Kiyevga hujum va Baxmut atrofidagi ukrain jangchilari. Urush suratlari

Jahon 16:49 / 21.05.2023 28399

Ukrainada urushning 451-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:

  • Prigojin Baxmut ustidan to‘liq nazorat o‘rnatilgani haqida e’lon qildi. Ukraina qurolli kuchlari va Ukraina mudofaa vazirligi buni rad etmoqda.
  • Telegram-kanallar Ukrainaning qurolli guruhlari Belgorod oblasti hududiga yorib o‘tgani haqida xabar berishdi. Region operativ shtabidagilar buni rad etishdi.
  • Volodimir Zelenskiy «Katta yettilik» sammitida ishtirok etish uchun Yaponiyaga keldi.
  • Ukraina mudofaa vazirligi Ukraina QK bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy g‘oyib bo‘lib qolgani to‘g‘risidagi ma’lumotni rad etdi.
  • Xalqaro jinoyat sudi Rossiya rasmiylarining sud prokurori Karim Xonni qidiruvga berish to‘g‘risidagi qarorini qo‘rqitish deb atadi.

Kiyevga dronlarning navbatdagi hujumi

Rossiya qo‘shinlari 20 mayga o‘tar kechasi ham Kiyevga hujum uyushtirdi. Ukraina QK havo kuchlari «Shahed» rusumli 18 ta dron uchib kelgani va ularning barchasi urib tushirilganini ma’lum qildi. Dronlar parchalari shaharning to‘rt rayoni hududlariga qulagan, ikkita turar joy binosi va avtomobillarni shikastlagan. Jarohat olganlar yo‘q.

Kiyevga tungi yoppasiga hujum may oyi boshidan buyon amalga oshirilgan 11-hujum bo‘ldi. Havo zarbalari aprel oyi oxirida kuchaygan — bungacha deyarli bir oy davomida bunday zarbalar kuzatilmagandi.

Kiyevga dronlar hujumi oqibatida chiqqan olovni o‘chirishga urinayotgan qutqaruvchilar
Alex Babenko / AP / Scanpix / LETA
Dneprovskiy rayonidagi aholi yashash kvartallaridan biridagi to‘qqiz qavatli uy tomidagi yong‘inni kuzatayotgan kishilar
Alex Babenko / AP / Scanpix / LETA

Ukraina QKning Baxmut atrofidagi pozitsiyalari

«Vagner» XHK asoschisi Yevgeniy Prigojin 20 may kuni kunduzi Donetsk oblastining Baxmut shahri uning yollanma kuchlari tomonidan to‘liq ishg‘ol etilganini e’lon qildi. «Baxmutni egallash bo‘yicha amaliyot — Baxmut go‘shtqiymalagichi — 224 kun davom etdi», — degan Prigojin o‘zining matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan videoda. 21 mayga o‘tar kechasi RF mudofaa vazirligi ham «Artemovsk shahri ozod etilgani» (Rossiya propagandasi shaharning sovetcha nomlanishini qo‘llaydi) haqida xabar berdi.

Ukrain harbiylari va mulozimlari Baxmut boy berilganini tasdiqlamagan. Ukraina QK Sharqiy qo‘shinlar guruhi spikeri Sergey Cherevatiy Rossiya kuchlari Baxmutni o‘z nazoratiga olgani to‘g‘risidagi xabarni rad etib, ukrain harbiylari «Baxmut uchun jangni davom ettirayotgani»ni aytib chiqdi. Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyar Baxmutda «og‘ir janglar ketayotgani, vaziyat o‘ta og‘irligi»ni tan oldi, uning qayd etishicha, ukrain harbiylari shahardagi so‘nggi uchastka — «Samolyot rayoni»ni ushlab turibdi. Zelenskiyning matbuot kotibi Sergey Nikiforov Baxmut boy berilgani haqidagi ma’lumotni Ukraina prezidenti ham tasdiqlamasligini bildirdi.

Ukraina QKning knyaz Daniil Galitskiy nomidagi 24-alohida mexanizatsiyalashgan brigadasi harbiy xizmatchisi Donetsk oblastidagi pozitsiyalardan birida tungi ko‘rish moslamasi bilan
Oleg Petrasyuk / EPA / Scanpix / LETA
Ukrainalik harbiy boshpanada choy ichmoqda
Oleg Petrasyuk / EPA / Scanpix / LETA
Ukraina QK jangchisi kuzatuv pozitsiyasida
Oleg Petrasyuk / EPA / Scanpix / LETA
Ratsiya orqali gaplashayotgan ukrainalik harbiy xizmatchi 
Oleg Petrasyuk / EPA / Scanpix / LETA
Ukraina QK jangchilari «Grad» baravar o‘t ochish reaktiv tizimini noma’lum joydagi pozitsiyaga ko‘chirmoqda
Oleg Petrasyuk / EPA / Scanpix / LETA

Sankt-Peterburgda urush mavzusidagi graffiti

Peterburg kommunal xizmati xodimi Z-rassomlar Sasha Montlevich va Aleksey Chijov chizgan graffitini bo‘yab tashlamoqda. Ramzan Qodirov, Yevgeniy Prigojin va Vladimir Putin portretlari aks etgan, «Marks, Engels, Lenin»ning klassik sovet obraziga ishora qiluvchi surat Axmat Qodirov ko‘prigi ustunida 14 may kuni paydo bo‘lgandi. OAV unga 19 may kuni e’tibor qaratdi.
Anton Vaganov / Reuters / Scanpix / LETA
Ko‘proq yangiliklar: