Bola ochiqda, shu paytgacha 3 tergovchi almashgan. Bog‘chadagi pedofiliya ishining yangi tafsilotlari

O‘zbekiston 18:07 / 22.05.2023 25804

May oyi boshida Kun.uz’ga farzandlari poytaxtning Chilonzor tumanidagi 230-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotiga qatnovchi bir guruh ota-onalar murojaat qilib, bog‘chada qizlari bilan bog‘liq xunuk holat sodir bo‘lganini ma’lum qilishgandi. Ular bog‘cha mudirasining o‘g‘li bolalar uxlab yotgan xonaga kirib, qizlarini qo‘rqitib yechintirganini va tegajog‘lik qilganini bildirishgan.   

Voqea tafsilotlari OAVda yoritilgach, Toshkent shahar IIBB 2008 yilda tug‘ilgan yigit Jinoyat kodeksining 119-moddasida ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir etishda gumonlanayotgani, ayni paytda tergov harakatlari davom etayotganini, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi esa bog‘cha mudirasi vazifasidan ozod etilganini, Bosh prokuratura bog‘cha bolalariga nisbatan sodir etilgan jinoyat ishi tergovi qat’iy nazoratga olinganini bildirgandi.

Jabrlangan qizaloqlardan birining otasi Kun.uz muxbiri bilan suhbatda ta’kidlashicha, tergov ishlari sust olib borilyapti. 

Ish boshlangandan beri 3 marta tergovchi almashdi. 2 hafta oldin bolalarimizni tergovchi va psixologlar bilan gaplashishga olib borib kelgandik. Undan keyin yana psixiatr bilan uchrashamiz deyishgandi. Ishlar sust, gumondagi bola ochiqda. Isbot va dalil kam, degan gaplar bor. Yopti-yopti qilishsa kerak hammaning esidan chiqqanida. 

Sud tibbiy ekspertizasi natijalari bilan bizni tanishtirishmadi. Bu narsalarni faqat advokatga berishar ekan yoki ish yakunlangach xulosani taqdim qilishar ekan. Advokat yollashga esa ayni paytda mablag‘imiz yo‘q”, — deydi qizning otasi.

Toshkent shahar IIBB axborot xizmati rahbari Nilufar Madiyeva u bilan bog‘langan Kun.uz muxbiriga bu ish doirasida tergov davom etayotganligini, hali yakuniy qaror qabul qilinmaganligini, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq bo‘lganligi uchun tergov va sud yopiq holatda olib borilishini ma’lum qildi.  

Ma’lumot uchun, mudiraning o‘g‘li oldinroq tegishli tartibda ushlangani aytilgandi.

Agar qo‘yilayotgan ayblovlar o‘z tasdig‘ini topsa, sobiq bog‘cha mudirasining 15 yoshli o‘g‘li uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin

Ko‘proq yangiliklar: