"Shimoliy oqim"dagi portlashlar: Germaniya OAV yangi ma’lumotlarni aniqladi

Jahon 10:03 / 22.05.2023 10515

"Shimoliy oqim" va "Shimoliy oqim 2" gaz quvurlaridagi portlashlar ishida Ukrainaga olib boruvchi yangi izlar paydo bo‘ldi. Bu haqda Germaniyaning NDR va WDR ommaviy axborot vositalari hamda Süddeutsche Zeitung gazetasi tomonidan Shvetsiyaning Expressen gazetasi, Polshaning Fronstory onlayn-jurnali va Daniyaning Berlingske gazetasi ishtirokida o‘tkazilgan jurnalistik tekshiruvda aytiladi. Ushbu ishning asosiy xulosalari 21 may, yakshanba kuni kechqurun Germaniyaning Tagesschau axborot dasturi veb-saytida e’lon qilindi.

Jurnalistlarning diqqat markazida 15 metrlik Andromeda yaxtasi bo‘ldi, Germaniyaning ARD telekanali va Die Zeit gazetasi uning mart oyida "Shimoliy oqim"dagi portlashlarga aloqadorligi haqida xabar berishdi. O‘shanda ushbu ommaviy axborot vositalari yozganidek, besh erkak va bir ayol ushbu kichik yelkanli yaxtada 2022 yil sentabr oyi boshida Germaniyaning Rostok shahri portidan dengizga chiqishgan. Qayd etilishicha, kema ukrainaliklarga tegishli Polsha kompaniyasi tomonidan ijaraga olingan.

NDR va WDR hamda Süddeutsche Zeitung gazetasi tomonidan olingan yangi ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu Polsha firmasi Varshavada joylashgan sayyohlik agentligidir. Surishtiruvga ko‘ra, ushbu kompaniya manzilida yuzdan ortiq boshqa firmalar ro‘yxatdan o‘tgan. Jurnalistlar sayyohlik agentligining ro‘yxatdan o‘tganini tasdiqlagan, biroq unda uning egalarining telefon raqami yo‘qligini aytgan ayol bilan joyida suhbatlashganidan so‘ng, ularda bu soxta kompaniya degan taassurot paydo bo‘ldi. Hujjatlarga ko‘ra, bir necha yillar davomida bu kompaniya sezilarli aylanmaga ega bo‘lmagan. Ammo 2020 yilda uning hisob raqamlariga 2,8 million yevro tushgan. Bunday yuqori daromadga nima sabab bo‘lganini aniqlashning iloji bo‘lmadi.

Surishtiruvda aytilishicha, kompaniya rahbari sifatida qayd etilgan ayol Kiyevda yashaydi. Shu bilan birga, uning nomi yana ikkita firma bilan bog‘liq bo‘lib, jurnalistlarning xulosasiga ko‘ra, u shunchaki nomiga rahbar bo‘lishi mumkin. Telefon orqali ayol sayyohlik agentligi rahbari ekanligini tasdiqladi, biroq go‘shakni qo‘yib qo‘ydi va qo‘ng‘iroqlarga boshqa javob bermadi.

Ko‘proq yangiliklar: