Bu yil OTMlarga qabul qachondan boshlanishi ma’lum qilindi

O‘zbekiston 11:54 / 22.05.2023 8708

Bu haqida Bilim va malakalarni baholash agentligi direktori Majid Karimov xalqaro press klubning qabul masalalariga bag‘ishlangan sessiyasida ma’lum qildi. 

“Bu yilgi qabul uchun abituriyentlarning hujjat topshirish jarayoni 20 iyundan 20 iyulga qadar (shu kuni ham) davom etadi. Chet tilidan kasbiy ijodiy imtihon topshiruvchi abituriyentlar esa 10 iyulgacha hujjatini topshirib bo‘lishi kerak”, dedi Majid Karimov. 

Shuningdek, agentlik direktori abituriyentlarda ta’lim yo‘nalishi bilan birga ta’lim shaklini tanlash imkoni ham borligini ma’lum qildi.

“Ilgari har bir abituriyent 5 tagacha yo‘nalish tanlashi mumkin edi va bu yo‘nalishlar bir ta’lim shakli doirasida cheklanardi. Masalan, kunduzgi ta’lim shaklini tanlasa, 5 ta yo‘nalish ham aynan kunduzgi bo‘lishi kerak edi. Kechkini tanlasa, hammasi kechki shaklda bo‘lishi kerak edi. Endi abituriyent istalgan ta’lim yo‘nalishi bilan birga istalgan ta’lim shaklini ham tanlashi mumkin”, dedi Majid Karimov. 

Ma’lumot uchun, ayni paytda O‘zbekistonda ta’lim shakllari 4 tani (kunduzgi, kechki, sirtqi va masofaviy) tashkil qiladi. 

Eslatib o‘tamiz, abituriyentlarga ta’lim yo‘nalishlari bilan birga ta’lim shakllarini ham tanlash imkoni prezident qarori bilan 2022 yilgi qabuldan amalga kiritilgan.

Ko‘proq yangiliklar: