Ukraina texnologik kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirmoqda

O‘zbekiston 09:08 / 22.05.2023 6564

Uchrashuv davomida kompaniyaning o‘zbekistonlik hamkorlari bilan aloqalarini yanada rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli masalalar muhokama qilindi

Uklon – ride-hailing sohasidagi Ukrainaning eng yirik kompaniyalaridan biri bo‘lib, uning xizmatlaridan Ukraina aholisi faol foydalanadi. Uklon Forbes jurnaliga ko‘ra 30 ta eng yaxshi startaplardan biri. Bugungi kunda Uklon Ukrainadagi ride-hailing xizmatining uchdan bir qismini nazorat qilib, Uber va Bolt kabi yirik xalqaro kompaniyalar bilan muvaffaqiyatli raqobatlashadi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekistondagi qulay investitsion muhit, texnologik o‘sish uchun keng imkoniyatlarni yaratilganligi hamda qulay shahar muhitini shakllantirish uchun katta salohiyat mavjudligiga alohida e’tibor qaratildi.

Kompaniya vakillari Ukrainadagi mavjud vaziyat va u bilan bog‘liq biznes uchun qiyinchiliklarga qaramay, yuqori salohiyatga ega qator mamlakatlarga millionlab dollar sarmoya kiritib, o‘z faoliyatini kengaytirishga qaror qilgan.

“Biz bir nechta bozorlarni tahlil qildik va bir qator omillarni hisobga oldik. Bular – iqtisodiyot, raqobat, madaniyatni tushunish va, albatta, strategik salohiyat. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlardan ilhomlandik, shu bois biz bu davlatda biznes va ish o‘rinlariga sarmoya kiritishga qaror qildik”, dedi Uklon texnologik kompaniyasi vakillari.

Uchrashuv yakunida savdo-iqtisodiy sohadagi O‘zbekiston-Ukraina hamkorligini yanada kengaytirish va Uklon kompaniyasini O‘zbekiston bozoriga kirishini ta’minlash maqsadida muloqotni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Ko‘proq yangiliklar: