Ukraina harbiy qudratini oshirish, uchuvchilarni tayyorlashdan boshlab F-16 qiruvchi samolyotlarini sotib olishgacha yordam berish uchun xalqaro koalitsiya tuzishga kelishib olishdi», deyiladi bayonotda.

Britaniya uchuvchilarni NATO arsenalida bo‘lgan deyarli barcha qiruvchi samolyotlarda parvoz qilishga tayyorlay oladi. Ammo mutaxassislar Britaniya armiyasida F-16 qiruvchilari yo‘qligiga e’tibor qaratgan.

Amerikaliklar gumoni

Muammo shundaki, Ukrainaga F-16 qiruvchi samolyotlarini yetkazib berish uchun avvalo ularni ishlab chiqaradigan AQSh bilan kelishish kerak. Amerikada esa Ukrainaga bunday tipdagi qiruvchilarni yetkazib berish borasida yakdillik yo‘q. Bu o‘ta jiddiy qurol bo‘lgani bois, uni qaysidir davlatga yetkazib berish masalasini faqat harbiylar emas, siyosatchilar ham hal qiladi.

Fransiya, Britaniya, Niderlandiya kabi davlatlarning bayonotlari ular siyosiy jihatdan bu ishga qarshi emasligidan dalolat. Ammo AQSh tomoni F-16 borasida aniq gap aytmayapti.

Zamonaviy qiruvchilar murakkab aerodrom infratuzilmasini talab etadi.

Yanvar oyi oxirida Ukraina G‘arbdan tanklar olish bo‘yicha kelishuvga erishgan bir vaqtda Baydendan Ukrainaga qiruvchi samolyotlar ham beriladimi, deb so‘rashgan, AQSh prezidenti esa qisqagina «yo‘q» deb javob bergandi. 18 may kuni New York Times gazetasi o‘z manbalariga tayanib, AQSh nafaqat Ukrainaga F-16 qiruvchilarini yetkazib berishga, balki ukrainalik uchuvchilarni bunday uchoqlarni boshqarishga o‘rgatishga ham ruxsat bermasligi haqida yozib chiqqandi.

Ukraina harbiy havo kuchlari spikeri Yuriy Ignat NYT e’lon qilgan bu xabarga ehtiyotkorlik bilan yondashish kerakligini aytib, avvalo ma’lumot manbasi mavhum ekanini ta’kidladi, ammo AQShda chindan bu borada turlicha fikrlar borligini tan oldi.

«Hozirda ukrainalik uchuvchilar hech qayerda F-16 qiruvchilarini boshqarish bo‘yicha o‘qimayapti. Bunga ruxsat berilishi bilan jarayon boshlanadi. Biz tomondan hamma narsa tayyor, uchuvchilar tayyor. Aynan qanday samolyot xohlayotganimiz ham aniq – F-16. Fransiya va Italiya ularda F-16 bo‘lmasa ham tayyorgarlik uchun o‘z bazalarini berishga tayyor ekanligini ma’lum qilib bo‘lgan», degan Ignat.

Rozilar va qarshilar

AQShda Ukraina armiyasi uchun qiruvchi samolyotlar yetkazib berish bo‘yicha muhokama ketayotgani haqida NYT nashri yozib chiqdi. Gazetaning shaxsi sir qolishini so‘ragan manbasiga ko‘ra, Vashingtonda Ukraina uchun qiruvchi samolyot o‘rniga yerda ishlaydigan tizimlar va havo hujumidan mudofaa tizimlari berish kerak deb hisoblaydiganlar ko‘p. Bundaylar orasida AQSh Senatining qurolli kuchlar bo‘yicha qo‘mitasi raisi Jyek Rid ham bor.

Fevral oyida AQShdagi Air & Space Forces nashrida Ridning Ukrainaga F-16 yetkazib berishga qarshi ekani aytilgan maqola e’lon qilingandi. Uning fikricha, Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari tufayli Ukraina armiyasi o‘zida mavjud eski samolyotlardan ham 100 foiz foydalana olmayapti. «Ular daraxt balandligida uchishadi. Hali nishonga yetmay darrov xavfsiz balandlikka pastlab olishadi. Ko‘plab uchuvchilarni aynan shu sabab yo‘qotishdi», degandi senator.

Uning fikricha, Ukraina armiyasi F-16'ning ustunliklaridan foydalana olmaydi, chunki front osmonidagi holat bunga imkon bermaydi. Senator Ukrainaga qiruvchi samolyot o‘rniga uzoq masofaga mo‘ljallangan ATACMS raketalarini berishni taklif qilgan.

Siyosiy savol

Ukrainaga F-16 berish kerak deb hisoblaydiganlarning ham o‘z haqiqatlari bor. Ularning fikricha, Ukraina armiyasida mavjud bo‘lgan, oxirgi vaqtlarda Slovakiya hamda Polsha bergan MiG-29 qiruvchilari tezda eskirib qoladi. Oqibatda ularda urushish imkonsiz bo‘ladi va G‘arb baribir uning o‘rniga variant izlashga majbur bo‘ladi.

«Qiruvchi samolyotlar koalitsiyasi» Ukrainaga qiruvchilar yetkazib berish tomon tashlangan katta qadam bo‘ladi. Yevropaning qator davlatlari bu tashabbusni qo‘llayotgani esa jarayonni tezlashtirishi mumkin. Ammo qiruvchi samolyotlar olish tank olishdan ancha qiyin kechadi. Ukraina armiyasi ittifoqchilaridan 40-50 ta atrofida qiruvchi samolyot olmoqchi.

Bu jarayon tez amalga oshmasligi aniq va qishgacha cho‘zilib ketishi mumkin. Chunki avvalo uchuvchilarni ularni boshqarishga tayyorlash kerak, aerodromlarni qayta jihozlash, u yerdagi personalni tayyorlash, obektni raketa zarbalaridan himoyalash, hatto Havo kuchlari qo‘mondonlarini ham o‘qitish kerak bo‘ladi.

Ammo bu asosan siyosiy yo‘l bilan hal qilinadigan masala hisoblanadi. Masalan, Ukrainaga tank yetkazib berish masalasi mujmal bo‘lib turgan bir vaqtda Britaniya Challenger 2 zirhli texnikalarini berishi ortidan qolgan davlatlar ham o‘z zirhli jangovar mashinalarini Ukrainaga yubora boshladi.

Masala katta minbarda ham ko‘tarildi

Foto: Susan Walsh/POOL/AFP/Getty Images

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy mamlakat armiyasi F-16 qiruvchilarini olishi uchun jiddiy harakat qilmoqda. U Yaponiyaning Hiroshima shahrida o‘tgan G7 yetakchilari yig‘ilishida bu masalani dunyo iqtisodiyoti gigantlari oldida ko‘tardi. Yig‘ilishda umumiy ma’noda G‘arb Ukrainaga F-16 qiruvchi samolyotlari yetkazib berishni qo‘llashi aytildi.

AQSh prezidenti Jo Bayden Zelenskiy bilan uchrashuvdan keyin Ukraina prezidenti F-16 yetkazib berilgan taqdirda ular vositasida Rossiya hududiga zarba berilmasligiga ishontirganini aytdi. Rishi Sunak esa yig‘ilishdan keyin ukrainalik uchuvchilar yozda aynan F-16 bo‘yicha o‘qitilishini ta’kidlab aytdi.

Bayden nega rozi bo‘lmayapti?

Yaponiyadagi sammitdan keyin jurnalistlar Baydenga shunday savol berishdi:

Jurnalist: Rossiya tomoni F-16 yetkazib berilishi jiddiy muammo keltirib chiqarishini aytdi.

Bayden: Ular uchun shunday.

AQSh prezidentining xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan Bayden nega Ukrainaga qiruvchilar berilishi borasida bir qarorga kelmaganini tushuntirishga harakat qildi: «Omborlarimizdagi F-16 miqdori, bizga ajratilgan pul va yana ko‘plab boshqa qurollar berishimiz kerakligi inobatga olinsa, katta ehtimol bilan, biz uchinchi tomon bunday samolyotlarni yetkazib berishi variantini ko‘rib chiqishimiz mumkin, lekin prezident hali bir qarorga kelgani yo‘q», dedi Sallivan.

Yaponiyadagi sammitdan keyin Oq uy ukrainalik uchuvchilarni F-16 qiruvchilarini o‘qitishga qarshi emasligi, shuningdek, uchinchi davlatlar Ukrainaga bunday samolyotlar yetkazib berishiga e’tiroz bildirmasligi haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

Bayden Ukrainaga qiruvchi samolyot yetkazib berishga qarshi ekani ko‘plab omillar bilan izohlab kelinadi. Xususan, Rossiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri mojaro kelib chiqishini istamasligi, shuningdek, uchuvchilarni tayyorlashga ko‘p vaqt ketishi sabab qilib keltiriladi. Sallivan esa Jo Bayden qiruvchi samolyotlar Ukrainaning qarshi hujumi uchun juda zarur vosita bo‘lmagani uchun ularni berishga rozi bo‘lmayotganini aytgan.

«AQSh Ukrainaga qarshi hujum uchun kerakli eng muhim qurollarni berishga harakat qildi. Endi asta-sekin Ukrainaning uzoq muddatli o‘zini himoya qilish tizimini yaratish haqida o‘ylash mumkin. G‘arbning to‘rtinchi avlod qiruvchi samolyotlari, F-16 aynan shu maqsadda kerak bo‘ladi», degan Baydenning maslahatchisi.

Zelenskiyning bayonoti nimani anglatadi?

Ukraina prezidenti Yaponiyadagi «Yettilik guruhi» uchrashuvidan ko‘tarinki ruhda qaytdi va F-16 borasida jiddiy siljish bo‘lganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina bunday qiruvchilarni olishi deyarli aniq bo‘lgan.

«Bizning uchuvchilar F-16 nima ekanini tushunib yetsa, bu mashinalar osmonimizda paydo bo‘lsa, uning ta’sirini hamma sezadi. Bu dunyo va Yevropa xavfsizlik arxitekturasi uchun muhim tarixiy voqelik bo‘ladi», dedi Zelenskiy.

Ukraina yetakchisi AQSh tomonidan yetkazib berilgan Patriot havo hujumidan mudofaa tizimlari ko‘plab ukrainaliklarning hayotini saqlab qolayotganini aytib, minnatdorchilik bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, havo qalqoni mustahkam havo hujumidan mudofaa tizimi hamda zamonaviy qiruvchi samolyotlar uyg‘unlashgandagina mukammal bo‘lishi mumkin. Zelenskiy G7 sammitiga Ukrainaga berilayotgan yordam uchun shaxsan minnatdorchilik bildirishga kelganini ta’kidladi.

Ko‘proq yangiliklar: