Oson qarzlar va jiddiy risklar. Xitoy – Markaziy Osiyo hamkorligidan kim yutadi?

O‘zbekiston 19:52 / 22.05.2023 27186

18-19 may kunlari Xitoyning Sian shahrida davlat rahbarlari ishtirokida “Markaziy Osiyo – Xitoy” formatidagi birinchi sammit bo‘lib o‘tdi. Tadbir doirasida o‘n milliardlab dollarlik kelishuvlar imzolandi va muhim bayonotlar yangradi. Tahlilchilar Rossiyaning zaiflashishi va AQShning Afg‘onistondan ketishi fonida, Xitoy Markaziy Osiyodagi ta’sirini kuchaytirishga urinayotganini ta’kidlamoqda. Kun.uz muxbiri siyosatshunoslar Farhod Tolipov va Kamoliddin Rabbimov ushbu sammit va uning mintaqa uchun ahamiyati borasida suhbatlashdi.

– Rossiyaning mintaqadagi geosiyosiy ta’siri bir qadar pasaygan vaqtda Markaziy Osiyo – Xitoy sammiti o‘tkazilishida qanday ma’no bor?

Farhod Tolipov:

— Katta davlatlar Markaziy Osiyo davlatlari bilan odatda C5+1 formatida muloqot qiladi. Bu format kelib chiqishi ham asli Sharqiy Osiyo mamlakatlari bilan bog‘liq, C5+1 atalmagan bo‘lsa ham. Bu format 2015 yil AQSh tashabbusi bilan yaratilgan. Demoqchimanki, bu narsa faqat Xitoy tashabbusi emas, bunday ko‘rinishdagi sammitlar, aloqalar bir nechta va ular bir-biri bilan raqobatda bo‘ladi. Siandagi sammitning ahamiyati va oqibatlarini boshqa shu ko‘rinishdagi C5+1'lar bilan taqqoslab aytish mumkin.

Ko‘plab ekspertlar endi Markaziy Osiyo mintaqasida Xitoy ta’siri ustuvor bo‘ladi, AQSh va Rossiya emas, deyishmoqda. Qaysidir tomonlardan qo‘shilish mumkin bu fikrlarga ham. Ammo bu bahsli hali. Si Jingpin ham, boshqa shu doiradagi siyosatchilar ham endi xalqaro maydonda Xitoy bilan hisoblashish kerakligini ta’kidlamoqda. Balki bu sammit aynan Xitoy bilan hisoblashish to‘g‘risidagi signaldir. Markaziy Osiyo davlatlari ham mustaqil, teng huquqli davlatlar, shuning uchun kelajakdagi munosabatlar ularga ham bog‘liq, albatta.

Kamoliddin Rabbimov:

— G‘arb OAVlari Xitoy Rossiyaning Markaziy Osiyodagi ta’siri kamayganidan foydalanyapti, degan fikrni ilgari suryapti. Lekin hali ham Rossiyaning ta’siri katta va hali bu ta’sir qilish raqobati ochiq ko‘rinishga o‘tganicha yo‘q. Xitoy markaziy OAVlari Rossiya bilan yaqin ittifoqchi ekanliklarini urg‘ulayapti, kollektiv G‘arb, Vashingtonga esa tanqidlar bo‘lyapti. Mintaqa globallashuv jarayonidamiz hozir. Ayni vaziyatda, Xitoy demokratik islohotlar boshlanishidan xavotirga tushyapti. Bu jarayonni to‘xtatish yoki sekinlatish uchun «qurol» yo‘q ularda. Shuning uchun ham mintaqaga chuqurroq kirib borib, xalqning ongidan ijobiy o‘rin egallamoqchi. Xitoyning mintaqadagi birinchi xavotiri Uyg‘uriston separatizmi. SSSR tarqagan paytdagi xavotiri ham aynan shu edi. Sammitdagi Xitoyning pozitsiyasi shunday bo‘lyapti: «Sizning hududiy yaxlitligingizni qo‘llab-quvvatlaymiz, faqat siz ham bizning yaxlitlikni qo‘llaysiz, separatizmga yo‘l qo‘yilmasligi kerak».

— Xitoy bilan bo‘ladigan munosabatlarda asosiy xavotir – ushbu mamlakatga iqtisodiy bog‘liq bo‘lib qolishdan cho‘chish bo‘ladi. Sammitda ham o‘n milliardlab dollarlik kelishuvlar va grantlar haqida gap ketdi. Ushbu iqtisodiy bog‘liqlik Xitoy tomonidan davlatlarga shart qo‘yish, ularning suverenitetiga tahdidga olib kelmaydimi?

Farhod Tolipov:

— Bunday xavotirlar ham o‘rinli. Ekspertlar ham Xitoyning moliyaviy quroliga urg‘u berishyapti. Xitoyning kreditlari oson qarzlar deyiladi, ya’ni shartlar bo‘lmaydi. Boshqa G‘arb davlatlari qanaqadir demokratik shartlar qo‘yadi. Shuning uchun ham Xitoyning bu ishi qarmoq tashlashdek ko‘rinadi. Qirg‘iziston va Tojikiston misolida ham «qarz qopqoni»ga tushib qolish ko‘rindi. Qarz evaziga yer berish masalasi ko‘tarilgach, Qirg‘izistonda xalq bosh ko‘tardi ham. Qarz oson va arzon bo‘lgandan keyin bog‘lanib qolish bo‘ladi, shundan xavotirga tushishadi. Rasmiylarning aytishicha, O‘zbekistonda bunday xavf yo‘q hozircha, nazoratda turibdi. Qarzlar miqdori «qizil chiziq»dan o‘tgani yo‘q. Lekin siyosiy nuqtai nazardan bir davlatga bu darajada bog‘lanish yaxshi emas, bosimlarga olib kelishi ham mumkin. G‘arbning ba’zi tahliliy markazlarining aytishicha, Xitoyning Markaziy Osiyo davlatlariga bergan qarz shartnomalari shaffof emas, mavhum ko‘rinishlarga ega. Shuning o‘zi shubha tug‘diradi. Bundan tashqari, shartnomalar orqali Xitoyning o‘zining kompaniyalari kirib kelishi va loyihalarni olishi kuchaygan. Mahalliy aholini ish bilan ta’minlash o‘rniga xitoyliklar kelib ishlashi foydali emas aholi uchun.

Kamoliddin Rabbimov:

— Menimcha, vaziyat ancha murakkab. Xitoyning maqsadi qo‘rqitish emas, balki samarali nazorat tizimini yaratish. Dunyodagi va aynan mintaqadagi jamoatchilik fikrini kuzatib boradi. Xitoy qarzlarni bosim sifatida doim ishlatgan. Xalqaro maydonda e’tibor berilsa, qaysi davlat Xitoy bilan savdo-iqtisodiy aloqalari yuqori bo‘lsa, u davlat Xitoy shartlariga rozi bo‘lgan bo‘ladi. Xitoydagi agressiv jarayonlarga ko‘z yumayotganlar asosan musulmon va avtoritar davlatlar. Ya’ni Xitoy kredit orqali hokimiyatlar ishonchiga kiradi. Avtoritar davlatlar korrupsiya sabab bu pullarni samarali ishlatmaydi, lekin bu qarzlar davlat hisobiga yozilaveradi. Xitoy Markaziy Osiyo mintaqasida ham kredit orqali geosiyosiy moyillikni shakllantirishga erishgan.

— Ilgari Xitoy bilan mudofaa va xavfsizlik masalalarida deyarli gap bormasdi. Bu safar ilk marta Xitoy rahbari Markaziy Osiyoning mudofaasini kuchaytirish va tinchlikni ta’minlashga tayyormiz, degan bayonot berdi. Bu xavfsizlik, mudofaa sohasidagi ilk katta bayonot hisoblanadi. Shavkat Mirziyoyev tomonidan ham Markaziy Osiyo va Xitoy xavfsizlik xizmatlari hamkorligi haqida taklif bildirildi. Bu borada Markaziy Osiyo davlatlari nimadan ehtiyot bo‘lishi kerak? Nimalardan foydalansa bo‘ladi?

Farhod Tolipov:

— Bu juda katta bayonot bo‘ldi. Shu paytgacha Markaziy Osiyo xavfsizligiga Rossiya mas’ul, Xitoy esa iqtisodiy tomondan katta hamkor, degan yuzaki tushunchalar shakllangan edi. Endi Xitoy o‘z xizmatlarini taklif etyapti. Bu masalada ehtiyotkor bo‘lish kerak deb o‘ylayman. Rossiya omiliga ham shubha bilan qaraganman, Markaziy Osiyo «soyabon»ga muhtoj emas. Xitoy tomonidan taklif etilayotgan «soyabon» qanchalik kerak?

Strategik tomondan qaralsa, «soyabon» ostiga kirayotgan davlatlar qanchalik muhtoj bunga, kerakmi yoki yo‘q, tahdidlar bormi, degan savollar qo‘yiladi. Oldin ham aytganimdek, Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zlari mintaqaviy xavfsizlik tizimini yarata oladi. Xitoyning geosiyosiy manfaatlari bor ekanini inkor etolmaymiz. Har qanday yordam ortidan o‘zining maqsadlarini amalga oshirishi mumkin.

Kamoliddin Rabbimov:

— Sian sammitini – Markaziy Osiyo va Xitoy o‘rtasidagi integratsiyaga tayyorlov bosqichi degan bo‘lardim. Xitoy rahbari nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy darajadagi platforma yaratish kerakligini ta’kidladi. Integratsiya da’vatiga o‘xshab ko‘rindi. «Geosiyosiy nuqtai nazardan mening jamoamda bo‘lsangiz, istalgancha iqtisodiy yordam beraman», degandek bo‘lyapti Xitoy.

— Markaziy Osiyo davlatlari harbiy hamkorlikka yo‘q deya oladimi?

Farhod Tolipov:

— Markaziy Osiyo davlatlari oldida mustaqil va dadil siyosat olib borish masalasi turibdi. Xalqaro maydonda juda chigal vaziyat. 30 yildan beri Markaziy Osiyo davlatlari zaif davlatlar kompleksidan qutulolmayapti. Ya’ni katta davlatlardan cho‘chish, qarshi turolmaslik. Hali sinovdan o‘tkazmay turib shunday o‘ylashadi. Yo‘q deyolmaslik tamoyilga aylanib qolgan. Mana shu illatdan qutulish kerak birinchi navbatda. Bir anjumanda qozog‘istonlik tahlilchi aytdiki: katta davlatlar bilan munosabatda ularda ham og‘riqli nuqtalar bor, biz ham ularga ta’sir o‘tkazishimiz mumkinligini o‘ylab ko‘rish kerak, aslida. Men ham doim shu fikrda bo‘lganman. Bizning hududlardan o‘tadigan temiryo‘llar, avtomobil yo‘llari, quvurlar bor. Deylik, biz ham talablar qo‘yishimiz mumkin bunday paytda. Manfaatlarni to‘g‘ri hisob-kitob qilish va kerak paytda «ha» yoki «yo‘q» deya olish lozim. Milliy manfaatlarni tadqiq qilish kerak oldin.

Kamoliddin Rabbimov:

— Kelajakda Xitoy va AQSh o‘rtasida bo‘ladigan to‘qnashuvlarga tayyorgarlik bo‘lyapti deb o‘ylayman. Qanday shaklda to‘qnashuv bo‘lishi noma’lum, lekin raqobat allaqachon boshlangan. Kelajakda Xitoy uchun dengiz-okean yo‘llari yopilsa, transport logistika yo‘llari kerak bo‘ladi. Rossiya-Ukraina urushi Xitoyning mintaqaga yaqinlashuviga sabab bo‘ldi. Xitoyga muqobil yo‘l kerak Yevropaga chiqish uchun. Markaziy Osiyoga ehtiyoj bor Xitoyda. Ertami-kechmi globallashgan dunyoda fuqarolik jamiyati o‘rnatiladi, shu sababli Xitoy hozirdan mintaqa siyosiy tafakkuriga «biz dushman emasmiz, do‘stmiz», degan xabarni bermoqchi.

Farrux Absattarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi: Abduqodir To‘lqinov

Ko‘proq yangiliklar: