Falastin-Isroil mojarosi: G‘arbdagi ikki xil standart (2-qism)

Jahon 11:54 / 21.05.2023 27949

Bugun G‘arb davlatlari Falastinga nisbatan ikki xil standartlarni qo‘llamoqda. Ular bir tarafdan Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatilishini xohlashlarini aytishsa, ikkinchi tomondan hanuzgacha Falastinning mustaqilligini tan olmay kelishmoqda. Buning ustiga ularning o‘z elchixonalarini Tel-Avivdan Quddusga ko‘chirishlari muammoni battar chigallashtirmoqda.

Falastin mustaqilligini dunyoning 138 ta davlati tan olgan. Jumladan, Osiyo va Afrikaning qariyb barcha davlatlari, shuningdek sobiq ittifoq respublikalari (Latviya, Litva va Estoniyadan tashqari) va Sharqiy Yevropa davlatlari.

AQSh, Kanada, Meksika, Avstraliya, Britaniya, Fransiya, Ispaniya, Portugaliya, Italiya va G‘arbiy Yevropadagi boshqa davlatlar tan olmagan. Ana shu joyda AQSh boshchiligidagi G‘arb davlatlari Falastinga nisbatan ikki xil siyosat olib borayotgani oydinlashadi.

Ya’ni bir tomondan Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatilishini xohlashlarini aytishadi. Ikkinchi tomondan Falastinning mustaqilligini tan olishmaydi. Arab davlatining o‘z chegaralariga ega bo‘lishini, BMTga to‘laqonli a’zo bo‘lishini umuman xohlashmaydi.

Bugun Falastin BMTda faqat kuzatuvchi maqomiga ega. Falastin mustaqilligini tan olgan davlatlar agar u BMTga to‘laqonli a’zo bo‘lsa va o‘z hududlariga egalik qilsa, Yaqin Sharqda uzoq kutilgan tinchlik o‘rnatiladi, degan fikrda.

Uning mustaqilligini tan olmagan davlatlar esa aksincha, agar Falastin BMTga to‘laqonli a’zo bo‘lsa, mintaqada notinchlik battar keskinlashadi deb hisoblashadi.

Yashil va och yashil rangda Falastin mustaqilligini tan olgan, rangsiz tasvirlanganlar Falastin mustaqilligini tan olmagan davlatlar.
E’tibor berilsa G‘arb davlatlari Falastin mustaqilligini tan olmaganini ko‘rish mumkin.

AQShning Falastinga nisbatan tutgan noxolis siyosati

Agar tarixga qaralsa 1947 yilda BMT rezolyutsiyasi bilan Falastin hududida ikkita arablar va yahudiylar davlatini tashkil etish haqidagi rezolyutsiya qabul qilingandan boshlab AQSh Isroilga har tomonlama iqtisodiy va harbiy yordam berib kelmoqda.

AQSh eng avval Isroil davlati ma’muriyatini tuzishda, so‘ng armiya shakllantirishda va boshqa masalalarda yordam ko‘rsatadi. Keyinchalik Arab-Isroil urushlarida harbiy yordam beradi.

Jumladan, 1947-1949 yillarda, 1967 yilda va boshqa Arab-Isroil urushlarida AQSh Isroilga keng miqyosda harbiy yordam ko‘rsatadi.

AQSh Isroilga keng ko‘lamda yordam berish bilan bir qatorda shu paytgacha Falastin mustaqilligini tan olmay kelmoqda. Falastin mustaqilligini nafaqat AQShning o‘zi balki uning yaqin ittifoqchilari bo‘lgan G‘arbiy Yevropa davlatlari, Kanada, Avstraliya va Meksika ham tan olmagan.

AQSh Falastinga nisbatan qo‘llab kelayotgan noxolis siyosatini XXI asrda ham davom ettirmoqda. Bir necha yil avval YuNeSKO Falastinni o‘z safiga teng huquqli a’zo qilganda AQSh bu tashkilotdan chiqib ketdi.

2012 yilda BMT Falastinga kuzatuvchi maqomini berganda ham AQSh bunga qarshi chiqqan davlatlardan biri bo‘lgandi.

AQSh prezidenti Barak Obama va Isroil bosh vaziri Shimon Peres.
Foto: Getty Images

Falastinning BMTda kuzatuvchi maqomini olishi

Falastinning BMT tarkibidagi tashkilotlar ishida qatnasha boshlashi tarixi 1970-yillarda boshlangan. 1974 yilda BMT maxsus rezolyutsiyasi qabul qilinadi va unga ko‘ra Falastin ozodlik tashkiloti BMT Bosh assambleyasida kuzatuvchi maqomini oladi.

1986 yil 2 aprel FOT BMT Bosh assambleyasida Osiyo davlatlari guruhining a’zosi bo‘ladi. Biroq bu statuslar Falastinning BMTda to‘laqonli a’zo bo‘lganini anglatmasdi.

1989 yilda Jazoir, Mavritaniya, Nigeriya va Senegal YuNeSKOga murojaat qilib, Falastinni mustaqil davlat sifatida o‘z safiga qabul qilishini so‘rashadi. Biroq o‘sha paytda YuNeSKO AQSh boshchiligidagi G‘arb davlatlarning bosimi ostida bu so‘rovni rad etadi.

1998 yilda BMT Bosh assambleyasi Falastin masalasida yangi rezolyutsiya qabul qiladi. Unda Falastinga Bosh assambleyadagi a’zolik bo‘yicha qo‘shimcha vakolatlar berish nazarda tutilgandi.

Jumladan, Falastin vakillari Bosh assambleya yig‘inlarida to‘laqonli qatnashishi, qabul qilinadigan rezolyutsiyalarda hammuallif bo‘lishi, Yaqin Sharqdagi muammolar muhokama qilinganda chiqishlar qilishi va boshqa vakolatlar ko‘zda tutilgandi.

Falastin rahbari Mahmud Abbos BMT yig‘inida.
Foto: Getty Images

O‘shanda bu rezolyutsiyani dunyoning 124 ta davlati qo‘llab ovoz beradi. To‘rtta davlat – Isroil, AQSh, Marshall orollari va Mikroneziya qarshi chiqadi.

AQSh bir tomondan Falastinning BMTga to‘laqonli a’zo bo‘lishi mumkinligini gapirsa, ikkinchi tomondan buni umuman xohlamaydi.

Jumladan, 2010 yilda AQSh prezidenti Barak Obama BMT Bosh assambleyasida so‘zlagan nutqida agar Arab-Isroil mojarosida kelishuvlarga erishilsa, bir yildan so‘ng Falastin BMTga to‘laqonli a’zo bo‘lishi mumkinligi haqida gapiradi.

Biroq oradan bir yil o‘tgach, AQSh Falastin masalasida umuman teskari ish qiladi.

Ya’ni 2011 yil sentabrda Falastin BMTga to‘laqonli a’zo bo‘lish uchun navbatdagi arizani topshiradi. Biroq AQSh bu masala Bosh assambleyada ko‘rib chiqiladigan bo‘lsa veto qo‘yishini ma’lum qiladi.

O‘sha yili Falastin YuNeSKOning to‘laqonli a’zosi bo‘ladi. Oradan bir yil o‘tib, 2012 yil 29 noyabr kuni BMT Bosh assambleyasida Falastinni ushbu tashkilotga kuzatuvchi sifatida qabul qilish masalasi ovozga qo‘yiladi.

Shunda 138 ta davlat Falastinni qo‘llab, 9 ta davlat qarshi ovoz beradi.Ular orasida AQSh ham bor edi.  41 ta davlat betaraf qoladi. Shu tariqa 1988 yilda o‘z mustaqilligini e’lon qilgan Falastin oradan 24 yil o‘tib, mutlaq ko‘pchilik ovoz bilan BMTda kuzatuvchi maqomiga ega bo‘ladi.

Falastin BMTda kuzatuvchi maqomini qo‘lga kiritgach, oradan bir necha oy o‘tib, 2013 yil 5 yanvarda Mahmud Abbos Falastin ma’muriyati nomini Falastin davlati deb o‘zgartirish haqidagi farmonga imzo chekadi.

Falastin bayrog‘i Nyu-Yorkdagi BMT qarorgohi oldida.
Foto: stock.adobe.com

Falastin YuNeSKOga a’zo bo‘lishi va bunga AQShning qarshi chiqishi

2011 yil 31 oktyabrda BMTning ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘limi bo‘lgan YuNeSKO umumiy ovoz berish yo‘li bilan Falastinni o‘z a’zoligiga qabul qiladi.

Bunga 107 davlat rozi, 52 davlat betaraf, 14 davlat qarshi bo‘ladi. AQSh, Isroil, Kanada, Germaniya, Avstraliya, Shvetsiya kabi davlatlar qarshi chiqqanlar tomonida edi.

Sal avval bu masala kun tartibiga chiqqanda, AQSh agar Falastin tashkilot safiga qabul qilinsa, YuNeSKOga a’zolik badali to‘lamasligini bildiradi. Isroil Amerikaning bu ishini qo‘llab-quvvatlaydi.

O‘sha paytlarda AQSh tashkilot uchun yiliga 70 million dollar atrofida mablag‘ ajratar va bu tashkilot xarajatlarining taxminan 20 foizi degani edi.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: Falastin YuNeSKOga to‘laqonli a’zo qilib olinsa, bundan AQSh manfaatlariga qanday zarar yetadi?

Gap shundaki, YuNeSKO Isroilni Falastinning bir qismini bosib olgan bosqinchi davlat deb hisoblaydi va hozirgi kunda Isroil nazoratida bo‘lgan Quddus shahrining bir qismini ham Falastin hududi deb biladi.

AQShga YuNeSKOning mana shu pozitsiyasi yoqmaydi va o‘zining Yaqin Sharqdagi eng yaqin ittifoqchisi bo‘lgan Isroilning tarafini olib, YuNeSKO bilan kelishmovchilikka bordi.

YuNeSKO bosh qarorgohi.
Foto: stock.adobe.com

O‘shanda, ko‘pchilik AQSh YuNeSKOga pul berishni to‘xtatsa bu tashkilotda moliyaviy qiyinchilik yuz berishi va tashkilot AQShga yon berishini kutgandi.

Ammo YuNeSKO yon berishni istamaydi va agar AQSh a’zolik badalini to‘lamasa, uni tashkilot ishlarida ovoz berish huquqidan mahrum qilishini e’lon qiladi.

AQSh 2011 yildan YuNeSKOga a’zolik badalini to‘lashni to‘xtatdi. Tashkilot ham o‘z so‘zida turib AQShni ovoz berish huquqidan mahrum qiladi. Keyinchalik, kelishmovchilik shu darajaga yetdiki, YuNeSKOning o‘ziga yon berishidan batamom umidini uzgan AQSh 2017 yilda bu tashkilot safidan chiqish haqida qaror qabul qildi.

2018 yil 31 dekabrdan boshlab AQSh YuNeSKO a’zoligidan rasman chiqib ketdi va shunchaki kuzatuvchi maqomida qoldi.

Ma’lumot o‘rnida: AQSh 1984 yilda Reygan boshqaruvi davrida ham YuNeSKOni «AQShga qarshi xatti-harakatlar qilganlik»da ayblab, tashkilot safidan chiqqan va 2003 yilda qayta a’zo bo‘lgan edi.

Voqealar rivojiga ko‘ra, YuNeSKO Falastinni o‘z safiga qo‘shib olishi, bundan norozi bo‘lgan AQShning bu tashkilotni moliyalashtirishni to‘xtatishi Barak Obama prezidentlik qilgan yillarga to‘g‘ri keladi. AQShning YuNeSKO a’zoligidan chiqib ketishi Donald Tramp prezidentlikka saylanganidan so‘ng sodir bo‘lgan.

Bu shuni anglatadiki, AQShda kim va qaysi partiya vakili prezident bo‘lishidan qat’i nazar Amerikaning Falastinga nisbatan yuritgan noxolis siyosati davom etavergan. Bu holat hanuzgacha davom etib kelyapti.

AQSh prezidenti Kichik Jorj Buo‘sh va Isroil bosh vaziri Shimon Peres.
Foto: alamy.com

Tramp davridagi AQShning Falastinga noxolis siyosati va «Asr kelishuvi»

2011 yilda YuNeSKO a’zoligi, 2012 yilda BMTda kuzatuvchi maqomi olish Falastin xalqaro maydonda yanada kengroq tan olinishiga sabab bo‘ladi. Buning ustiga, YuNeSKOning Falastinni deb AQSh bilan ziddiyatga borgani va o‘z qarorida qat’iy turgani ham Falastinning foydasiga ishladi.

Bu voqealar yaqin yillarda Falastin BMTning doimiy a’zosi bo‘lish jarayonini ham tezlatib yuborishi mumkin. Buni vaqt ko‘rsatadi.

AQShda Donald Tramp prezident bo‘lgan 2016-2020 yillarda bu davlat Falastin bilan bog‘liq voqealarda noxolis siyosat yuritishda davom etdi.

Jumladan, YuNeSKOdan chiqib ketdi. So‘ng Falastinning yaqin yillarda BMTga to‘laqonli a’zo bo‘lishi mumkinligini inobatga olib, bunga qarshi «Asr kelishuvi» rejasini ilgari surdi.

Donald Tramp va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu
Foto: alamy.com

«Asr kelishuvi»da Falastinga nimalar taklif etilgandi?

Rejaga ko‘ra, Isroil, Falastinni ozod qilish tashkiloti va HAMAS harakati «Yangi Falastin» deb nomlanadigan Falastin davlati tashkil etilishi haqidagi kelishuvni imzolaydi.

Bu davlat hududi bugun Isroil tomonidan egallab olinib, yahudiylar uchun turar joy qurilgan yerlardan tashqari, Iordan daryosining g‘arbiy qirg‘og‘i va G‘azo sektorini o‘z ichiga oladi.

Shuningdek, rejaga ko‘ra, Quddus bo‘linmaydi va «Yangi Falastin» hamda Isroilning umumiy poytaxti maqomini oladi. Shaharning arab aholisi Falastin davlati fuqarolari bo‘ladi. Ularga yahudiylarning uylarini, yahudiylarga esa arab uylarini sotib olish taqiqlanadi.

«Yangi Falastin» Misrdan G‘azo sektori yaqinidagi yerlarni ijaraga oladi. Bu hududda aeroport, fabrikalar, qishloq xo‘jaligi ishlari va savdo uchun hududlar yaratiladi.

Ijaraga olinadigan hududlarning o‘lchami va narxini kelishuvni qo‘llab-quvvatlovchi tomonlar – AQSh, Yevropa Ittifoqi va Fors ko‘rfazi davlatlari belgilaydi. Bu davlatlar «Yangi Falastin»ga milliy loyihalar uchun 5 yil davomida 30 mlrd dollar beradi.

«Asr kelishuvi»ga ko‘ra, Falastin davlatida armiya bo‘lmaydi, faqat politsiya xodimlarida yengil qurollar bo‘ladi. Kelishuv imzolanganidan so‘ng, HAMAS o‘z qurollarini topshiradi. Bir yil ichida Falastinda saylovlar o‘tkaziladi. Iordan daryosi vodiysi Isroilga tegishli bo‘ladi.

Tramp taklif etgan «Asr kelishuvi»da Falastin hududi shunday bo‘lishi belgilangandi.

HAMAS va Falastinni ozod qilish tashkiloti takliflardan voz kechgudek bo‘lsa, AQSh falastinliklarga moliyaviy yordamni bloklab qo‘yadi. Agar Falastinni ozod qilish tashkiloti kelishuvga rozi bo‘lsa-yu, HAMAS rozi bo‘lmasa, harakat yetakchilari javobgarlikka tortiladi. Mabodo Isroil va HAMAS o‘rtasida ixtiloflar avj olsa, AQSh Isroilni qo‘llab-quvvatlashga va’da bergan.

«Asr kelishuvi»ga qarshilar

Donald Tramp va uning ma’muriyati tomonidan Falastinga taklif etilayotgan «Asr kelishuvi»ning tafsilotlari ommaga oshkor bo‘lgach, dunyodagi ko‘plab davlatlar rahbarlari bu kelishuvda taklif etilgan rejalarga qarshi chiqdi.

Islom hamkorlik tashkiloti, Arab davlatlari ligasi, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an, Eron prezidenti Hasan Ruhoniy yana boshqalar va Yevropa Ittifoqi vakillari unda ilgari surilayotgan rejalarni tanqid qilib chiqishdi.

Loyihani tanqid qilganlarning barchasi «Asr kelishuvi»da Isroil manfaatlari birinchi o‘ringa qo‘yilib, Falastin manfaatlari mutlaqo inobatga olinmaganini bildirishadi.

Jumladan, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel shunday deb bayonot beradi:

«Biz AQShning Iordan vodiysi va g‘arbiy sohildagi boshqa hududlarning anneksiyasi ehtimoli to‘g‘risidagi bayonotlaridan xavotirdamiz. Xalqaro me’yorlar va BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalariga muvofiq, Yevropa Ittifoqi Isroilning 1967 yildan keyin bosib olingan hududlar ustidan suverenitetini tan olmaydi».

Yozep Borrel.
Foto: alamy.com

Yana bir ikkiyuzlamachilik – elchixonalarning Quddusga ko‘chirilishi

1947-1949 yillarda bo‘lib o‘tgan Arab-Isroil urushida g‘alaba qozongan Isroil Falastin yerlarini o‘zlashtirishni Quddusdan boshlaydi. Avvaliga urush paytida BMT rezolyutsiyasiga zid ravishda bu shaharni bosib oladi.

So‘ng 1950 yil 23 yanvar kuni Isroil parlamenti Quddusni mamlakat poytaxti bo‘lishi uchun ovoz beradi.

1967 yilda bo‘lib o‘tgan Arab-Isroil urushidan so‘ng Isroil Quddusni to‘liq o‘z nazoratiga oladi. 1980 yilda Isroil parlamenti butun shaharni mamlakat poytaxti qilish uchun ovoz beradi.

Isroil Quddusni o‘z poytaxti deb e’lon qilganidan so‘ng 1995 yilda AQSh Kongressi mamlakatning Isroildagi elchixonasini Tel-Aviv shahridan Quddusga ko‘chirish haqida qaror qabul qiladi.

Bu ish BMT rezolyutsiyasiga zid bo‘lgani uchun xalqaro miqyosda tanqid qilinadi. Shu sababli o‘sha paytda AQSh prezidenti bo‘lib turgan Bill Klinton poytaxtni ko‘chirishga shoshilmaydi.

Undan keyin AQSh prezidenti bo‘lgan Kichik Jorj Bush (2001-2008 yillarda) va Barak Obama (2008-2016 yillarda) Yaqin Sharqda notinchlik kuchayishini e’tiborga olib, elchixonani Quddusga ko‘chirishmaydi. Biroq hokimiyat tepasiga Donald Tramp kelgach vaziyat o‘zgaradi.

O‘zining chiqishlarida Isroil tomonida ekanini bot-bot ta’kidlagan, mustaqil Falastin davlatini yo‘q qilish maqsadida «Asr kelishuvi» loyihasini taklif etgan Tramp 2017 yil 6 dekabr kuni Quddusni Isroil poytaxti deb tan olishini e’lon qiladi.

AQShning ikkiyuzlamachiligi shu bilan tugamaydi. 2017 yil 18 dekabr kuni BMT xavfsizlik kengashining 15 a’zosidan 14 tasi Quddusning statusi o‘zgarishiga va uning Isroil poytaxti bo‘lishiga qarshi rezolyutsiya qabul qilinishi uchun ovoz beradi. Biroq AQSh bu rezolyutsiyaga veto qo‘yadi.

Keyin esa elchixonani Tel-Avivdan Quddusga ko‘chiradi va 2018 yil 14 may kuni uning ochilish marosimini o‘tkazadi.

Quddusda AQSh elchixonasining ochilish marosimi.
Foto: stock.adobe.com

O‘shandan buyon bir qancha davlatlar o‘zining Isroildagi elchixonasini Tel-Avivdan Quddusga ko‘chirdi. Agar ro‘yxatga e’tibor berilsa, ularning aksariyati Falastin mustaqilligini tan olmagan g‘arb davlatlari ekanini ko‘rish mumkin.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: