«Real» yulduzining o‘g‘li va «Chelsi» kelajagi. Argentinadagi chempionatda porlashi kutilayotgan yoshlar

Sport 16:25 / 21.05.2023 42825

20 may kuni Argentinada 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida jahon chempionati start oldi. Odatda aynan shunday turnirlarda o‘zini ko‘rsatgan yosh futbolchilar keyinroq top klublarda paydo bo‘lishadi. Quyida ushbu turnir kashfiyoti bo‘lishi kutilayotgan futbolchilar sanab o‘tiladi.

Federiko Redondo — 20 yosh, Argentina

Fedening familiyasi tasodifiy emas — u «Milan» va «Real» klublari afsonasi Fernandoning o‘g‘li hisoblanadi. Katta Redondo uch bor Chempionlar ligasida g‘olib chiqqan, o‘g‘li ham shunday natijalarga erishishni istaydi:

«Men hamisha «Real»ning fanati bo‘lganman. Qachondir o‘sha yerda o‘ynashni orzu qilaman», degan Argentina yoshlar jamoasi yarimhimoyachisi.

Federiko tayanch yarimhimoyachisi pozitsiyasi vakili bo‘lib, joriy mavsumdan barqaror o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmoqda — ayni vaqtda «Argentinos Xuniors» klubi a’zosi. U debyut golini bir oy oldin urgandi. Asosiy fazilatlari — tirishqoqlik, texnika va jismoniy holat — Redondoning ko‘rsatkichlari juda yaxshi.

Ayni vaqtda Argentina U-20 jamoasiga ustozlik qilayotgan Maskerano turnirning ochilish o‘yinida (O‘zbekiston U-20 jamoasiga qarshi 2:1) Redondoni ikkinchi bo‘limda zaxiradan tushirdi.

Federiko Redondo. Foto: MIGUEL SCHINCARIOL/GETTY IMAGES

Maksimo Perrone — 20 yosh, Argentina

Bu yigit — mezbonlar yarimhimoyasi yetakchisi. Ayniqsa, Niko Pas yo‘qligida — «Real» bu iste’dodli futbolchisini jahon chempionatiga qo‘yib yubormadi (Garnachoga ruxsat bermagan «MYu» kabi). Maksimo Argentina chempionatida porlagan, bir mavsumning o‘zida istiqbolli o‘smirdan «Veles Sarsfild» klubi yetakchisiga aylangan — va qishda 8 mln yevro evaziga «Manchester Siti» safiga kelib qo‘shilgan. Karlos Tevesning muxlisi sifatida 32-raqamli futbolkani o‘ziniki qilgan.

Perrone xuddi Redondo kabi tayanch yarimhimoyachisi va bu ikki iste’dodli futbolchi boshlang‘ich tarkib uchun raqobat qiladi (birinchi o‘yinda Redondo aynan Perrone o‘rniga tushirildi). Federiko raqib hujumlarini buzishda yaxshi va raqibni aldab o‘tishni yoqtiradi, Maksimo esa to‘pni ushlashda yaxshi va uzatmalarda deyarli xatoga yo‘l qo‘ymaydi, barchadan ko‘proq mehnat qiladi va barchadan ko‘proq yuguradi.

Maksimo Perrone. Foto: HECTOR VIVAS/GETTY IMAGES

Andrey Santos — 19 yosh, Braziliya

Yetakchi va sardor, asosiy iste’dod va kelajak ramzi. Andrey Santos allaqachon keng doiralarda ham tanilib bo‘lgan: kuzda yorqin o‘yin namoyish etgan, qishda «Chelsi» safiga o‘tgan, bahorda esa — 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Amerika Kubogida asosiy yulduz bo‘ldi. O‘sha turnirda u besh gol urdi, shundan bittasi — finalda g‘alaba goli bo‘ldi. Holbuki Santos — yarimhimoyachi va himoyaga yaqinroq o‘ynaydi.

Ammo Kopa Amerikadan keyin Andrey «Chelsi»da ushlanib qolmadi va o‘zining oldingi klubi «Vasko da Gama»ga ijaraga berildi. Bu ijaraning asosiy sharti JCh U20 edi — Braziliya klubi uni turnirga yuborishga rozi bo‘lishi kerak edi. Shu shart tufayli, masalan, nisbatan kuchliroq bo‘lgan «Palmeyras» klubiga ijara varianti bekor bo‘ldi.

Andrey Santos. Foto: BUDA MENDES/GETTY IMAGES

Mateus Nasimento — 19 yosh, Braziliya

Bu jamlanmadagi ilk forvard . Nasimento hali yosh, ammo allaqachon top klublar skautlari nazariga tushgan. So‘nggi yarim yillikda unga «Real» tomonidan ham qiziqish paydo bo‘ldi, Marca nashrining qo‘shimcha qilishicha, Madrid klubi skauti Dani Kalafat — uning fanatiga aylangan.

Va Mateus chindan ham «Real»ning o‘yin uslubiga mos tushishi mumkin. Uning o‘yini Karim Benzemaning so‘nggi yillardagi o‘yinini eslatadi: jarima maydoni tashqarisida kombinatsiyalarda bog‘lovchi vazifasini bajarishni, ancha orqaroqdan o‘ynashni va hatto ayrim epizodlarda «o‘nlik» pozitsiyasida harakatlanishni xush ko‘radi. «Botafogo»dagi ushbu iste’dodli futbolchining kamchiliklari esa oddiy: u barcha qulay vaziyatlaridan ham foydalana olmaydi, chunki yetarlicha o‘yin amaliyotiga ega emas. U o‘z imkoniyatlarini to‘la namoyon etishi uchun yana bir-ikki yil vaqt kerak. Jahon chempionati — muvaffaqiyat sari muhim qadamdir.

Mateus Nasimento. Foto: BUDA MENDES/GETTY IMAGES

Kendri Paes — 16 yosh, Ekvador

Ha, u 16 yoshda. Paes — bu mavsum Janubiy Amerikadagi asosiy kashfiyotlardan biri. «Chelsi» ushbu havbekning transferi uchun 20 mln yevro berishga tayyor. Agar uning iste’dodiga kimdadir shubha bo‘lgan bo‘lsa, bu shubhalar bir oy muqaddam Kopa Amerika U17 turniridagi o‘yinlaridan keyin tarqab ketgani tayin. U o‘sha turnirda o‘zini to‘liq namoyish etgandi: chiroyli assistlar, yorqin kombinatsiyalar va raqiblarni aldab o‘tishlar — bular Kendrini mashhur qildi.

Ushbu o‘smir axborot maydonida qo‘qqisdan paydo bo‘lgani yo‘q. Fevralda, u hali 15 yoshligida «Independente»ning asosiy tarkibida o‘ynagandi, shundan keyin darhol OAVda top-klublarning qiziqishlari haqida xabarlar tarqaldi. Kendri Argentinadagi turnirga ham olib keldi va AQShga qarshi birinchi tur o‘yinida (0:1) 74 daqiqa o‘ynadi. 

U «o‘nlik» vazifasini bajarishi ham, maydon markazida va qanotlarga yaqin joylashib o‘ynashi ham mumkin. U uch markaziy himoyachidan iborat sxemada oldinroqda joylashganida eng yaxshi o‘yinlarini ko‘rsatadi. Uzatmalari juda yaxshi, birtepar uslubida aniq o‘ynashga harakat qiladi. Ba’zida fint qilishga berilib ketadi, chunki barchasini o‘zi hal qilishiga umid qiladi.

Kendri Paes. Foto: FRANKLIN JACOME/GETTY IMAGES

Aleks Skott — 19 yosh, Angliya

Aleks haqidagi ikki fakt unga to‘liq ta’rif beradi: uni  chempionshipning eng yaxshi yosh futbolchisi sifatida tan olishdi, Pep Gvardiola esa u haqida shunday so‘zlarni aytdi:

«Skott haqiqatan yaxshi futbolchi va ajoyib iste’dod hisoblanadi. Aql bovar qilmas futbolchi».

«Bristol Siti»ning asosiy tarkib futbolchisi sanalgan Aleksni Jyek Grilish bilan qiyoslashmoqda va hatto unga gernlik Grilish deya laqab qo‘yishgan — chunki u Normandiya orollaridan biri bo‘lmish Gernsida tug‘ilgan. 12 yoshida «Sauthempton» uni akademiyaga qabul qilmagan va Skott futbolni tashlash haqida ham o‘ylab qolgan. Ammo keyin diqqatini yig‘ib, yana o‘z ustida ishlashga kirishgan.

Ushbu yarimhimoyachining asosiy sifati — universalizm. O‘tgan mavsumda Aleks o‘ngda o‘ynagandi, endi esa markazda javlon urmoqda. U o‘zida pleymeykerlik va buzuvchilik sifatlarini birlashtirgan, uning tezligi, texnikasi, maydonni ko‘rishi va to‘plarni qaytarishi ham yaxshi. Skott – o‘z jamoasida hal qiluvchi uzatmalar va to‘pga egalik qilishda eng yaxshisi, paslar aniqligi va to‘pga teginishlar soni bo‘yicha – ikkinchi ko‘rsatkichni qayd etgan.

Aleks Skott. Foto: RHIANNA CHADWICK/ GETTY IMAGES

Chezare Kazadey — 20 yosh, Italiya

Chezare — hozirdan jahongashtaga aylangan: o‘tgan mavsumda «Inter» U19 jamoasida kuchli o‘yin ko‘rsatgan (17+5), keyin «Chelsi» U21 jamoasiga kelib, APLning yoshlar o‘rtasidagi ligasida ishtirok etgan, hozir esa ijara asosida «Reding»da o‘ynamoqda. U kattalar futbolidagi birinchi va hozircha yagona bo‘lib turgan golini mart oyida «Blekbern» darvozasiga urdi. U oldingi chiziqda vaziyatni keskinlashtirish uchun harakat qiluvchi universal yarimhimoyachidir. Uzoqdan juda yaxshi zarbalar bera oladi. Italiyada uni Milinkovich-Savich bilan qiyoslashardi: mentalitet, atletizm, maydondagi rolidan kelib chiqqan holda. Bir safar, onasining jazosidan keyin Kazadey uyidan «Chezena»ning mashg‘ulot bazasiga qadar bo‘lgan 22 km masofani piyoda bosib o‘tgan.

Chezare Kazadey. Foto: SRDJAN STEVANOVIC/GETTY IMAGES

Uilson Odober — 18 yosh, Fransiya

U top-5 ligalarda bu mavsumda gol urgan 18 yoshli kam sonli futbolchilardan biri bo‘ldi. «PSJ» qo‘yib yuborgan navbatdagi iste’dod: Odober o‘tgan yil yozida Parijdan «Trua»ga erkin agent sifatida o‘tgandi. O‘tgan mavsumda parijliklarning U19 jamoasida 31 o‘yinda 20 gol urgan. U «Rome», «Bryugge» yoki Myonhengladbahning «Borussiya» klublaridan biriga yo‘l olishi mumkin edi, ammo ko‘proq o‘ynash uchun Fransiyada qolishga qaror qildi.

Uilson — universal hujumchi: asosan o‘ngda o‘ynaydi, ammo, masalan, Fransiyaning 19 yoshgacha bo‘lgan futbolchilari jamoasida chapda ham o‘ynatildi. Odoberning tezligi yaxshi, dribling va hujumlarni yakunlashda ham tezkorlik bilan harakat qiladi.

Uilson Odober. Foto: JEAN CATUFFE/GETTY IMAGES

Gebriyel Slonina — 18 yosh, AQSh

O‘tgan mavsumda MLS chempionatida barchani o‘ziga qaratgan darvozabon. Bahorda Sloninaga «Chelsi» va «Real» qiziqish bildirdi, yakunda Gebriyel Londonga ko‘chib o‘tdi. Yanvarda milliy jamoada debyut qildi va jamoa tarixidagi eng yosh darvozabonga aylandi. Asosiy jamoada qator ajoyib seyvlar amalga oshirishga ulgurdi.

Argentinadagi turnirga u jamoa yetakchisi sifatida tashrif buyurdi. L'Equipe Gebriyelni 2003 yildan keyin tug‘ilgan iste’dodli futbolchilar top-yettiligiga kiritgan.

U birinchi turda Ekvadorga qarshi o‘yinda (1:0) darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi.

Gebriyel Slonina. Foto: CLIVE HOWES/GETTY IMAGES

Abbosbek Fayzullayev — 19 yosh, O‘zbekiston

So‘nggi yillarda yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatlarida ko‘rinish bermay qo‘ygan O‘zbekiston bu safar uddaladi. Abbosbek esa — bu birinchilikdagi yorqin futbolchilar safidan joy olishga haqli.

Fayzullayevni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Osiyo Kubogi U20 turnirining eng yaxshi futbolchisi sifatida tan olishdi, u jamoasi bilan turnirda chempion bo‘ldi va jahon chempionatiga yo‘llanma oldi. Ushbu vinger to‘pga birinchi teginishda va hujumlarni boshlashda ajoyib, raqiblarni doimo bosim ostida ushlab turadi: epchil, texnar, tezkor. Toshkentdagi turnirda jarima zarbasidan to‘qqizlikni aniq nishonga olgandi. 2021 yildan buyon «Paxtakor»ning asosiy tarkibida o‘ynab kelmoqda va hozirga kelib jamoa yetakchisiga aylangan.

Abbosbek Fayzullayev. Foto: O‘FA
Ko‘proq yangiliklar: