Maktabda yakuniy attestatsiyadan “qoniqarsiz” baho olgan bitiruvchilar sinfda qayta o‘qiydimi?

O‘zbekiston 14:29 / 20.05.2023 22288

Maktab bitiruvchilari uchun attestatsiyadan o‘tish majburiy hisoblanadi. Adliya vazirligiga ko‘ra, bunda ayrim istisnolar ham mavjud.

Xususan, fanlarni yaxshi o‘zlashtirayotgan bitiruvchilar yakuniy attestatsiyadan quyidagi hollarda ozod etiladi:

  •  bitiruvchi kasal bo‘lganda (kasalliklar ro‘yxati bu yerda qayd etilgan);
  •  xalqaro va respublika miqyosida o‘tkaziladigan fan olimpiadalarida, sport musobaqalarida, turli ko‘rik-tanlovlarda bitiruvchilarning ishtiroki bevosita yakuniy attestatsiya davriga to‘g‘ri kelsa.

Imtihonlar qaysi fanlardan bo‘lib o‘tadi?

Bitiruvchi sinflarda yakuniy attestatsiya o‘tkaziladigan fanlar ro‘yxati, shakli va muddatlari har o‘quv yilida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

Yakuniy attestatsiya maktab direktori tomonidan tasdiqlangan jadval asosida o‘tkaziladi. Mazkur jadval yakuniy attestatsiya boshlanishidan kamida 10 kun oldin ko‘rinadigan joyga osib qo‘yilishi belgilangan.

Uning tartibi qanday?

Jadvalni tuzishda o‘quv fanlari bo‘yicha o‘tkaziladigan yakuniy attestatsiya oralig‘i ikki kundan kam bo‘lmasligi kerak. Shuningdek, jismoniy tarbiya fanidan avval amaliy, keyin nazariy yakuniy attestatsiya o‘tkazilishi inobatga olinishi kerak.

Yakuniy attestatsiya uchun maktabda keng va yorug‘ xonalar ajratilishi, yozma yakuniy attestatsiya vaqtida bitiruvchilar partalarga bittadan o‘tqazilishi, barcha maktablarda yakuniy attestatsiya ertalab soat 8:00 dan boshlanishi lozim.

Og‘zaki yakuniy attestatsiyadan o‘tishda bitiruvchilarning soni 20 nafardan ortiq bo‘lsa, yakuniy attestatsiya ikki guruhda ketma-ket bir kunda o‘tkazilishi mumkin. Bitiruvchilarga yozma va og‘zaki yakuniy attestatsiyada foydalanish uchun maktab shtampi tushirilgan toza varaqlar beriladi.

Attestatsiyada kitobdan foydalanish mumkinmi?

Qayd etilishicha, ona tili va adabiyotdan bayon yoki insho yozishda bitiruvchilarga yozayotgan bayon yoki insholariga kiritiladigan parchalarni, ayrim matnlarni aniqlab olishlari uchun badiiy adabiyotlardan foydalanishlariga ruxsat etiladi. Mavzu mazmunini talqin etuvchi manbalardan foydalanishga ruxsat berilmaydi.

Boshqa fanlardan yakuniy attestatsiya o‘tkaziladigan paytida bitiruvchilar xarita, globus, turli jadvallar, chizmalar, mulyaj, gerbariylar, preparatlar, laboratoriya asbob-uskunalari va boshqa vositalardan foydalanishlari ham mumkin.

Imtihon vaqtida tanaffus beriladimi?

Yozma ishlarni bajarish paytida 5–10 daqiqaga sinfdan tashqariga chiqish mumkin. Bunday hollarda bitiruvchi yozma ishini yakuniy attestatsiya komissiyasi a’zolariga topshirib ketadi. Yakuniy attestatsiya komissiyasi a’zolari tomonidan esa yozma ishga bitiruvchining qancha muddatda sinfdan tashqarida bo‘lganligi belgilab qo‘yiladi.

Topshiriqlarni bajarish uchun qancha vaqt beriladi?

Ona tilidan bayon yozish uchun 3 soat, insho uchun esa 4 soat, matematikadan yozma ish uchun 3 soat, ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘yicha har bir test uchun 2 daqiqa, aniq fanlar bo‘yicha har bir test uchun 3 daqiqa vaqt beriladi.

Og‘zaki topshiriqlar uchun 15–20 daqiqa ajratilgan.

Bitiruvchiga qo‘shimcha savol berilishi mumkinmi?

Qo‘shimcha savollar biletda qo‘yilgan topshiriqlar doirasida berilishi mumkin. Ya’ni imtihon oluvchi bitiruvchining javobidan qoniqmasa yoki uni aniqlashtirib olmoqchi bo‘lsa, qo‘shimcha savol berishga haqliligi nazarda tutilmoqda. Yakuniy attestatsiya komissiyasi a’zolari bitiruvchining javoblarini diqqat bilan bo‘lmasdan tinglaydi.

Ikkinchi marta bilet olish mumkinmi?

Bilet savoliga javob bera olmagan bitiruvchiga yakuniy attestatsiya komissiyasi tomonidan ikkinchi marotaba bilet olishga ruxsat beriladi.

Bitiruvchi olgan ikkinchi biletga ham javob bera olmasa, unga yakuniy attestatsiyaning bahosi sifatida “qoniqarsiz” baho qo‘yiladi va uchinchi marotaba bilet olishga ruxsat berilmaydi.

Baholar qachon e’lon qilinadi?

Yozma ishlarning baholari navbatdagi attestatsiya bo‘ladigan kungacha e’lon qilinadi. Og‘zaki attestatsiyada natijalar shu sinfda attestatsiya tugashi bilanoq bitiruvchilarga ma’lum qilinadi. Bitiruvchiga yakuniy bahoni qo‘yishda uning avvalgi sinflarda olgan baholari ham inobatga olinadi.

Qayta topshirish bo‘ladimi?

Bir yoki ikki fandan o‘tkazilgan attestatsiyada qoniqarsiz baho olgan bitiruvchilarga oxirgi yakuniy attestatsiyadan keyin ikki hafta o‘tgach qoniqarsiz baho olgan fanidan qayta yakuniy attestatsiyadan o‘tish huquqi beriladi.

Yillik baho va yakuniy attestatsiya natijalariga ko‘ra, “qoniqarsiz” baho olgan bitiruvchilar shu sinfda qayta o‘qishga qoldiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: