Messi va Maradona kashf etilgan turnir. Osiyo chempioni Argentinada tarixni yangilay oladimi?

Sport 13:10 / 20.05.2023 34243

Turnir tarixi va mezbonlik

Yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati 1977 yildan buyon FIFA tomonidan o‘tkazib kelinmoqda. O‘tgan davr davomida har ikki yilda futbolga o‘nlab yangi yulduzlarni taqdim etgan musobaqa bu safar tarixda ilk marta – 4 yilda birinchi bor o‘tkazilmoqda. So‘nggi marta Ukrainaning chempionligi bilan yakunlangan 2019 yil Polshada o‘tgan yoshlar mundialidan keyin 2021 yil Indoneziya musobaqaga mezbonlik qilishi e’lon qilingan edi. Ammo koronavirus pandemiyasi sababli turnir bekor qilingan va navbatdagi JCh-2023 ushbu mamlakatda o‘tishi belgilangandi. Oxir-oqibat o‘tkazilishi 4 yilga cho‘zilgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati 2023 yilning mart oyida Indoneziyadan tortib olindi. Bunga Isroilning mamlakatga kiritilishiga qarshi o‘tkazilgan ommaviy namoyishlar sabab bo‘ldi.

FIFA shoshilinch tarzda turnirga yangi mezbon izlashga tushdi va Argentina, Qatar hamda Peru musobaqa mezbonligi uchun ariza topshirdi. Turnir startidan bir oy avval JCh-2023 mezbonligi Argentinaga topshirilgani rasman e’lon qilindi. Shu tariqa, saralashdan JCh-2023ga yo‘llanma ololmagan Xaver Maskerano shogirdlari mezbonlik evaziga turnirda ishtirok etadigan bo‘ldi.

Argentina – ikkinchi mezbonlik va 6 karra g‘oliblik

Bu yilgi musobaqa bilan hisoblaganda Argentina – yoshlar o‘rtasidagi mundialga ikkinchi bor mezbonlik qilayotgan dastlabki mamlakatga aylandi. Kumushli o‘lkaning bu turnirga qiziqishi yuqori ekani bejizga emas. Argentina bungacha o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi 22ta jahon chempionatida 6 marta chempionlikni qo‘lga kiritib, bu borada ham rekordchi sanaladi.

Foto: Getty Images

Maradona va Messini kashf etgan musobaqa

Argentina U20 jamoasi turnirdagi ilk chempionlikni 1979 yil Yaponiyada o‘tgan musobaqada qo‘lga kiritgan. O‘shanda bu turnir futbol ommasiga Diyego Armando Maradonani tanitgan edi. 19 yoshli argentinalik forvard turnir finalida SSSR jamoasi darvozasini (3:1) ishg‘ol etib, Argentinani chempion qilgan va musobaqaning eng yaxshi o‘yinchisiga aylangandi. Shu tariqa, Maradona zamonasining tengsiz o‘yinchisi bo‘lish uchun qadam tashlagandi.

2005 yil Niderlandiya maydonlarida o‘tgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati esa futbol ommasiga yana bir bo‘lajak futbol qiroli – Lionel Messini tanitdi. Hali 18 yoshga to‘lmagan argentinalik kichik jussali forvard Argentina U20 jamoasining yaqqol yetakchisi sifatida mamlakatini finalga olib chiqdi va hal qiluvchi bahsda Nigeriya darvozasiga ikkita to‘p kiritib, jamoasiga chempionlikni (2:1) keltirdi. FIFA esa 6ta gol bilan turnirning eng yaxshi to‘purari bo‘lgan Messini musobaqaning eng yaxshi yosh o‘yinchisi deb topdi.

Foto: Getty Images

O‘zbekiston ishtiroki: Geynrixdan Shomurodovgacha

Argentinadagi JCh-2023 – O‘zbekiston yoshlar jamoasi uchun turnirdagi 5-ishtirok sanaladi. Vakillarimiz ilk marta Viktor Borisov murabbiyligi ostida 2003 yil Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tgan musobaqada ishtirok etgan. O‘shanda ham guruhda Argentinaga qarshi to‘p surgan jamoamiz Aleksandr Geynrixning 5-daqiqada hisobni ochishiga qaramay, 70-daqiqada Leandro Fernandes va 90+3-daqiqada Fernando Kavenagining Ignatiy Nesterov darvozasiga kiritgan goli natijasida mag‘lubiyatga uchragandi. Mali yoshlar jamoasiga 2:3 hisobida mag‘lub bo‘lingach, so‘nggi turda Andres Inestaning Nesterov darvozasiga yo‘llagan yagona goli Ispaniya yoshlariga O‘zbekiston ustidan g‘alaba keltirgan. Shu tariqa, vakillarimiz ilk ishtirokida guruhda so‘nggi o‘rinni egallagandi.

Foto: Getty Images

2009 yil Ahmad Ubaydullayev murabbiyligi ostida Misrdagi turnirda qatnashgan yoshlarimiz Gana (1:2), Urugvay (0:3) va Angliya (1:1) bilan bir guruhdan o‘rin olib, keyingi bosqichga chiqa olmagandi. Jamoamizning turnirdagi ikki goliga Sherzodbek Karimov va Ivan Nagayev mualliflik qilgan.

Foto: Getty Images

Tariximizdagi uchinchi «kichik mundial»ga Ahmadjon Musayev boshchiligidagi 1993-1994 yilgi avlod vakillari yo‘llanma olgan. Turkiyadagi turnirda Xorvatiya (1:1), Urugvay (0:4) va Yangi Zelandiya (3:0) bilan bir guruhdan o‘rin olgan vakillarimiz 4 ochko bilan 3-o‘rinni band etgan holda o‘z tarixida ilk marta pley-offga yo‘llanma olgandi. 1/8 finalda Gretsiyaga qarshi bahsda Abbosbek Maxstaliyev, Igor Sergeyev va Sardor Rahmonovning goli yoshlarimizga g‘alaba (3:1) keltirgan edi. Chorakfinalda esa O‘zbekiston turnirning bo‘lajak chempioni Pol Pogba yetakchiligidagi Fransiyaga mag‘lub (0:4) bo‘lib, turnirni tark etgan.

Foto: Getty Images

O‘zbekiston yoshlar jamoasi o‘z tarixidagi 4-mundialga ham Ravshan Haydarov murabbiyligida yo‘llanma olgan. Bundan 8 yil avval – 2015 yil Yangi Zelandiyada o‘tgan turnirda Haydarov shogirdlari tariximizdagi eng yaxshi natijani takrorlab, chorakfinalga qadar yetib boradi. Eldor Shomurodov, Dostonbek Hamdamov, Otabek Shukurov, Odil Hamrobekov, Rustam Ashurmatov singari nomlarni muxlislarga tanitgan musobaqaning guruh bosqichida Honduras (3:4), Germaniya (0:3) va Fiji (3:0) bilan o‘ynagan hamyurtlarimiz bir g‘alaba va to‘plar nisbatiga ko‘ra pley-offga yo‘llanma olgan. Nimchorakfinalda Hamdamovning dubli evaziga Avstriyani mag‘lub (2:0) etgan futbolchilarimiz bu safar Senegal to‘sig‘idan o‘ta olmay (0:1), turnirni tark etgan. Ravshan Haydarov o‘zi uchun ikkinchi jahon chempionatida natijani yaxshilashni maqsad qilgan. Har holda Osiyo chempionlaridan tarixni yangilashni kutishga haqlimiz.

Foto: Getty Images

Stadionlar

Argentina mezbonligidagi «kichik mundial» mamlakatning 4ta shahridagi 4 stadionda o‘tkaziladi. Turnirning final bahsi o‘tadigan asosiy stadion La-Plata shahrida joylashgan bo‘lib, futbol afsonasi Maradona sharafiga nomlangan «Estadio Unico Diego Armando Maradona» o‘yingohidir. Buenos-Ayres provinsiyasi markazidagi arena 53 ming tomoshabin sig‘imiga ega.

Sig‘imi bo‘yicha turnirdagi eng katta ikkinchi o‘yingoh Mendoza shahridagi «Estadio Malvinas Argentinas» stadioni sanaladi – 42 ming tomoshabin.

O‘zbekiston milliy jamoasining guruh bosqichidagi o‘yinlariga mezbonlik qiladigan stadion Santyago del Estero shahrida joylashgan bo‘lib, «Estadio Único Madre de Ciudades» arenasi 30 ming tomoshabinga mo‘ljallangan.

Turnirga mezbonlik qiluvchi 4-stadion San-Xuan shahrida joylashgan «Estadio San Juan del Bicentenario» o‘yingohi bo‘lib, o‘z bag‘riga 25 286 tomoshabinni sig‘diradi.

Taqvim va turnir formati

Yoshlar o‘rtasidagi JCh-2023 bahslarida 24 jamoa 6ta guruhga bo‘linib, sovrin uchun kurashni boshlaydi. Guruh bosqichida 1-2-o‘rinlarni egallagan 12ta jamoa va 3-o‘rinlar orasida eng yaxshi natija qayd etgan 4ta jamoa 1/8 finalga yo‘llanma oladi.

«A» guruhidan o‘rin olgan O‘zbekiston U20 jamoasi turnirning ochilish o‘yinida mezbon Argentinaga qarshi maydonga tushadi. O‘yin mahalliy vaqt bilan 20 may soat 18:00da, Toshkent vaqti bilan shanbadan yakshanbaga o‘tar kechasi soat 02:00da boshlanadi. Vaqtlar orasidagi farq 8 soatni tashkil etishi sababli, JCh-2023 bahslari O‘zbekistonda asosan tungi soatlarga to‘g‘ri keladi. 2-turdagi Yangi Zelandiyaga qarshi o‘yin 23 may soat 23:00da boshlansa, 3-turda O‘zbekiston – Gvatamela bahsi 27 may kuni soat 02:00da boshlanadi. To‘liq taqvim bilan quyidagi manzilda tanishing.

Translatsiya

Turnir boshlanishiga 3 kun qolganda «Kichik mundial» O‘zbekistonda ham TV-translatsiya qilinadigan bo‘ldi. UzReport TV Argentina maydonlarida bo‘lib o‘tadigan turnir translatsiya huquqini qo‘lga kiritganini rasman e’lon qildi.

«Millionlab o‘zbekistonlik futbol muxlislarining talab va istaklaridan kelib chiqqan holda hamda yosh futbolchilarimizni jahon maydonlarida qo‘llab-quvvatlash maqsadida «UzReport TV» telekanali 20 maydan 11 iyungacha Argentinada bo‘lib o‘tadigan U20 jahon chempionatini translatsiya qilish bo‘yicha eksklyuziv huquqini qo‘lga kiritdi», - deyiladi telekanal rasmiy saytida.

JCh-2023 o‘yinlarida Xayrulla Hamidov, Davron Fayziyev, Bobur Akmalov va yana bir qator sharhlovchilar ishlashi kutilmoqda.

Usmon Ibodov tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: