Gubernator: Ukraina qo‘poruvchilik-razvedka guruhi Belgorod viloyatiga kirdi

Jahon 17:08 / 22.05.2023 17252

Ijtimoiy tarmoqlarda Belgorod viloyatidagi «Grayvoron» nazorat-o‘tkazish punktiga Ukraina tanklari kirib kelgani haqidagi videolavhalar tarqaldi. RKK Rossiya Federatsiyasida jangovar topshiriqlar bajarilganini e’lon qildi. Belgorod gubernatori Ukraina Qurolli kuchlari o‘qqa tutayotgani haqida yozdi.

Belgorod viloyati gubernatori Vyacheslav Gladkov «Ukraina Qurolli kuchlarining qo‘poruvchilik-razvedka guruhi Grayvoron tumani hududiga kirganini» ma’lum qildi. «Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlari chegara xizmati, Rossiya gvardiyasi va «FSB» bilan birgalikda dushmanni yo‘q qilish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rmoqda. Tafsilotlar haqida xabar beraman», — deb yozdi Gladkov 22 may, dushanba kuni Telegram-kanalida. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni tumandagi Glotovo qishlog‘i o‘qqa tutilganidan keyin ikki kishi yaralangan. «Ayolning ahvoli og‘ir, erkakning ahvoli o‘rtacha og‘irlikda, har ikkisi reanimatsiyada», — deya qo‘shimcha qildi gubernator. 

Avvalroq Rossiya Telegram-kanallari Belgorod viloyatining Grayvoron tumani ommaviy o‘qqa tutilgani haqida xabar bergan edi. «Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, bir soatdan ko‘proq vaqtdan beri Ukraina Qurolli kuchlari Novostroyevka-Pervaya, Kozinka, Bezimeno, Dobroye, Glotovo va Golovchino qishloqlarini o‘qqa tutmoqda. Bir kishi halok bo‘lgan», - deb yozgan Mash 22 may kuni ertalab. Bundan tashqari, Novaya Tavoljanka qishlog‘idagi turar joy binosiga portlovchi moslama tashlanganligi xabar qilingan. «Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar yo‘q. Uchuvchisiz uchoqning o‘zi binolardan yuz metr uzoqlikda qulagan. Voqea joyida operativ xizmatlar va portlovchi moddalar bo‘yicha ekspertlar ishlamoqda», - deya xabar beradi Mash. O‘z navbatida, Shot «Dronovka qishlog‘i yaqinidagi Belgorod viloyati chegarasida Ukraina qo‘poruvchilik-razvedka guruhi bilan shiddatli jang» haqida yozdi. «Ikki tomondan harbiy texnika olib kelindi, osmonda bir nechta dronlar ko‘rindi», — deyiladi xabarda. 

Ayni paytda, «Rossiya ko‘ngillilar korpusi» (RKK) o‘z jangchilari Rossiyada ekani va u yerda jangovar topshiriqlarni bajarayotganini ma’lum qildi. Faollar Telegram’da Bryansk va Belgorod viloyatlaridagi qishloqlarga kiraverishdagi yo‘l belgilari fonida bir nechta videolarni joylashtirgan va ular kurashni davom ettirayotganliklarini bildirishgan. O‘z navbatida, «Rossiyaga ozodlik» legioni Ukraina bilan chegaraga yaqin hududlar aholisini uyda qolishga va «qarshilik qilmaslikka» chaqirdi. Qo‘shimcha ma’lumotlar keyinroq berilishi aytilgan.

Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda Ukraina bayrog‘i tushirilgan tankning o‘tib ketgani haqidagi video tarqaldi. Videoda aytilishicha, Ukraina Qurolli kuchlarining tanki Ukrainadan Belgorod viloyatidagi «Grayvoron» nazorat-o‘tkazish punkti hududiga kirib kelgan. Bu ma’lumot rasmiy tasdiqlaganicha yo‘q. Video birinchi bo‘lib Ukrainaning «Skrinka-Pandori» pabligi tomonidan e’lon qilingan. Moscow calling Telegram-kanali Ukraina tanklarining «Grayvoron» nazorat-o‘tkazish punkti hududiga kirgani haqidagi bir nechta videolavhalarni e’lon qildi. 

Bundan oldin Belgorod viloyati gubernatori Vyacheslav Gladkov Ukraina qo‘shinlari Graivoron shahar okrugini o‘qqa tutganini ma’lum qilgan edi. «Tinch aholi orasida jabrlanganlar yo‘q. Havo hujumidan mudofaa tizimimiz ishladi. Raketaning bir qismi Antonovka qishlog‘idagi xususiy turar joy hovlisiga tushgan. Portlovchi moslamalar bo‘yicha xodimlar va tezkor xizmatlar voqea joyida, tegishli uskunalar zararsizlantirilyapti», deb yozdi u Telegram’da. Bundan tashqari, Gladkovning so‘zlariga ko‘ra, Kozinka qishlog‘i minomyotdan o‘qqa tutilgan, snaryadlardan biri xususiy turar joy binosiga tushishi natijasida yong‘in chiqqan. Gubernator, shuningdek, boshqa xususiy uy xo‘jaliklariga, shuningdek, pichan omboriga zarar yetganini ma’lum qildi.

Ko‘proq yangiliklar: